Tayanch tushunchalar: O`sish, rivojlanish, geteroxroniya, akseleratsiya, hujayra, membrana, sitoplazma, yadro, vakuola, protoplast, ribosoma, mitoxondriy, Golji apparati, endoplazmatik to’r, nukleoplazma, xromosoma, amitoz, mitoz, meyoz, gametofit, sporofit, genotip, fenotip, Prenatal va postnatal davrlar, Kritik va sensitiv davrlar.
1.1 Fiziologiya va gigiena fanlarining o`zaro munosabatlari. Yoshga oid fiziologiya fanining predmeti va uslublari. Gigiena fanining predmeti.
Yosh fiziologiyasi va gigienasi fani talabalarga, bo’lajak muallimlarga rivojlanayotgan organizmning o’sish va rivojlanishi, bolalarning yosh xususiyatlari, uning tashqi muhit bilan o’zaro bog’likligi, bolalarda uchraydigan turli kasalliklar va ularni oldini olish yo’llarini o’rgatishda, bilimga ega qilishda katta ahamiyatga ega.
Fiziologiya biologiyaning bir tarmog’i bo’lib, organlar, organlar tizimining va organizm funksiyalarini hamda hayot jarayonlarini o’rganadi.
Yosh fiziologiyasi fani tibbiyot fanlari bo’lmish odam anatomiyasi va fiziologiyasi fanining bir tarmog’i bo’lib, yosh organizmning katta odam organizmidan tubdan farq qilishini ko`rsatadi. Demak, bola organizmi faqat katta odamning qolipi emas, balki xajmi, fiziologik xususiyatlari va tashqi muhitga moslanishi bilan farq qiladi.
Yosh fiziologiyasi fani turli yoshdagi bolalar va o’smirlarning organizmlarida kechadigan o`sish va rivojlanish jarayonlarini, organlari, tuzimalari va tizimlarini o`ziga xos yosh xususiyatlarini o’rganadi.
Gigiena yunoncha “Foydali” degan ma’noni anglatadi. Gigiena odamni o’rab to’rgan tashqi muhitni sog’lomlashtirish yillarini o’rganadi. Gigiena fani maktab gigienasi, komunal gigiena, ovqatlanish gigienasi, mehnat gigienasi va gigienaga oid boshqa fanlarni o’z ichiga oladi. Maktab gigienasi bolalar va o’smirlar organizmi bilan tashqi muhit o’rtasidagi qonuniyatlarni o’rganadi, ularni to’g’ri o’sib rivojlanishlari uchun zarur gigiena asoslarini ishlab chiqadi. Maktab gigienasining asosiy maqsadi bola aqliy mehnat qobiliyatining funksional imkoniyatlarini ortib borishi, turli sharoitga moslashishi, charchash va o’ta charchash, asab va boshqa turli kasalliklarni oldini olish uchun chora-tadbirlar ishlab chiqishdan iborat. Shuningdek, bolalar muassasalarining sanitariya-gigiena xolatini yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayonining gigienik asoslari, maktablarni to’g’ri qurish va obodanlashtirish va shunga o’xshash boshqa masalalar bilan shug’ullanadi. Sanitariya odam salomatligini ta’minlaydigan gigiena talablarini hayotga tatbiq etadi. Sanitariya so’zi gigienik ma’lumotlarni amaliyotga tatbiq qilish ma’nosini bildiradi. Gigiena fanida tibbiy eksperiment usuli asosiy usul bo’lib, u organizmga tashqi muhitning xar tomonlama ta’sirini o’rganadi. Tabiiy gigienik eksperiment usulida bola uchun tabiiy yashash sharoitida (dars soatlari, jismoniy mashqlar va boshqalar) organizm bilan tashqi muhit o’rtasidagi o’zaro bog’liqlik, tabiiy omillarning bola organizmiga ta’sirini kuzatib, shu yoshdagi bolalarga uning anatomo-fiziologik imkoniyatlariga qarab tegishli normalar belgilanadi.
Yosh fiziologiyasi va gigienasi bir qancha fanlar: tibbiyot, pedagogika psixologiya fanlari bilan chambarchas bog’langandir. Yosh fiziologiyasi bularning ilmiy-nazariy asosi hisoblanadi.
Tibbiyotning talaygina sohalari — pediatriya, bolalar xirurgiyasi, bolalar va o’smirlar gigienasi — yosh fiziologiyasi ma’lumotlaridan juda keng miqyosda foydalanadi. Shular asosida o’z fan sohalarini rivojlantirib boradi. Yosh fiziologiyasi va gigienasi pedagogika va uning barcha sohalari uchun ilmiy-tabiiy asosdir. Yosh psixologiyasi ham yosh fiziologiyasi ma’lumotlariga tayanadi, Pedagoglar ta’lim-tarbiya ishlarini yosh fiziologiyasi va gigienasi ma’lumotlariga asoslangan xolda olib borishlari muhim ahamiyatga ega. Pedagog bilib olishi shart bo’lgan birinchi narsa, bu bola tanasining tuqilishi va hayoti, bola tanasining anatomiyasi va fiziologiyasi va uning rivojlanishidir. Busiz yaxshi pedagog bo’lish, bolani to’g’ri tarbiyalash mumkin emas. Bolaning jismoniy va aqliy qobiliyatlarini, uni nimalarga qodir ekanligini bilmasdan turib, yoshga aloqador xususiyatlarini nazar — e’tiborga olmasdan turib ta’lim-tarbiya ishlarini to’g’ri yo’lga qo’yish mumkin emas. Bolalarni to’g’ri o’stirib tarbiyalash mamlakatni yuksaltirish va taraqqiy ettirish garovidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |