Skeletning yoshga oid xususiyatlari va gigiyenasi
O’sish jarayonida kalla suyagining shakli o’zgaradi. Bola tug’ilganda suyaklari to’liq rivojlanmagan, o’rtasida biriktiruvchi parda bo’ladi. Ilk go’daklik davrida kalla suyagining miya qismi yuz qismiga nisbatan birmuncha katta hajmda bo’ladi. Yosh kattalashgan sari bu farq yo’qola boradi, choklar asta-sekin suyaklana boshlaydi.
Yangi tug’ilgan chaqaloqning boshchasida suyak bilan qoplanmagan liqildoqlar ko’rinadi, to’g’rirog’i ushlab ko’rilganda qo’lga seziladi. Peshona, ensa liqildoqlari va kalla suyagining yon tomon yuzalarida yana ikkitadan liqildoqlar bo’ladi. Eng kattasi peshona liqildog’i bo’lib, u peshona va tepa suyaklar orasida joylashgan. Bosh miyaning suyak bilan himoyalanmagan qismlari hatto arzimas darajada lat yeganda ham miya va miya pardasining xavfli shikastlanishiga sabab bo’lishi mumkin. Kalla suyagi liqildoqlari ikki yoshga kelib batamom bitib ketadi, choklari esa to’rt yoshga kelib bitib ketadi, kalla suyagi asosi va katta ensa teshigi yetti yoshga kelib katta yoshli odamdagi doimiy darajaga yetadi. Bolaning boshi umrining birinchi kunlaridan tortib, barcha yoshdagi davrlarda o’sib boradi. Bosh diametrining kattalashuvi asosan sekin boradi va yiliga taxminan 0,1 sm ni tashkil etadi. Biroq, jinsiy jihatdan yetilish davrida bosh birdan tez o’sa boshlaydi. Boshning shu tariqa tez o’sishi qizlarda 13— 14 yoshida, o’g’il bolalarda 13—15 yoshida ko’riladi. Bu davrda boshning o’sishi tezlashadi va yiliga 0,2 sm ga teng bo’lib qoladi.
Odam boshining balandligi bilan bo’yi o’rtasida muayyan nisbat bor. Bu nisbat chaqaloqlarda 1:4 ni, 2 yashar bolalarda 1:5 ni, 6—9 yashar bolalarda 1:6 ni, kattalarda esa 1:7 ni tashkil qiladi. Odamning yoshiga ta’rif berishda shu ma’lumotlardan bir ko’rsatkich sifatida foydalaniladi. 6 dan 8 yoshgacha va 13 dan 15 yoshgacha kalla suyagi yuz qismining jadal o’sishi qayd qilinadi, yuz qiyofasi shakllanadi, u keyinchalik deyarli o’zgarmaydi, kalla suyagining miya va yuz qismlari o’rtasidagi nisbat uzil - kesil qaror topadi.
Bolaning yoshiga darab, umurtqalarning o’sishi o’zgaradi. Maktabgacha yoshdagi bolalarda bel umurtqalari va umurtqa pog’onasida ko’krak qismining pastki tomoni tez o’sadi. Ko’krakning yuqori qismi va bo’yin umurtqalari nisbatan sekin rivojlanadi. Kichik yoshdagi maktab bolalarida (7—10 yosh) hamma qismlardagi umurtqalarning o’sishi bir tekisda bo’lib, sekin-asta kamayib boradi. 10—12 yoshda o’sish intensivligi ayniqsa bel umurtqasi va ko’krakning ostki qismlarida ortadi.
Qovurg’alarning suyaklanishi bola hayotining ikkinchi oyi oxirlaridan, ya’ni 6 va 7 qovurg’alarda birinchi suyaklanish nuqtalari paydo bo’lgandan keyin boshlanadi va 20 yoshgacha davom etib boradi. To’sh suyagining suyaklanishi 25 yoshga borib tugallanadi. Ko’krak safasining shakli yosh ulg’aygan sayin ma’lum o’zgarishlarga uchrab boradi. Hayotning dastlabki yillarida ko’krak safasi asosan konussimon shaklda bo’lib, asosan pastga qarab turadi. 7—8 yashar o’g’il bolalarda, qizlarda esa bundan ham ertaroq ko’krak qafasining ustki qismi kengayadi, u boshdan oyoq birmuncha kalta tortib, shaklini o’zgartiradi. Shunday qilib, bu yoshga kelganda katta yoshli odam ko’krak qafasiga xos belgilar ancha ma’lum bo’lib qoladi, 12—13 yashar bolalarda esa ko’krak qafasi o’z shakli jihatidan, kichikligini hisobga olmaganda, katta yoshli odamning ko’krak safasidan amalda farq qilmaydigan bo’ladi. Ko’krak kafasi odam voyaga yetgunicha o’sishda davom etib boradi. Jinsiy jihatdan voyaga yetish davrida u ayniqsa tez o’sadi. O’sish sur’atida muayyan mavsumiylik bor. Iyunning ikkinchi yarmidan noyabrning o’rtalarigacha, ya’ni yoz va kuz paytlarida ko’krak qafasi ayniqsa tez o’sadi.
Sport mashg’ulotlari, mehnat faoliyati ochiq havoda ko’p bo’lish ko’krak qafasining rivojlanishiga yaxshi ta’sir ko’rsatadi. Ko’krak qafasining yuqorida aytib o’tilganidek mavsumga qarab har xil o’sishi, aftidan, shunga boglig’ki, bolalar ayni yoz va kuz oylarida sport bilan ko’proq shug’ullanishadi va ko’pincha kam harakat qilib o’tkaziladigan qish va bahor oylaridagiga qaraganda, ochiq havoda ko’proq bo’lishadi.
Kichik yoshdagi maktab bolalarida to’sh suyagi butun bir suyakdan iborat emas. Bola tug’ilganda dasta tana bilan tog’ay orqali birikkan bo’ladi. Bola etti yoshga kirganda tog’ay suyak bilan almashinadi. Kichik yoshdagi maktab bolalarida (7—11 yosh) kattalarga nisbatan tog’ayning ko’p bo’lishi xarakterlidir. To’sh suyagi tanasining pastki bo’laklari bola 15—16 yoshga kirganda qo’shilib ketadi. Yuqori qismida joylashgan bo’laklar 21 yoshda, qilichsimon o’simta esa tanaga faqat 25 yoshda o’sib etib boradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |