111-rasm. Kaltakesak terisining bo`yiga kesimi: 1-epidermis, 2-chin teri (korium),
3-shox qavat, 4-pigment hujayralari, 5-teri suyaklanmalari.
Teri organizmda suvning parchalanib ketishidan yaxshi himoya qiladi, ya`ni mexanik yallig’lanishdan va kasallik keltirib chiqaruvchi mikroblarning organizmga kirishidan saqlaydi. Quruq cho`l hududlarida yashaydigan sudralib yuruvchilar terisi orqali juda kam suv yo`qotadi. Timsohlarda esa 75% namlik, asosan terisi orqali yo`qoladi. Reptiliyalarning terisi nafas olishda va parchalanish mahsulotlarini ajratishda ishtirok etmaydi. Terida bezlar deyarli yo`q. Kaltakesaklar sonlarining ichki tomonida son teshiklari bo`lib, ulardan bahor oylarida ipsimon o`simtalar chiqadi. Oz miqdordagi ter bezlari, asosan yosh timsohlarda rivojlangan. Bu bezlar yelkasida, pastki jag’ida va kloaka atrofida joylashgan. Ilonlar va toshbaqalarning ham tumshug’i va kloakasida hidli sekret ishlab chiqaruvchi bezlari bor. Umuman, ter bezlari ayrim tur toshbaqalarda nisbatan yaxshi rivojlangan. Sudralib yuruvchilarning terisi tanaga zich yopishib turadi. Shox qavat tullash yo`li bilan almashinib turadi.
Skeleti. Sudralib yuruvchilarning skeleti suvda hamda quruqlikda yashovchilarnikiga nisbatan ancha takomillashgan. Progressiv xususiyatlariga suyak elementlarining yaxshi rivojlanganligi, oyoqlarining o`q skeletiga mustahkam birikishi ularning quruqlikda yashashga moslashganligi bilan bog’liq ekanligini aytib o`tish lozim. Sudralib yuruvchilar skeletidagi xarakterli xususiyatlardan yana biri ularda to`sh suyagi va qovurg’alarning rivojlanganligi tufayli ko`krak qafasining paydo bo`lganligidir (ilon va toshbaqalarda bo`lmaydi).
Umurtqa pog’onasi. Sudralib yuruvchilarning o`q skeleti yoki umurtqa pog’onasining qismlari suvda hamda quruqlikda yashovchilarnikiga nisbatan harakatchan va to`rtta bo`limga: bo`yin, ko`krak-bel, dumg’aza va dumga bo`linadi (112-rasm).
112-rasm. Kaltakesak skeleti tuzilishi: 1 - o`mrov suyagi, 2 - kurak suyagi, 3 - yelka suyagi, 4- bilak suyagi, 5 - tirsak suyagi, 6 - bilaguzuk, 7 - kaft suyaklari, 8 – barmoq falangalari,
9 - qovurg’alari, 10 - chanoq kamari, 11 - son suyagi, 12 - katta boldir suyagi, 13 - kichik
boldir suyagi, 14 - tovon suyagi, 15 - oyoq kaft suyaklari, 16 - dum umurtqalari.
Umurtqalar tanasining old tomoni botiq, orqa tomoni bo`rtib chiqqan, ya`ni protsel tipda bo`ladi. Tuban sudralib yuruvchilarda (agamalar, gekkonlar) esa umurtqalari tanasi amfitsel tipda bo`ladi. Umurtqalarning yuqori tomonidan ustki yoylar chiqadi, bu yoylar aniq ajralib turadigan qiltanoq ostist o`simta bilan tugaydi.
Ustki yoylar old qirrasidan bir juft qisqa oldingi bo`g’im o`simtasi, orqa qirrasidan esa bir juft keyingi bo`g’im o`simtasi chiqadi. Umurtqa pog’onasining yon tomonlarida, yuqori yoyning asosiga yaqin joyda qovurg’aning birikishi uchun kichik chuqurcha bor. Voyaga yetgan vakillari o`q skeletida xorda qoldig’i yo`q.
Do'stlaringiz bilan baham: |