Oyoqlar skeleti
Oyoq skeleti chanoq suyaklari va oyoqdan iborat. Chanoq suyaklari ikkita nomsiz suyakdan va dumg’azadan hosil bo’lgan.
Nomsiz suyak: tos suyagi, kuymich suyagidan, qov suyagidan tashkil topgan.
Oyoq uch qismdan: son suyagidan, boldir suyagidan va panja suyaklaridan iborat.
Son skeleti son suyaklaridan iborat. Uning tanasi to’g’ri, silindrik shaklda. Son suyagining yuqorigi uchi kallak va bo’yinni hosil qiladi. Kallakning markazida son suyagini chanoq suyagi bilan birlashtiruvchi paylarning birikishi uchun o’yiq bor. Kallakdan pastroqda ikki dona dumboq bo’lib, bunga pay va muskullar birikadi.
Boldir skeleti ikkita suyakdan: katta boldir suyagi va kichik boldir suyagidan hosil bo’lgan. Katta boldir suyagi uch qirrali shakldadir. Uning yuqorigi uchida ikkita do’mboq va son suyagiga birikadigan yuza bo’ladi, pastki qismi esa yo’g’onlashgan bo’lib, oyoq panja suyaklari bilan birikishi uchun bo’g’im yuzasi bor. Kichik boldir suyagi to’rt qirralidir. Suyak moddasining yaxshi rivojlanganligi tufayli, bu suyaklar egiluvchan va mustahkam bo’ladi. Oyoq panjasi tovon usti suyaklari, tovon suyaklari va barmoq suyaklaridan iborat. Ettita tovon usti suyaklar i uch qator bo’lib joylashgan. Tovon barmoq suyaklari birikadigan beshta suyakdan iborat Suyaklarning bunday holatda joylanishi sababli, oyoq panjalari bola yoshlik chog’idanoq ikkita tayanchga ega bo’lgan gumbaz shaklini oladi: old tomonda tovon suyaklarining kallagi, orqada esa panja suyagi tayanch bo’lib xizmat qiladi. Gumbaz elastik ravishda cho’qilishi tufayli, yurish vaqtida yerga tekkanda ancha yumshaydi.
Bo’g’inlar
Suyaklar o’zaro nihoyatda chidamli ixcham konstruksiyalar shaklida birikadi. Birikish joyi bo’g’in deyiladi. Odam organizmida 230 ta bo’g’in bo’ladi. Ular skeletning harakat bo’ladigan hamma joyida mavjud: bukilish va yoqilish, uzoqlashish va yaqinlashish, burilish harakatlari va hokazo. Bunday birikish uzuq-uzuq yoki bo’g’inli birikish deyiladi. Xarakatsiz yoki uzluksiz birikmalar ham bo’ladi. Bosh suyaklari, umurtqalarning tanalari shunday birikkan. Bo’g’inlarning katta-kichikligi va shakli juda xilma-xil bo’ladi va birikadigan yuzalar bir-biriga mos keladi.
Har bir bo’g’inda birlashadigan suyaklarning bo’g’in yuzalari, bo’g’in tog’ayi, bo’g’in xaltachasi bo’ladi; bo’g’in xaltachasi suyaklar uchini va kapsula (xaltacha) ichidagi bo’g’in bo’shlig’ini o’rab turadi. Bo’g’in bo’shlig’ida ozroq maxsus suyuqlik bo’lib, u bo’g’in yuzalarini namlab, ular o’rtasidagi ishqalanishni kamaytiradi va shu tariqa ularning barvaqt eskirishining oldini oladi. U bo’g’in yuzalari o’rtasida tortish kuchini vujudga keltirib, bo’g’inlarni mustahkamlaydi, turli harakatlarda suyaklarga tushadigan turtkilarni yumshatadi. Tog’ayli to’qimaning oziqlanishida ishtirok etadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |