Lichinka xordalilarning kelib chiqishi hozirgacha to`liq yoritib berilmagan. Shunga qaramasdan, ularning xordalilarga mansub ekanligini tasdiqlovchi bir qancha ma`lumotlar bor. Lichinka xordalilarning embrional rivojlanishi va filogeniyasini o`rganishda rus olimlari A.O.Kovalevskiy (1840-1901) va A.N.Severtsovlarning (1866-1936) xizmatlari katta. Bu olimlar qobiqlilarning ayrim vakillarini o`rganib, ularni (astsidiyalar) xuddi lantsetniklarga o`xshab taraqqiy etishini aniqlaganlar.
Lichinka xordalilarlarning erkin suzib yuruvchi lichinkalarida xordali hayvonlarga xos bo`lgan ko`plab belgilar, ya`ni nerv sistemasining nay shaklida bo`lishi, xorda va segmentlarga bo`lingan muskullarining borligi ro`y-rost ko`rinib turadi. Keyinchalik qobiqlilar bir joyda o`troq hayot kechirishga o`tganligi munosabati bilan gavdasi ancha soddalashgan, ya`ni nerv sistemasi, sezgi organlari, xordasi va muskullari asta-sekin yo`qolib borib regressiyaga uchragan. O`troq holga o`tishi munosabati bilan bu hayvonlarning boshqa organlari progressivlashgan, ya`ni qobig’i qalinlashib tez o`sgan, jabra apparati yaxshi rivojlangan, ko`payishida ular faqat jinsiy usulda ko`paymasdan, balki kurtaklanish yo`li bilan jinssiz usulda ham ko`payishiga o`tgan. Shunday qilib, yashash sharoiti va tashqi muhitning o`zgarishi bilan ular organizmining tuzilishida va funktsiyasida ham o`zgarishlar ketgan.
II.2. BOSHSKELETSIZLAR (ACRANIA) KENJA TIPI
Boshskeletsizlar kenja tipining umumiy tavsifi. Boshskeletsizlar kenja tipi vakillarining tashqi va ichki tuzilishi, ko`payishi, rivojlanishi, sistematikasi va kelib chiqishi.
B oshskeletsizlar haqiqiy dengiz hayvonlari bo`lib, ko`pchilik turlari suv tubida hayot kechiradi. Bu kenja tip vakillari butun hayoti davomida xordalilar tipining tuzilishi xususiyatlarini saqlab qoladi. Ana shu sababdan boshskeletsizlar xordalilarni kelib chiqishini tushuntirishda katta ahamiyatga ega.
Boshskeletsizlar kenja tipi 30-35 ga yaqin turdan iborat yagona Xordaboshlilar (Cephalochordata) sinfini o`z ichiga oladi. Boshskeletsizlar kenja tipining vakillaridan - lantsetniklar Atlantika, Tinch va Hind okeanlari hamda ular bilan bog’liq bo`lgan tropik va mo``tadil iqlimli dengizlarda, shu jumladan, Qora dengizda ham tarqalgan. Lantsetniklar odatda sohil yaqinida suv tubida hayot kechiradi.
Lantsetnikni birinchi marta P.S.Pallas 1774 yilda tasvirlab bergan. Lekin olim uni mollyuskalar tipiga kiritgan. Keyinchalik ayrim zoolog olimlar lantsetnikni baliqlarga kiritishgan. Faqat atoqli rus embriologi A.O.Kovalevskiy lantsetnikni haqiqiy xordali hayvon ekanligini va u lichinka xordalilar bilan umurtqalilar kenja tiplari o`rtasida turuvchi oraliq forma ekanligini ko`rsatib bergan.
X
Do'stlaringiz bilan baham: |