Yirtqichlarga - lochinsimonlar bilan yapaloqqushlar turkumlarining ko`pgina turlari kiradi. Ular, asosan qushlar va sutemizuvchilar bilan oziqlanadi. Chumchuqsimonlar turkumiga kiruvchi qarqunoqlar ham yirtqichlik qilib hayot kechiradi, ya`ni ular hasharotlar bilan birga mayda qushlar va darrandalarni ham yeydi. Yirtqich qushlar orasida ilonlar bilan oziqlanadiganlari ham bor. Masalan: Afrikada yashaydigan mirzaqush ilon bilan oziqlanadi. Mirzaqushning oyoqlari uzun bo`lib, gavdasini ilonning chaqishidan saqlaydi. Bu qush oyoqlari bilan ilonni bosib - yanchib o`ldiradi. Yirtqichlar turkumidan arixo`r qarchig’ay pardaqanotli hasharotlar bilan oziqlanadi. Bu qushning boshini oldingi qismi qattiq tangachasimon patlar bilan qoplangan, ya`ni ari chaqishdan saqlaydi. Yirtqich qushlar tumshug’ining uchi qayrilib ilmoq hosil qilgan va kuchli changalli tirnoqlari bilan boshqa kushlar, sutemizuvchilar va sudralib yuruvchilarni tiriklayin tutib yeydi.
O`laksaxo`r qushlarning tipik vakillariga Amerika tasqaralari, eski dunyo tasqaralari va jo`rchilar kiradi. Afrikada yashaydigan jig’ildoni juda katta, hatto suyakni ham hazm qilib yuboradigan marabu ham shu guruhga kiradi. Ayrim burgutlar, quzg’unlar va bo`ronqushlarning maxsus moslamalari bo`lmasa ham ular shartli ravishda o`laksaxo`rlar guruhiga kiritiladi. Lekin ularning asosiy ozig’i o`laksalar emas. Bu guruhga kiruvchi qushlar tabiat sanitarlari hisoblanadi.
Baliqxo`r qushlarga - pingvinlar, gagaralar, qo`ng’irlar, saqoqushlar, qoravoylar, ko`pchilik baliqchilar, qarqaralar, g’ozsimonlarning ayrim turlari, yirtqichlardan skopa va suv burgutlari kiradi.
Hasharotxo`r qushlarga kurkunaklar, tentakqushlar, jarqaldirg’ochlar, qizilishtonlar, chumchuqsimonlardan ko`pchilik chumchuqlar, jiblajibonlar, moyqutlar, chittaklar kiradi. Yirtqichlardan arixo`r-qarchig’aylar va ayrim mayda baliqchilar ham hasharotlar bilan oziqlanadi. Bu guruhga kiruvchi qushlarning tumshuqlari ingichka, ba`zan uzun yoki kalta (havodan tutuvchilarda) bo`ladi.
Donxo`r qushlarga, avvalo chumchuqsimonlar turkumining ko`pgina turlari, ya`ni vyuroklar, to`qay chumchuqlari, boltatumshuqlar kiradi. Bu guruhga yana tovuqsimonlardan chil va bedanalar ham kiradi. Shuningdek, kaptarsimonlar turkumining ko`pchilik turlari, jumladan bizda uchraydigan barcha turlari urug’ va donlar bilan oziqlanadi. Bu qushlarning tumshuqlari konussimon bo`lib, donni maydalashga moslashgan. Donxo`r qushlar tuxumdan chiqqan jo`jalarini, asosan hasharotlar va ularning lichinkalari bilan boqadi.
Mevaxo`r qushlarga tropik o`rmonlarda tarqalgan to`tilar, tukanlar va ba`zi kaptarlar kiradi. Bularning tumshuqlari kuchli rivojlangan. Shuni ham ta`kidlash lozimki, ayrim qushlarni yuqoridagi guruhlarning biriga kiritish qiyin, chunki ular oraliq holatni egallaydi. Masalan: oq dumli suv burguti suv qirg’oqlarida baliq bilan oziqlansa, cho`lda quyon bilan, boshqa joylarda esa har xil o`laksalarni yeydi. Ko`pgina mayda chumchuqsimonlarda ham shunga o`xshash holatlar kuzatiladi, ya`ni donxo`rlari hasharotlar bilan ham oziqlanadi. Qizilqum tog’larida yashaydigan kakliklar yozda hasharotlar bilan oziqlanadi.
Chug’urchuqlar ham yozda hasharotlar bilan kuzda va qishda esa o`simlik va hayvon ozuqalari bilan oziqlanadi. Ba`zi qushlar esa oziq g’amlaydi. Masalan: qarqunoqlar daraxtlarning shoxlariga va tikanlariga yirik hasharotlarni, mayda qushlar va kemiruvchilarni o`ldirib sanchib qo`yadi. Qarag’ay qarg’a kedrning mevasini archib ichidagi mag’zini (yong’og’ini) tilining ostidagi tomoq xaltasiga yig’adi va ularni daraxt ildizlari ostiga, po`stloqlar yorig’iga yoki yerga ko`mib qo`yadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |