Kapilllyarlar va ularning funksiyalari. Yurak va tomirlar tizimining asosiy vazifasi qonni kapillyarlardan oqib o’tishi uchun me’yoriy bosimni ta’minlashdan iborat.
Kapillyarlar–qon tomir tizimining faoliy ahamiyati bo’yicha eng muhim qismi. Ularda qon va to’qimalararo suyuqlik o’rtasida modda almashinuvi sodir bo`ladi. Bunday almashinuv venulalarda ham kuzatiladi. Venulalar, arteriolalar, metarteriolalar (met– ‘rta) kapillyarlar orqali qon oqishini boshqarishda ishtirok etadi. Shuning uchun bu tomirlar umumiy faoliy birlik hisoblanadi. Arteriola, metarteriola, kapillyarlar va kichik venulalar mikrotsirkulyatsiya tomirlar havzasini tashkil qiladi. Kapillyarlar radiusi 4,5-3,0 mkm atrofida, uzunligi o’rtacha 750 mkm. Odam organizmida 40 milliardga yaqin kapillyar bo`lib, ular orqali modda almashadigan samarali yuza 1000 m2. 1mm3 to’qimada 600 ga yaqin kapillyar bor. 100 g to’qimaga to’g’ri keladigan kapillyarlar yuzasi 1,5 m2 ga yaqin.
Massa birligiga to’g’ri keladigan kapillyarlar soni to’qimalarning faolligiga bog’liq. Yurak muskulida kapillyarlarning soni skelet muskulidagidan 2 baravar ko’p. Miyaning kulrang moddasi oq moddasiga nisbatan kapillyarlarga boyroq. Ko’pincha chin kapillyarlar arteriolalarni to’g’ridan-to’g’ri venulalar bilan bog’larnaydi. Ular metarteiolalardan, asosiy kanaldan to’g’ri burchak hosil qilib boshlanadi. Metarteriola va asosiy kanalni tashkil qiluvchi tomirlar devoridagi silliq muskul tolalari ularning proksimal qismidan distal qismiga qarab kamaya boradi. Metarteriolalardan kapillyarlarning boshlanadigan qismida bu silliq muskul tolalari prekapillyar sfinkterlarni hosil qiladi Kapillyarlarning boshqa qismlarida qisqaruvchi unsurlar yo’q. ―Chin‖ kapillyarlar orqali oqib o’tadigan qon miqdori prekapillyar sfinkterlarning qisqarib, bo’shashiga bog’liq.
Mikrotsirkulyator tomirlar havzasida arteriovenoz anastomozlar ko’p uchraydi. Bu anastomozlar arteriolalarni venulalar bilan bevosita bog’laydi. Anastomozlarning devori silliq muskul tolalarga boy. Ularning soni qo’l, oyoq, quloq terisida ko’p. Tananing bu sohalaridagi anastomozlarning termoregulaytsiyada ahamiyati katta. Kapillyarlarda modda almashinuvi jarayonlari. Kapillyarlarning moddalar almashinuvida ishtirok etish darajasi ularning tuzilishiga bog’liq.
Devorining ultrastrukturasiga ko’ra kapillyarlar uch turga bo`linadi: 1) devori uzluksiz, butun kapillyarlar; 2) fenestratsiyalangan, devori romsimon teshikli kapillyarlar; 3) devorlari uzuq-yuluq kapillyarlar. Bu kapillyarlarni somatik, visseral va sinusoid turdagi kapillyarlar ham deyishadi. Birinchi turdagi kapillyarlarning devori jips joylashgan endoteliy hujayralardan iborat. Endoteliy hujayralarning membranasidagi teshiklar ham juda kichik. Bunday kapillyarlar devori orqali suv, elektrolitlar va kichik molekulali moddalar almashinadi. Organizmda juda ko’p tarqalgan bo`lib, u silliq va targ’il muskullarda, yog’da’ o’pkada ko’p uchraydi. Ikkinchi turdagi visseral kapillyarlar devorida diametri 0,1mkmli teshikchalar (fenestrlar) bor. Bu turdagi kapillyarlar so’rilish jarayoni jadal kechadigan a’zolarda, masalan, buyrakda va ichakning shilliq pardasida ko’p uchraydi. Uchinchi turdagi sinusoid kapillyarlar devori ko’p yerda uzilgan bo`lib, bu joylardan suyuqlik, molekulalari katta moddalar va qon hujayralari o’tishi mumkin. Bu turdagi kapillyarlar ko’mikda, jigar va taloqda uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |