Yodda tuting Din - ulamolarning fikricha, Alloh (xudo) tomonidan o 'z payg 'ambarlari orqali joriy etiladigan ilohiy qonunlar. Ikkinchidan, arab jamiyatida hukm surayotgan johiliya davri adolatsizliklariga barham berish zarurati.
Yuqorida qayd etilgan omillar aks-sadosi sifatida VII asrda yangi din - islom dini vujudga keldi.
Islom dinining asosi. Islom dinining asosini besh rukn (arkon) tashkil etadi. Bular: 1) kalimai shahodat; 2) namoz o`qish; 3) ro`za tutish; 4) zakot berish; 5) haj qilish.
Kalimai shahodat Allohdan o`zga xudo yo`qligi, Muhammad (s.a.v.) uning bandasi va payg`ambari ekanligiga shohidlik berishdir.
Namoz Allohga shukronalik ramzi sifatida kuniga besh mahal qilinadigan ibodatdir.
Ro`za musulmonlarning ramazon oyida erta sahardan to quyosh botgunga qadar niyat birla yemoq va ichmoqlikdan tiyilmoqliklaridir.
Ro`za insonlarni moddiy va ma'naviy jihatdan sabr-toqatga, irodasini mustahkamlashga o`rgatadi.
Zakot boy-badavlat musulmonlarning o`z boyliklaridan kambag`al, beva-bechoralarga berilishi lozim bo`lgan ehson.
Haj Makka shahridagi muqaddas Ka'ba masjidini ziyorat qilishdir. Ka'ba (Baytulloh) Allohning uyi deb ham hisoblanadi.
Muhammad (s.a.v.)ning payg`ambarlik faoliyati.Islom dinining muqaddas kitobi „Qur'on" (lug`aviy ma'nosi „qiroat", „o`qish") deb ataladi. Qur'ondagi so`zlar Allohning so`zlari, u Alloh tomonidan Muhammad (s.a.v.)ga vahiy qilingan deb tushuniladi.
Yodda tuting Vahiy-Islom aqidasiga ko’ra, Allohning farishtalar orqali payg’ambarlarga yuborgan buyruq yoki ko’rsatmalari. Diniy kitoblarda ta'kidlanishicha, Alloh Muhammad (s.a.v.)ni payg`ambar etib tanlagach, unga 610- yildan boshlab vahiy kela boshlagan. Vahiy kela boshlagan birinchi kun islom tarixida „Laylat ul-qadr" (Qadr kechasi) deb ataladi. Vahiy kelishi 23 yil davom etgan.
Muhammad (s.a.v.) yangi dinni juda katta qiyinchiliklar bilan targ`ib etganlar. Chunki ko`p xudolikka o`rganib qolgan arab qabilalari yangi dinni qabul qilishni istamas edilar. Ular hatto Muhammad (s.a.v.)ni o`ldirmoqchi ham bo`lganlar. Natijada Muhammad (s.a.v.) Makka shahridan Madina shahriga ko`chib o`tishga majbur bo`lganlar. Madinada ham islom dinini targ`ib etganlar.
U yerda musulmonlar jamoasi - Ummani tuzadilar. Umma qisqa vaqt ichida kichik, lekin kuchli davlatga aylanadi. Diniy, ma'muriy va harbiy hokimiyat Muhammad (s.a.v.) qo`lida to`planadi.
630-yilda Makka shahri ham bo`ysundirilgan. Makka zodagonlari Muhammad (s.a.v.) hokimiyatini tan olishgan va uning yordamchilariga, islom esa hukmron dinga aylangan. Shu tariqa arab qabilalarini yagona qudratli davlatga birlashtirish hamda islomni yagona dinga aylantirishdek tarixiy maqsad ro`yobga chiqariladi. Muhammad (s.a.v.) 632- yilning 27- may kuni Madina shahrida vafot etganlar.