O‘rta Osiyoda chalacho‘l va cho‘llarning o‘zlashtirilishi, tog‘ va tog‘oldi mintaqalarida tog‘-kon sanoatining rivojlanishi, buning oqibatida ekologik sharoitning o‘zgarishi hamda ovchilik xo‘jaligi ishlarida qat’iy tartibning bo‘lmaganligi natijasida hayvonot olamiga zarar yetdi. Ko‘p hayvonlar kamayib qoldi. Bu ahvol tabiatni, shu jumladan, hayvonot olamini muhofaza qilishni qat’iy talab qiladi.
Cho‘l o‘simliklari. O‘rta Osiyo hududining g‘arbiy qismi juda katta tekislikdan iborat bo‘lib, u yerda qumli, toshloq (giрsli), gilli cho‘llar tarqalgan. Ko‘p yerlarni, ayniqsa, pastroq gilli yerlarni sho‘ra o‘simliklar o‘sadigan sho‘rxoklar egallagan.
Qumli cho‘l o‘simliklari. O‘rta Osiyoda qumli cho‘llar Bo‘rsiq cho‘llari, Mo‘yinqum, Qoraqum, Sariqsuv va Balxashbo‘yi qumlari, Orolbo‘yi Qoraqumi, Unguzorti Qora- qumi hamda Qizilqumning katta maydonlarini egallaydi.
Qumli cho‘llarning katta qismida qumda o‘suvchi o‘simliklar: daraxtlardan oq saksovul (ba’zan bo‘yi 6-7 metrga yetadi), yirik juzg‘un ko‘p. Butalardan qum akatsiyasi, chala butalardan shuvoq, pechak va sho‘raklar juda ko‘p tarqalgan. Bu yerda o‘tlar orasida iloq, lola, boychechak, gulsapsar, boshoqlilardan qo‘ng‘irbosh, arpag‘on ko‘p.
Toshli, ya’ni giрsli cho‘llar kichikroq maydonni egallaydi. Ular Ustyurt, Qorsoqboy, Betbaqdala, Mang‘ishloq, Qoraqum, Qizilqumdagi qoldiq tepalik va past tog‘ etaklarida keng maydonlarni egallagan.
Тoshli cho‘llarda o‘simliklar siyrak bo‘lib, faqat shuvoq, chala buta shaklidagi sho‘raklar, tuyatovon, kermak, toshbaqatol, kavrak kabi o‘simliklar o‘sadi. Shuvoq ko‘p uchraydi.
Sho‘rxok cho‘l o‘simliklari. Sho‘rxok yerlarda, asosan, sho‘ralarning ba’zi turlari: bir yillik sho‘rak, qorabargo‘t, qizil sho‘ra, yer bag‘irlab o‘sadigan chala buta sarisazan, shuningdek, ajriq, qora saksovul, burgan o‘sadi.
Lyossli cho‘l yoki efemer cho‘l o‘simliklari. Efemer cho‘llar O‘rta Osiyoning qalin soz tuproq (lyoss) qatlamlari mavjud bo‘lgan sharqi va janubidagi tog‘ etaklaridagi tekisliklarda tarqalgan. Ular Mirzacho‘lda, Zarafshon vodiysida, Badxiz cho‘lida, Kopetdog‘ oldida, Murg‘ob — Amudaryo oralig‘ida, Тoshkent yaqinidagi Keles tekisligida, shuningdek, Qashqadaryo hamda Surxondaryoning tog‘oldi hududlaridagi qalin lyossli yerlarda uchraydi.
O‘rta Osiyoning efemer cho‘llarida rang va qo‘ng‘irbosh boshqa o‘simliklarga qaraganda ko‘p uchraydi. Bu yerda boychechaklar, ayiqtovon, arpag‘on, mortuq, chitir, lolalar va boshqa ba’zi o‘simliklar o‘sadi.
Тo‘qay o‘simliklari. O‘rta Osiyoning tekislik qismidagi daryo vodiylarida, ko‘llar bo‘yida to‘qay o‘simliklari ko‘p o‘sadi. Bu yerlarda namlik, issiqlik, yorug‘lik va oziqa moddalarning yetarli bo‘lishi o‘ziga xos tabiiy kompleks — to‘qaylarni vujudga keltirgan.
Тo‘qaylarda o‘simliklarning 3 turi: daraxt, buta va o‘t o‘simliklari o‘sadi. Daraxtlardan, asosan, turang‘il, tol va jiyda eng ko‘p tarqalgan. Butalar yulg‘un, jing‘il va oqtikandan iborat. Qayirlarning pastki qismidagi sernam yerlarda, asosan, qamish yoki qo‘g‘a, balandroq va quruqroq yerlarda yirik g‘allagulli o‘simliklar — savacho‘p, oqbosh, yantoq, qizilmiya va boshqa o‘t o‘simliklari o‘sadi. O‘rta Osiyoda tarqalgan tuproqlar hosil bo‘lishi va unumdorlik darajasiga qarab quyidagi turlarga bo‘lib o‘rganiladi: 1) cho‘l tuproqlari; 2) bo‘z tuproqlar; 3) tog‘-o‘rmon-dasht tuproqlari; 4) baland tog‘ tuproqlari.
Do'stlaringiz bilan baham: |