2-modda. Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik
Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Bank, investitsiya va sug‘urta faoliyati sohalarida, shuningdek davlat tashkilotlarini xususiylashtirishda aksiyadorlik jamiyatlarini tashkil etishning va ular huquqiy holatining o‘ziga xos xususiyatlari qonunchilik bilan belgilanadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-modda O‘zbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Aksiyadorlik jamiyatining huquqiy holati
Ustav fondi (ustav kapitali) aksiyadorlarning aksiyadorlik jamiyatiga nisbatan huquqlarini tasdiqlovchi muayyan miqdordagi aksiyalarga taqsimlangan tijorat tashkiloti aksiyadorlik jamiyati (bundan buyon matnda jamiyat deb yuritiladi) deb e’tirof etiladi.
Jamiyat yuridik shaxs bo‘lib, u o‘z mustaqil balansida hisobga olinadigan alohida mol-mulkka, shu jumladan o‘zining ustav fondiga (ustav kapitaliga) berilgan mol-mulkka ega bo‘ladi, o‘z nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarni olishi hamda amalga oshirishi, zimmasiga majburiyatlar olishi, sudda da’vogar va javobgar bo‘lishi mumkin.
Jamiyat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan paytdan e’tiboran yuridik shaxs maqomiga ega bo‘ladi. Jamiyat, agar uning ustavida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, cheklanmagan muddatga tuziladi.
Jamiyat O‘zbekiston Respublikasi hududida va undan tashqarida bank hisobvaraqlari ochishga haqlidir.
Jamiyat o‘zining tashkiliy-huquqiy shakli ko‘rsatilgan to‘liq firma nomiga ega bo‘ladi va qisqartirilgan firma nomiga ega bo‘lishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Jamiyat o‘zining firma nomi davlat tilida to‘liq yozilgan hamda joylashgan eri ko‘rsatilgan yumaloq muhrga ega bo‘lishga haqli. Muhrda bir vaqtning o‘zida firmaning nomi boshqa istalgan tilda ham ko‘rsatilishi mumkin.
(3-moddaning oltinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi O‘RQ-531-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)
Jamiyat o‘zining nomi yozilgan shtamp va blankalarga, o‘z timsoliga, shuningdek belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan tovar belgisiga hamda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlarning, ishlarning va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi boshqa vositalarga ega bo‘lishga haqli.
Jamiyatning joylashgan eri, agar jamiyat ustavida boshqacha qoida belgilanmagan bo‘lsa, u davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan joyga ko‘ra belgilanadi.
Jamiyat u bilan aloqa amalga oshiriladigan pochta manziliga va elektron pochta manziliga ega bo‘lishi lozim. Jamiyat o‘zining joylashgan eri (pochta manzili) va elektron pochta manzili o‘zgarganligi to‘g‘risida yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organlarni (bundan buyon matnda ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organ deb yuritiladi) yozma bildirish yuborish yo‘li bilan, aksiyadorlarni esa, ommaviy axborot vositalarida e’lon berish yo‘li bilan xabardor etishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: |