4-modda. Jamiyatning javobgarligi Jamiyat o‘z majburiyatlari yuzasidan o‘ziga tegishli barcha mol-mulk bilan javobgar bo‘ladi.
Aksiyadorlar jamiyatning majburiyatlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydi va uning faoliyati bilan bog‘liq zararlarning o‘rnini o‘zlariga tegishli aksiyalar qiymati doirasida qoplash tavakkalchiligini o‘z zimmasiga oladi.
Aksiyalarning haqini to‘liq to‘lamagan aksiyadorlar jamiyatning majburiyatlari yuzasidan o‘zlariga tegishli aksiyalar qiymatining to‘lanmagan qismi doirasida solidar javobgar bo‘ladi.
Jamiyat o‘z aksiyadorlarining majburiyatlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydi.
Agar jamiyatning bankrotligi jamiyat uchun majburiy bo‘lgan ko‘rsatmalar berish huquqiga ega bo‘lgan aksiyador sifatida ish yuritayotgan shaxsning g‘ayriqonuniy harakatlari tufayli yuzaga kelgan bo‘lsa, jamiyatning mol-mulki yetarli bo‘lmagan taqdirda, mazkur aksiyadorning zimmasiga jamiyatning majburiyatlari bo‘yicha subsidiar javobgarlik yuklatilishi mumkin. Aksiyador majburiy ko‘rsatmalar berish huquqiga jamiyat ustavida bu huquq nazarda tutilgan taqdirdagina ega bo‘ladi.
Jamiyat uchun majburiy ko‘rsatmalar berish huquqiga ega bo‘lgan aksiyador jamiyat muayyan harakatni amalga oshirishi oqibatida bankrot bo‘lishini oldindan bila turib, ushbu huquqidan jamiyat tomonidan shunday harakat amalga oshirilishi uchun foydalangan taqdirdagina jamiyatning bankrotligi aksiyadorning harakatlari tufayli yuzaga kelgan deb hisoblanadi.
Davlat va uning organlari jamiyatning majburiyatlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydi, xuddi shuningdek jamiyat ham davlat va uning organlarining majburiyatlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydi.
5-modda. Jamiyat tomonidan chiqarilayotgan aksiyalarga obuna o‘tkazish Oldingi tahrirga qarang. Jamiyat o‘zi chiqarayotgan aksiyalarga ularni ommaviy joylashtirish yo‘li bilan qonunchilik talablarini hisobga olgan holda ochiq obuna o‘tkazishga haqli.
(5-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Oldingi tahrirga qarang. Jamiyat o‘zi chiqarayotgan aksiyalarga ularni xususiy joylashtirish yo‘li bilan yopiq obuna o‘tkazishga haqli, yopiq obuna o‘tkazish imkoniyati qonunchilikda va jamiyat ustavida cheklab qo‘yilgan hollar bundan mustasno.
(5-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son) Aksiyadorlar o‘zlariga tegishli aksiyalarni boshqa aksiyadorlarning va jamiyatning roziligisiz o‘zga shaxsga berishga haqli, ushbu Qonunning 6-moddasida belgilangan hol bundan mustasno.