8-modda. Sho‘ba va tobe xo‘jalik jamiyatlari Jamiyat aksiyadorlik jamiyati yoki mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi sho‘ba va tobe xo‘jalik jamiyatlariga ega bo‘lishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang. Sho‘ba xo‘jalik jamiyati o‘z mulkida o‘z asosiy jamiyatining ovoz beruvchi aksiyalariga ega bo‘lishga haqli emas. Ushbu qismda belgilangan taqiq kuchga kirguniga qadar o‘z asosiy jamiyatining ovoz beruvchi aksiyalarini olgan sho‘ba xo‘jalik jamiyati asosiy jamiyat aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishida ovoz berishga haqli emas.
Tobe xo‘jalik jamiyati o‘z mulkida jamiyatning ovoz beruvchi aksiyalariga ega bo‘lishga haqli emas. Ushbu qismda belgilangan taqiq kuchga kirguniga qadar jamiyatning ovoz beruvchi aksiyalarini olgan tobe xo‘jalik jamiyati jamiyat aksiyadorlarining umumiy yig‘ilishida ovoz berishga haqli emas.
(8-modda O‘zbekiston Respublikasining 2018-yil 9-yanvardagi O‘RQ-459-sonli Qonuniga asosan ikkinchi va uchinchi qismlar bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 10.01.2018-y., 03/18/459/0536-son) Sho‘ba xo‘jalik jamiyati o‘zining asosiy jamiyati majburiyatlari yuzasidan javobgar bo‘lmaydi.
Sho‘ba xo‘jalik jamiyatiga majburiy ko‘rsatmalar berish huquqiga ega bo‘lgan asosiy jamiyat bunday ko‘rsatmalarni bajarish uchun sho‘ba xo‘jalik jamiyati tomonidan tuzilgan bitimlar yuzasidan sho‘ba xo‘jalik jamiyati bilan solidar javobgar bo‘ladi. Asosiy jamiyatning sho‘ba xo‘jalik jamiyatiga majburiy ko‘rsatmalar berish huquqi faqat sho‘ba xo‘jalik jamiyati bilan tuzilgan shartnomada yoki sho‘ba xo‘jalik jamiyatining ustavida nazarda tutilgan taqdirda asosiy jamiyat bunday huquqqa ega deb hisoblanadi.
Sho‘ba xo‘jalik jamiyati asosiy jamiyatning aybi bilan bankrot bo‘lgan taqdirda asosiy jamiyat sho‘ba xo‘jalik jamiyatining majburiyatlari yuzasidan subsidiar javobgar bo‘ladi.
Asosiy jamiyat sho‘ba xo‘jalik jamiyati tomonidan muayyan harakatlar amalga oshirilishi oqibatida uning bankrot bo‘lib qolishini oldindan bila turib, shunday harakatlarni amalga oshirishi uchun sho‘ba xo‘jalik jamiyatiga majburiy ko‘rsatma bergan va (yoki) sho‘ba xo‘jalik jamiyatining imkoniyatidan foydalangan hollardagina sho‘ba xo‘jalik jamiyatining bankrotligi asosiy jamiyatning aybi bilan yuz bergan deb hisoblanadi.
Sho‘ba xo‘jalik jamiyatining aksiyadorlari (ishtirokchilari) asosiy jamiyatdan uning aybi bilan sho‘ba xo‘jalik jamiyatiga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishini talab qilishga haqli. Asosiy jamiyat sho‘ba xo‘jalik jamiyati tomonidan muayyan harakatlar amalga oshirilishi oqibatida uning zarar ko‘rishini oldindan bila turib, o‘z huquqlari va (yoki) imkoniyatidan sho‘ba xo‘jalik jamiyatining shunday harakatlarni amalga oshirishi maqsadida foydalangan holdagina zarar asosiy jamiyatning aybi bilan yetkazilgan deb hisoblanadi.
Agar boshqa ishtirok etuvchi jamiyat xo‘jalik jamiyatining ovoz beruvchi aksiyalarining (ulushlarining) yigirma foizidan ortig‘iga ega bo‘lsa, xo‘jalik jamiyati tobe deb e’tirof etiladi.