8-rasm. Suv va qum hammomlari
Qizdirish usullari.Kolbalarda, stakanlarda yoki chinni kosachalarda suyuqliklar qizdirilganda, ular ochiq alanganda emas, balki asbest to‘rlar ustiga qo‘yib qizdiriladi. Ishqoriy eritmalar qizdirilganda ularga chinni bo‘lakchalari yoki bir tomoni kavsharlangan kappilyar solish tavsiya qilinadi. Stakanlarda suyuqlik qizdirilganda, havodan tushishi mumkin bo‘lgan ifloslanishdan saqlanish uchun, ularni soat oynasi bilan yopish kerak. Eritmalar bug‘latilganida (kosacha, stakan va boshqalarda, bu vazifani suyuqlik ustida shtativga o‘rnatilgan keng voronka bajaradi (9-rasm). Probirkada cho‘kmasi bo‘lgan suyuqlik yoki eritma qizdirilganida, u yog‘ochdan yasalgan ushlagichga yoki shtativ qisqichiga salgina qiya qilib o‘rnatiladi (probirkaning og‘zi o‘zingizdan va boshqalardan chetga qaratilgan bo‘lsin). Gorelkaning past alangasida avval probirkaning butun qismi qizdiriladi (probirka ushlagich qizdirilmasin), keyin suyuqlikning yuqori qismi qaynaguncha qizdirilib, alanga pastga tushiriladi va butun suyuqlik qizdiriladi. Xuddi shu tartibda probirka ushlagich bilan birga alangadan olinib tez-tez chayqatib qizdirilishi mumkin. Probirkada quruq moddalar qizdirilganda uning og‘zi tubidan past qilib (nima uchun?) shtativ xalqasiga o‘rnatiladi. Avval asta-sekin probirkaning butun qismi, keyin quruq modda solingan qismi ko‘proq qizdiriladi.
9-rasm. Qizdirish usullari.
Filtrlash. Suyuqliklarni undagi qattiq moddalardan ajratish uchun filtrlash qo‘llaniladi. Laboratoriyada cho‘kmalarni eritmalardan ajratish uchun cho‘kmali suyuqlik maxsus filtr qog‘ozi orqali filtrlanadi. Buning uchun oddiy yoki burama filtr qog‘ozlaridan foydalaniladi.
Filtr qog‘ozidan tashqari filtrlovchi materiallar sifatida paxta, asbest tolasi, shisha paxtasi, maydalangan ko‘mir, g‘ovak shisha va boshqa turli materiallardan foydalaniladi. Filtrdan o‘tgan suyuqlikka filtrat deyiladi. Filtr tayyorlash uchun kvadrat shaklidagi bir varaq filtr qog‘oz (14-rasm) olinib, oldin u ikki bukiladi (a), so‘ngra to‘rt bukiladi (b). To‘rt bukilgan kvadratning burchagi qaychi bilan yoy bo‘ylab qiyiladi (v), qog‘ozning bir qavati qolgan uch qavatidan barmoq bilan ajratiladi va konus hosil qilinadi (g). Yasalgan filtr voronkaga jips yopishib turadigan qilib joylashtiriladi. Keyin u voronka devoriga yopishtirib distillangan suv bilan ho‘llaniladi (d). Ba‘zan filtrlash yuzasini oshirish uchun burama filtr (10-rasm) ishlatiladi (burama filtr yasash qoidasini o‘qituvchidan so‘rash kerak).
Do'stlaringiz bilan baham: |