Kirish Mavzuning dolzarbligi


I . Jadidchilik: islohot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash



Download 95,53 Kb.
bet5/11
Sana17.01.2022
Hajmi95,53 Kb.
#383572
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11
Bog'liq
8-mavzu ko'liq

I . Jadidchilik: islohot, yangilanish, mustaqillik va taraqqiyot uchun kurash

1.1. Turkistonda jadidchilik harakatining maqsad va mohiyati

Mustaqillik elga, yurtga o’zligini, imon-u e’tiqodini qaytarib berdi. Vatan mustaqillik tufayli o’z taqdirini o’z qo’liga oldi. Adolatning qon tanachalariga hayot yugurdi.

Istibdod mafkurasi, zanjirband siyosat tufayli atayin buzib ko’rsatilgan ona tarix saxifalarini xolis, xalol, birlamchi ma’nolarida o’rganish, yoritish va tartib etish imkoniyatiga ega bo’ldik.

Turkistonda mustamlakachilikka qarshi milliy-ozodlik harakatlari bilan bir qatorda mahalliy aholining aksariyat qismi o’zlikni saqlab qolish, milliy madaniyatni asrash va rivojlantirishni bir kun bo’lsa ham unutmadi. O’rta Osiyoga nisbatan Rossiya imperiyasining harbiy jihatdan ustunligi mahalliy aholinining ochiqdan-ochiq kurash olib borishiga imkon bermadi. Shuning uchun ham Vatan, millat, xalq qayg’usini tushungan kishilar, ayniqsa, ziyolilar xalqni ozodlikka eltuvchi yo’l bu – xalqni ma’rifatli qilish deb bildi. Ular xalqni ma’rifatli qilmasdan turib, mustaqillikni qo’lga kiritib bo’lmaydi, deb hisoblaganlar. Ziyolilar xalq orasida ilg’or g’oyalarni tarqatishda maorif tizimini asosiy vosita deb bildilar. O’lka milliy ziyolilarining jamiyatni yangilashga va isloh qilishga qaratilgan harakati jadidchilik nomi bilan maydonga chiqdi.

”XIX asr oxiri – XX asr boshlarida turkistonliklar tilida ”jadid”, ”usuli jadid” degan so’z va ibora aylan qoldi. Ziyolilar orasida qo’llanilib yurlgan bu so’z va ibora borgan sari oddiyroq odamlarning ham tiliga ko’cha boshladi. Keyinroq esa bu hodisa butun jamiyat hayotida o’zgarishlar yasay boshlagach, ”jadid”, ”usuli jadid”, ”ziyoli”, ”taraqqiy” kabi so’zlar ommalashib ketdi. Hatto bu so’zni ”kofir” ma’nosiga nisbat berdilar. Ayrim namoyondalarini (masalan, Ismoil Obidiyni to’g’ridan-to’g’ri ”taraqqiy” yo ”jadid” deb atay boshladilar)”.8 ”Qrimning Boqchasaroyida ”Tarjumon” nomli gazeta chiqarib, butun Rossiya chor ma’murlarini tashvishga solib qo’ygan Ismoil G’aspirali ”usuli jadid” tushunchasi va u bilan bog’liq butun bir jarayonning vallomati edi”.9 Bu tushunchani Ismoilbekning o’zi shunday ta’riflaydilar: ”...ota-bobom kunlaridan qolmish milliy isloh etmak usuli jadid demakdir, boshqa bir o’quv, boshqa bir maktab demak dagildir”.10

1927-yilda Toshkent va Samarqandda o’tkazilgan maorif va madaniyat xodimlari qurultoylarida sovet hukumati rahbarlari jadidlarning intilishlariga siyosiy baho berib: ”Vatan uchun kurash milliy boylar uchun kurashamiz, deyishdir. Vatan so’zi – boylar so’zi. Millatchilik uchun kurash boylar hokimiyatini quramiz, deyishdir. Bizning madaniyatimiz mana shu qiliqlardan toza bo’lishi kerak”.11

Sho’rolar hududidagi ishlarda jadidchilik haqida bir vaqtlar xiyol ijobiy fikrlar aytish ko’zga tashlansa-da, keyin, bora-bora u sho’ro tuzumiga qarshi aksilinqilobchi g’oyaviy harakat, millatchiliq turkchiliq islomchilik va hokazolar tarzida faqat salbiy baholab kelindi. G’arbda bu muammo xususida fikr yuritilganda esa, asosan, ilmiylik va tarixiylikka tayanish sezilsa-da, aksar xollarda, yetakchi maqsad sho’rolarning milliy siyosatiga qarshi kurash va uni fosh etish ekani sezilib turadi. Lekin bundan qatiy nazar, 90-yillargacha kelgan 50-60 yil ichida jadidchilik haqida to’g’ri gapni aytganlar asosan g’arb olimlari bo’ldi. Bu masalani o’zimizda o’rganishsa 60-80-yillarda birmuncha siljishdek ko’ringan jadidlarni o’ng va so’llarga ajratib baholash esa, aslida, mohiyat e’tibori bilan jadidchilikning sho’ro tuzumini yoqlash va uni mustahkamlash yo’liga o’tgan vakillarini oqlash tadorigi-mustahkamlash yo’liga o’tgan vakillarini oqlash tadorigidagi ustamonlikdan boshqa narsa emas edi.

Jadidchilik davlat, tuzum, boshqaruvni isloh etish, va millatni rivojlantirish orqali, umuman, jamiyatni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqishni maqsad qilib qo’ygan g’oyalar va aniq amaliy tadbirlarni o’zida mujassamlashtirgan tizim ekani barchaga ayon. Shunday ekan, bu tizim jahon sivilizatsiyasida nihoyatda katta rol o’ynagan Turkistondek ulkan tarixiy bir o’lkada, ko’p asrlar davom etib kelgan hayotning sharqona tarzini saqlagan holda, uni G’arb va Yevropa taraqqiyoti natijalari bilan boyitishni ko’zlaganini hamda XX asr tongidan yangicha yashamoqni vujudga keltirish usullarini izlaganini, istibdod sharoitida o’z taqdirini o’zi belgilash yo’lida kurashga kirishganini ko’rsatuvchi sertarmoq va murakkab jarayonlarni o’zida istifoda etdi. Bu jarayonlarni o’rganish, tadqiq etish esa oson ish emas.

Ismoil. G’aspirali yozadi: ”Ongni tilshunoslik emas, balki ilmiy asosdagi tarbiya rivojlantiradi. Isloh etishimizning mohiyati, bizningcha, madrasalar ta’limga tatar (turk) tilidagi elementar, boshlang’ich ilmlar (qisqacha jug’rofiya, tari, tabiiy fanlar, arifmetika, pedagogika va rus qonunchiligi asoslari) kiritilishidir.12

Har bir jamiyatdagi o’zgarishlar o’z davrining tarixiy sharoitidan kelib chiqib namoyon bo’ladi. Bu o’zgarishlarda tarixiy shaxslar, ayniqsa, ziyollarning o’rni katta bo’lib, ularning har biri o’ziga xos ilg’or g’oyalarni ilgari suradi. Ziyolilar jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilish yo’llarini topishga harakat qiladi. Xuddi shunday jarayon XIX asrning ikkinchi yarmida Rossiya imperiyasi tarkibiga kirgan Qrim, Kavkazorti, Turkiston, protektoratga aylantirligan Buxoro amirligi va Xiva xonligida ziyolilar o’z xalqlarini ma’rifatli qilish va ularning taraqqiyot darajasini ko’tarishga qaratilgan harakatlarni boshladilar.

”Turkiston jadidlarida G’arb va Yevropa falsafasi, ayniqsa, fransuz ma’rifatparvarlaridan o’rganilgan joylar ko’p. Buni alohida ta’kidlash zarur. Bu, dunyo va insoniyat yaxlitligiga yana bir dalildir. Zero, bir vaqtlar o’z taraqqiyotiga Sharqdan kuchli turtkilar olgan G’arb va Yevropa muayyan yuksalish bosqichida turib, ijobiy samaralarini Sharqning o’ziga yana qaytarib berdi. Lekin, ayni vaqtda, jadidchilik harakatidagi barcha ilg’or nuqtalarni, faqat G’arbga, Yevropaga bog’lab qo’yish o’rinli bo’lmas. Jadidchilik harakati va g’oyalarining asosini Turkistonning o’zida vujudga kelgan tarixiy, ijtimoiy-siyosiy vaziyat va sharoitlardan izlamoq to’g’riroqdir. Birgina misol: taraqqiy etgan G’arb va Yevropa mamlakatlari o’zga, bosqichni mamlakat asoratida emas edilar. Turkiston esa, Sho’ro to’ntaruviga qadar ham, undan keyin ham ana shunday istibdod ostida edi. Binobarin, jadidlarning bosh g’oyalari ham ana shu – istibdoddan qutilish va mustaqillikni qo’lga kiritish maqsadi bilan bog’lanib ketadi. To’plamda bu masalaga alohida e’tibor berishga harakat qilingan. Jadidlarning ulkan arboblari, adiblari o’z ijodida, qarashlarida ba’zan G’arbga, Yevropaga keskin salbiy munosabat bildirishlariga ham tarixan yondashmoq kerak bo’ladi. Masalan, shunday munosabat, ayniqsa, Fitrat ijodi va qarashlarida mo’l uchraydi. Buni salbiy ma’nodagi millatchilikka yo’ymaslik kerak. Zotan, XX asr boshlarida qator Sharq mamlakatlari taraqqiy etgan Yevropa mamlakatlarining istibdodida bo’lib kelganini bilgan kishi Fitratni to’g’ri tushuna oladi”.13

XX asr tongida Turkistonda inqilobiy harakat faol tus olgan edi, degan fikrlarga ham tanqidiy qarash kerak bo’ladi. Chunki, Turkistonda sho’ro mafkurasi tiqishtirib kelgan ma’nodagi marksistik to’garag-u, RSDRPlar ilgari surgan mazmundagi programma-minimum, programma-maksimumga ega inqilobiy harakat bo’lgan emas. Agar bo’lsa, bu o’lkaga Rossiyadan qochib yo ko’chib kelganlar orasida ma’lum darajada bo’lgan. Yerli xalq vakillari orasida esa, ommaviy tusda bo’lmagan. Turkistonda bu davrda muayyan yo’nalishdagi inqilobiy tusdagi harakat mavjud edi, deyiladigan bo’lsa, ilg’or vakillarida jadidchilik g’oyalarini o’ziga singdirgan milliy ozodlik va taraqqiyparvarlik yuzisidagi inqilobiy harakat haqida gap bo’lishi mumkin

Turkiston xalqining boy ijtimoiy – falsafiy, diniy-axloqiy, madaniy taraqqiyotida XIX asrning birinchi choragidagi davr o’zining nihoyatda sermazmun va inqilobiy suronliligi, g’oyaviy-nazariy va mafkuraviy harakat shakllarining xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Bu holat ijtimoiy taraqqiyotning o’ziga xos yo’nalishi edi. Turkiston XIX asrning ikkinchi yarmida Rossiya tomonidan bosib olindi va mustamlakaga aylantirildi.

Jadidchilikning asosiy g’oya va maqsadlari Turkistonni o’rta asrchilik, feodal qoloqlik xurofotlardan ozod qilish, ”Usuli qadim”ni inkor etgan holda o’lkani, xalqni, millatni zamonaviy mutaraqqiy yo’lga olib chiqish, milliy davlat bunyod etish, konstitutsion, parlament va prezident idora usulidagi ozod va farovon jamiyat ko’rish, turkiy tillarga davlat tili makomini berish, milliy pul birligi, milliy qo’shin tuzish rus taraqqiyparvarlari, ma‘rifatchilarining Turkiston o’lkasida ma‘rifatparvarlik g’oyalarini tarqatish uchun imkoniyatlar yaratish edi. Demak, Turkistonda jadidchilik harakatining vujudga kelishi asta-sekin bo’lsada milliy ozodlik mafkurasiga asoslanib bordi. Bu jarayon o’lkadagi maxalliy xalqning ongiga o’z ta‘sirini o’tkaza boshladi. Natijada ular Turkistonda mustaqilliq milliy taraqqiyot uchun, xalqning manfaatlari uchun kurash olib borishga milliy – ozodlik harakati uchun zamin tayyorlashga muvaffak bo’ldilar. Yerli xalqlar orasida mustamlakachilikka qarshi ma‘rifatchilik g’oyalari tarqala boshladi, yangi ta‘lim-tarbiya shaxobchalari, yangi maktab, maorif, madaniy targibot, jadidchilik harakati rivoj topdi. Mana shunday sharoitda Turkistonda ko’plab ma‘rifatchilar yetishib chiqdi.

Turkistonda jadidchilik harakati uch soha orqali faoliyat ko’rsatdi. Bular – maorif (yangicha maktablar ochish, ta‘lim usulini yangilash), san‘at (badiiy adabiyot, teatr) va matbuot.

“Asosiy maqsad millatni, bir tomondan, ilm-ma‘rifatli qilish bo’lsa, ikkinchi tomondan uning axloqiy darajasini yuksaltirish va ana shu ikki jihatning uyg’unlashuvi natijasida, o’zligini, o’z qadrini anglagan bilimli shaxsni voyaga yetkazish edi”.14 Turkiston jadidchilari tomonidan ana shu maqsadni amalga oshirish yo’lida katta ishlar qilindi.

Turkistonda jadidchilik harakatining yuzaga kelishida tarixiy sharoit bilan birga, XIX asrning so’nggi choragida uyg’ongan ma‘rifatchilik ma‘rifatparvarlik qarashlarining ta‘siri katta bo’ldi.

XIX asr oxiri va XX asr boshlaridagi Turkistonning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotiga e’tibor bersaq marifatparvarlik mafkurasi demokratik va milliy-vatanparvarlik harakatlarining g’oyaviy mazmunini tashkil etganligini ko’ramiz. Mamlakatimizda marifatparvarlik g’oyasining kelib chiqishiga asosiy sabab, birinchidan, rus istilochilik siyosatining chuqurlashib borishi natijasida paydo bo’lgan milliy ozodlik harakatlari, ikkinchidan, g’arbdan kirib kelayotgan demokratik harakatlarning istilochilar tomonidan bo’gib qo’yilishi, uchinchidan, millatparvar - fidoiy kishilarning qattiq takib ostiga olinganligi va xatto ularning qatl etila boshlaganligi edi.

Jadidchilik harakati vakillari o’zlarining ma‘rifatparvarlik mafkurasiga bir tomondan o’sha davr uchun dolzarb bo’lgan demokratik g’oyalarni: ilm o’rganish, fan va texnika yutuqlaridan baxramand bo’lish, ilmiy-tabiiy fanlarni rivojlantirish, so’z va fikr erkinligini joriy qilish, demokratik davlat q’urilishiga asoslangan milliy davlatchilikni vujudga keltirish, milliy g’oyalar qatlamini shakllantirish, adabiyot va san‘atning zamonaviy janrlarini rivojlantirish, ikkinchi tomondan mustamlakachilik siyosati ta‘siri ostida o’z milliy qiyofasini yo’qotayotgan turkiy til va milliy qadriyatlarni tiklash, milliy ma‘naviy-axlokiy takomillarni yanada kuchaytirish, milliy o’zligini anglash, milliy ong, milliy tafakkurni va diniy e’tiqodlarni mustaxkamlash kabi g’oyalarni asos qilib oladilar. Albatta bu vazifalarni amalga oshirishda an‘anaviy islom dini, shariat asoslari va xadislar ham o’z ta‘sir kuchini saqlab turgan ta‘limotga suyanadilar.

Jadidchilar o’zlarining ilg’or g’oyalarini Xalq o’rtasida tarqatish uchun milliy matbaachilikni rivojlantirish orqali, zamonaviy ta‘lim sistemasini joriy qilish, ilg’or g’arb mamlakatlariga maxalliy yoshlarni o’qishga junatish yo’li bilan amalga oshirishga harakat qildilar.

Umuman olganda, XIX asr oxiriga kelib mahalliy ziyolilar birinchidan, Xalqni ilmli-ma‘rifatli qilish orqali milliy ong va tafakkurni uyg’otishga, ikkinchidan, milliy davlatchilikni tiklash, turkiy til birligiga erishish, diniy va ma‘naviy qadriyatlarni mustahkamlash, uchinchidan, Markaziy Osiyo xalqlarini zamonaviy va demokratik taraqqiyot yo’liga olib kirishga harakat qiladilar.

Jadidchilik aslida ma‘rifatparvarlik harakatining ko’rinishidir. Ma‘rifat tushunchasining lug’aviy ma‘nosi bilish, tanish, bilim demakdir, yoki kishilar bilimi, ma‘naviyatini oshirishga karatilgan ta‘lim-tarbiya jarayonidir. Maorif tushunchasi esa, tabiat, jamiyat va inson mohiyati haqidagi turli tuman bilimlarni aks ettiradi. Demak, ma‘rifatli kishi deganda fanning bir yoki turli sohalaridan ma‘lum bilim yoki yo’nalishlarni egallagan degan mazmun kasb etadi. Ma‘rifatni hayotga singdirish maorif tizimi orqali amalga oshiriladi. Demak, ma‘rifat bilim va madaniyatning qo’shma mazmuni bo’lib, maorif esa ana shu mazmunni yoyish vositasidir. Ma‘rifatparvar ma‘rifat uchun kurashuvchi, bilim tarqatuvchi va beruvchidir.

Turkistonda jadidchilik harakatining vujudga kelish va shakllanish tarixi o’rganila boshlaganiga ko’p vaqt bo’lganicha yo’q. Ammo shunga qaramay, hozirning o’zidayoq bu masala yuzasidan talaygina ishlar amalga oshirildi. Jadidchilik harakatiga bo’lgan qiziqishning tobora keng qanot yozayotganligi va bu mavzu bilan Germaniya, Fransiya, AQSH, Yaponiya va Turkiya singari mamlakatlardagi olimlarning ham shug’ullanayotganligi sababli, Turkiston xalqlari tarixining bu murakkab davri keng ko’lamda o’rganilmoqda. Biroq, xuddi shu hol tufayli ayrim masalalar yuzasidan bir-biriga zid qarashlar ham paydo bo’lmoqda.

”Turkistonda jadidchilik harakatining boshlanishi masalasida yaqin vaqtlarga qadar tarixchi va adabiyotshunos olimlar davrasida yakdillik bo’lgan. Ular jadidchilikning XX asr boshlarida Rossiya, Turkiya va Eronda ro’y bergan inqilobiy harakatlar ta’sirida maydonga kelgani haqida yagona fikrda bo’lganlar. Ammo keyingi yillarda xuddi shu masalada o’zgacha fikrlar ham o’rtaga tashlanmoqda”.15

O’zbek xalqi tarixining xorijiy tadqiqotchilaridan biri Boymirza Hayitning fikriga ko’ra, jadidchilik XIX asrning oxirlarida boshlangan. U Turkistondagi bu ma’rifatparvarlik harakatining ko’zga ko’ringan namoyandalarini sanaganda, Behbudiy, Fitrat, Cho’lpon sin­gari tom ma’nodagi jadidlar bilan birga Komil Xorazmiy, Muqimiy, Furqat, Abay, Mulla Nafas, Zinhoriy singari ma’rifatparvar shoirlarning ham nomlarini tilga olgan. So’nggi yillarda o’zbek olimlari orasida ham jadidchilik harakatining vujudga kelish vaqtini bir oz oldinga surish, shuningdeq jadidlar safini yuqoridagi singari kengaytirishga urinish tamoyili yo’q emas.

Jadidchilikning qachon boshlanganligi prinsipial ahamiyatga molik. Agar biz, bu harakatning XIX asrning oxirlarida boshlanganligi to’g’risidagi fikrga qo’shilsaq u holda uning qaysi omillar ta’sirida paydo bo’lganligi va mohiyati masalasiga ham oydinlik kiritish lozim bo’ladi. Qolaversa, Komil Xorazmiy, Muqimiy va Furqat bilan Behbudiy, Fitrat va Cho’lpon o’rtasidagi jadidona yaqinlikni ham asoslab berish zarur.

Ushbu masalaga oydinlik kiritish uchun, avvalo, “jadid” so’zining qachon va kimlarga nisbatan qo’llanilganini yana bir bor eslashimiz lozim.

Turkistondagi jadidchilik harakatining taniqli namoyandalaridan biri Abdulla Avloniy o’zining tarjimai holida 1900-yilda uylangani va oila boshlig’i bo’lib qolganligini eslab, bunday yozgan: “Bu vaqtda butun oilani boqmoq uchun qish kunlarida ishlamoqg’a to’g’ri kelganligidan quvvati muhofazam o’rta daraja bo’lg’on holda madrasani tashlab chiqib ketuvga to’g’ri keldi. Shul chog’larda o’zim mehnat ichida yashaganligimdan boylarga va mullalarga qarshi she’rlar yoza boshladim. Madrasadan chiqib ketsam ham maorif ishlaridan chiqib ketmadim. Turli gazetalar o’qishga tutindim. Shul zamonlarda Rusiyaning turli shaharlarida chiqqan matbuot-gazeta va jurnallar bilan tanishib, o’qib ma’lumotimni orttira bordim. “Tarjumon” gazetasini o’qib, zamondan xabardor bo’ldim. Shul zamonda yerli xalqlar orasida eskilik-yangilik janjali boshlandi. Gazet o’quvchilarni mullalar “jadidchi” nomi bilan atar edilar. Men ham shu jadidchilar qatoriga kirdim. 1904-yildan jadidchilar to’dasida ishlay boshladim. “Jadid maktabi” ochib, o’qituvchilik qila boshladim”.16

Agar Abdulla Avloniyning 1878-yili tug’ilgani va o’zbek jadidchilik harakatining otasi Mahmudxo’ja Behbudiydan bor-yo’g’i uch yoshga kichik ekanligini e’tiborga olsaq uning jadid yozuvchilarning to’ng’ich bo’g’iniga mansub ekanligi ma’lum bo’ladi. Demaq u 1900-1904-yillar oralig’ida “Tarjumon” gazetasini o’qib, zamondan xabardor bo’lgan va jadidlar to’dasida ishlay boshlagan. Jadidlar bilan qadimlar (yoxud qadimchilar) o’rtasidagi kurash ham xuddi shu davrda boshlangan.

A. Avloniydan o’n bir yosh kichik bo’lgan Hamzaning “Tarjumon” singari davrning taraqqiyparvar gazetalari bilan tanishuvi esa 1907-1908-yillarda boshlangan. Uning tarjimai holida bu haqda quyidagi so’zlarni o’qiymiz: “1907-yili, otam hajga ketishi munosabati bilan, birga Qashg’argacha uzatish munosabatila sayohatga borib, birinchi martaba “Vaqt”, “Bog’chasaroy” gazetalarini o’qishga shundan o’rganib qaytdim. Shundan boshlab kundan-kun eski xurofotlarni, Madrasa o’qishlarini, xalq tirikchiligidagi o’zgarishlarni, madaniyat, iqtisod degan masalalarni tekshirishga kira boshladim”. Hamza “Yigitlar tovushi” degan maqolasida yana shu masalaga qaytib, bunday yozgan: “Ko’p uzoq emas, 1908-yillarda ham madrasada o’qib yurgan vaqtimizda gazet- jurnallarni birovlar nomiga yozdurub olub, qo’ltug’imizga yoshurub, shul madrasaning qozon qo’yadigan qorong’u xujralarinda eshikni ichidan beklab, o’shanda ham qo’rqub-qo’rqub o’qur edik”.17

A. Avloniy va Hamzalarning bu so’zlarini keltirishdan maqsad, o’zbek jadidlarining “Tarjumon” sin­gari gazetalar ta’sirida XX asrning boshlarida paydo bo’lganlarini tasdiqlashdir.

To’g’ri, Turkistonda boshlangan jadidchilik harakatini birgina “Tarjumon” gazetasi bilan bog’lash to’g’ri emas. Shu yillarda shakllana boshlagan mahalliy ziyolilar “Vaqt” va “Tarjumon” gazetalari bilan birga Tatariston, Ozarbayjon, Hindiston va Misrda nashr etilgan gazeta va jurnallarga ham mushtariy bo’lib, ularni muntazam ravishda o’qib turganlar. Sadriddin Ayniyning “Qisqacha tarjimai holim” degan xasbi xolida yozishicha, yoshlikdagi o’rtoqlaridan biri Hindistonda fors tilida chiqqan “Habl ul-matin”, Misrda fors tilida bosilgan “Chehranamo” gazetasini ham “qayerlardandir topib kelgan”.

Shu tarzda XX asr boshlarida Turkistonga yetib kelgan taraqqiyparvar gazetalar Behbudiy, Munavvarqori Abdurashidxonov, A.Avloniy, Hamza, Fitrat, Cho’lpon singari yoshlarni dunyoning boshqa mamlakatlarida yashovchi xalqlar hayoti bilan, yangi tug’ilgan asrning ma’rifatparvarlik g’oyalari bilan tanishtira boshladi. Xuddi shu yillarda Rossiya, Turkiya va Eronda sodir bo’lgan inqiloblar haqidagi xabar ham shu nashrlar orqali Turkistonga yetib keldi. Modomiki, yuqorida nomlari tilga olingan gazetalar yosh avlodning ko’zini ochib, unga XX asrning – ijtimoiy silsilalar va ilmiy-texnik kashfiyotlar asrining kirib kelganligi haqidagi haqiqat bilan oshno etgan va uning dunyoqarashida keskin o’zgarish yasagan bo’lsa, demaq mustamlaka sharoitida yashayotgan Turkistonning o’zida bunday gazetalar yo’q edi. Shu birgina farqning o’ziyoq Turkistonda o’sha davrda hukm surgan ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy muhit haqida ozmi-ko’pmi tasavvur beradi.

Kichik bir maqolada XIX asrning oxiri XX asrning boshlaridagi tarixiy vaziyatning mukammal manzarasini ko’rsatish mumkin emas. Bir zamonlar yer kurrasida eng qudratli bo’lgan Temur saltanati XIX asrning o’rtalariga kelib, o’zining harbiy, siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy salohiyatini mutlaqo yo’qotgan, uch kichik xonlikka ajralgan va azbaroyi xolsizlanganligidan rus qo’shinlari tomonidan oson-garov bosib olingan edi. Turkiston xalqlari, bir tomondan, mustamlakachi chor hokimiyati, ikkinchi tomondan, mahalliy boylar va amaldorlarning qattiq siquvi ostida yashardi. Ana shu ikki tomonlama zulm va ikki tomonlama siquv Turkiston xalqlarining nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy, madaniy, ma’rifiy va ma’naviy hayotiga mislsiz darajada katta salbiy ta’sir o’tkazdi. Nafaqat chor hokimiyati, balki mahalliy davlat idorasi ham xalqning ijtimoiy ongining oshishi, fan va texnika yoshliklaridan xabardor bo’lishi, boshqa xalqlar va mamlakatlar hayoti haqida tasavvurga ega bo’lishidan manfaatdor emas edi. Shuning uchun ham, bir tomondan, chor hokimiyati, ikkinchi tomondan, mahalliy davlat tuzumi xalqning ko’zini ochishi, ijtimoiy va madaniy hayotini nurlantirishi mumkin bo’lgan har qanday tadbirlarga qarshi tish-tirnog’i bilan kurashdi.

“Rossiyaning Sharqdagi siyosatiga muayyan darajada ta’­sir o’tkazgan kishilardan biri N.I. Ilminskiy maslakdoshi Pobedonossevga yozgan maktublarining birida bun­day fikrni olg’a surgan: “Olimlardan va o’ta bilimli o’qituvchilardan ehtiyot bo’linglar. O’ta odobli va mukkasi bilan dinga berilgan oddiy odamlarga qaraganda ularni juda qattiq kuzatuv ostiga olinglar”. Ilminskiyning ana shunday “dono” maslahatiga amal qilgan Rossiya Ichki ishlar politsiyasi departamenti Turkistondagi har bir ma’rifatli kishini qattiq nazorat ostiga olibgina qolmay, masjid va madrasalar, kitob bozorlari va omborlarda tintuv o’tkazib, siyosiy adabiyotning, ya’ni Bog’cha­saroy, Ufa va boshqa shaharlarda chop etilgan gazeta va jurnallarning bor-yo’qligi bilan qiziqdi, bunday taraqqiyparvar nashrlarning Turkistonga kirib kelmasligi uchun barcha choralarni ko’rdi; bu bilangina kifoyalanmay, mahalliy ziyolilarni ikki qanotga ajratib yuborib, ulamolarni jadidlarga, jadidlarni esa ulamolarga qarshi qo’ydi; din arboblarining o’ta mutaassiblashishiga shart-sharoitlar tug’dirib, ular ixtiyoridagi masjid va madrasalarning ko’payishi va shu orqali ta’sir doiralarining kengayishiga imkoniyat yaratdi. Ana shu tarzda “olimlar va o’ta bilimli o’qituvchilar” siyosiy nazorat ostiga olinib, “o’ta odobli va mukkasi bilan dinga beril­gan oddiy odamlarning Turkistonning ijtimoiy va ma’naviy hayotidagi mavqei oshib bordi. Ayni paytda chor hokimiyati mahalliy ma’muriyatning ijozati va ulamolarning loqaydligi (yoxud faolsizligi) tufayli Turkis­tonda foxishaxonalar va ichkilik sotuvchi do’konlarni ochdi. Bu har ikkala razolat o’choqlari ajdaho singari mahalliy xalqni sekin-asta o’z domiga torta boshladi”.18

Xo’sh, Qo’qon yoxud Xiva xonligi, yo bo’lmasa, Buxoro amirligidagi davlat arboblari o’rtasida mamlakat va xalqning razolat botg’og’iga botayotganini ko’rgan va bunga qarshi bosh ko’targan kishilar bo’lganmi?..

Zamondoshlarning shahodat berishlariga ko’ra, masalan, Buxoro amirining maishatdan boshqa dardi bo’lmagan. Qushbegining sobiq kotiblaridan biri Mirzo Hikmatulloning guvohlik berishiga ko’ra, amir xalq ishiga butunlay aralashmay yashagan, hatto yillik kelim va ketimni ham bilmagan. Xiva xoni esa qari bir odam bo’lib, umrining ko’p vaqtini qushlar va gullar bilan o’ynab o’tkazgan. Ular atrofida ham xalq va mamlakat taqdiri bilan yashagan birorta amaldor bo’lmagan.

Ana shunday tarixiy sharoitda Markaziy Osiyoni bosib olgan chor hokimiyati Turkistonning haqiqiy xo’jayinlariga aylangan. Darvoqe, “Нoвoe врeмя” jurnalining 1908-yil sonlarining birida bosilgan maqola xuddi shunday – “Turkistonning xo’jayinlari” deb nomlangan. Unda, jumladan, bunday deyilgan: “Bizning so’nggi ikki generalimiz Chernyaev bilan Skobelev issiq iqlimda, janubiy tog’larning etaklarida rus qabilasining hukmdorligini mustahkamlash uchun O’rta Osiyoda arslondek kurashdi. Ular dahosi va jasorati bilan, qadimgi davrlarda aytishganideq “rus tojining qimmatbaho durdonalaridan biri” - Turkiston ishg’ol etildi”.19

Turkistonni rus tojining qimmatbaho durdonalaridan biri deb atagan kimsalar uchun birinchi navbatda, oltin kerak edi. Ular Turkistonni oltin konlaridan iborat o’lka, deb o’ylaganlar. Turkistonning faqat yer osti boyliklariga emas, balki yer usti boyliklariga ham ega ekanligini bilganlaridan keyin ular minglab mujiklarni Ichki Rossiyadan ko’chirib keltirganlar. “Kelajak muhojir rus qishloqilari yerli xalq kishilaridan ko’ra boyroq bo’lishi kerak”, degan shior shu davrda rus mustamlakachilik siyosatining tamal toshini belgilab berdi. Shu shiorga amal qilgan mustamlakachilar mahalliy xalqga tegishli unumli yerlarni tortib olib, ularni kelgindi mujiklarga bo’lib berdilar. Ana shu tarzda, 1906-1913-yillarda Turkistonda 116 ta rus qishlog’i vujudga keldi. Bu qishloqlarni tashkil etgan mujiklarning 36,7 foizi hech qanday mol-mulksiz, 60,9 foizi esa, hatto, sariq chaqasiz kelgan edi”.20 Chor hokimiyati ana shu mujiklarning boshlarini silab, ularning mahalliy xalqni ezish va feodal qoloqlik sharoitida ushlab turishda hukumatning ishonchli suyanchig’i bo’lishlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratdi. Natijada, mahalliy xalqning iqtisodiy, ijti­moiy va madaniy ahvoli chidab bo’lmas darajada og’irlashdi.

Turkiston xalqlarining shu davrdagi hayoti, saviyasi, mentalitetiga xos salbiy xislatlari, illatlari to’g’risida tasavvur hosil qilish uchun Behbudiyning “Padarkush” pyesasi, Fitratning “Munozara”, Cho’lponning “Qurboni jaholat”, “Do’xtir Muhammadyor” hikoyalari va boshqa o’nlab jadid adabiyoti namunalarini o’qishning o’zi kifoyadir. Chunonchi, yevropaliklar bilan o’zbek xalqi o’rtasidagi farqni tasvirlashga bag’ishlangan bir she’rida Tavallo bunday yozgan:

Yovrupo ahli, siz quloq solingiz,

Biz hunarlar yozib tonushtiramiz.

Kelturing zanburaq qurol necha xil,

Bizni sopqon ila otushtiramiz.

Aftomobil, arobangiz qayda,

Ho’qand arba bilan chopushtiramiz.

Biz bilurmiz, siz to’g’ri so’zni quli,

Lek biz yalg’onlar qotushtiramiz.

Do’stni dushman edub, solib ig’vo,

Gap toshub o’rtaga choqushtiramiz.

Qo’lda bid’at maromnomasi bor,

Kim yaqin kelsa, biz yopushtiramiz...

Ana shunday satrlarni o’qir ekansiz, asr boshlaridagi Turkiston xalqlari hayoti ko’z oldingizda gavdalanadi. Cho’lpon “Do’xtur Muhammadyor” hikoyasida shu ayanchli hayotning manzaralarini yanada aniq va haqqoniy bo’yoqlar bilan tasvirlab: “Erta bilan soat 8 da istansaga chiqub, poezdni kutub turdi. Nihoyat, XX asr madaniyati ajdar kabi pishillab, har tarafga suv chochub... Muhammadyorni vatanidan ayirmoqchi edi. Istansada bir g’arib manzara ediki, Muhammadyorning ko’nglini buzmoqqa boshladi: bir musulmon xurjun yo’qotgan! Biri bora turg’on istansasin nomin bilmay, boshqa istansaga bilet olub qo’yg’on... va shunga o’xshash daxshatli manzaralar oldida Muhammadyor qotub qoldi. Nihoyat, ikkinchi zuvanok urilganda, chiqub, uchinchi klassdan joy topub o’turdi. Haligi qo’rqunch man­zaralar bunda andin ham ziyoda hukm surmoqda edi: bir musulmon birisi bilan urushub burni qonag’on, bir musulmonni poyezd ma’murlari tutub olub uradurlar... Mu­hammadyor chidayolmadi. Poyezdning tashqarisiga chiqub, tikka turub, istansani tomosha qila boshladi. Bir armani Qofqozning qorong’u go’shalarindan kelub, istansada do’kon ochub, boy bo’lub, ikki o’g’lini hukumat maktablarida tarbiya qilmaqda... Va yerli musulmonlar esa topgan pullarni to’yga, janozaga sarf qilub, faqirlikda, xorlikda qolmoqda edilar...”21 deya yozadi.

Qrim-tatar ma’rifatparvari bo’lgan Ismoil G’aspirali (1851-1914) butun turkiy xalqlar o’rtasida yoyilgan jadidchlik harakatining asoschisi hisoblanadi.” U diniy va dunyoviy bilimlarni chuqur egallab, jahon taraqqiyoti bilan yaqindan tanishgan edi. Bir nechta xorijiy tillarni, turli xalqlarning madaniyatini o’rgangan edi. O’zi egallagan bilimlar asosida Sharq va G’arb dunyosini taqqoslab, turkey xalqlarning taraqqiyotga erishish yo’llarini izlaydi. Ismoil G’aspirali 1884-yilda Qrimdagi Boqchasaroyda birinchi jaded maktabiga asos soldi. U o’zi tuzgan ta’lim dasturi asosida darslik tayyorladi. Shu dastur bo’yicha 40 kunda 12 o’quvchining asvodi chiqarildi. Bu usul “usuli savtiya” – harf tovushi usuli, ya’ni “usuli jaded” nomi bilan keng tarqaldi. Uning 1888-yilda “Rahbari muallimin yoki muallimlarga yo’ldosh” kitobi chop etildi. Unda yangi usul maktblarining ta’lim tizimi, dars o’tish va uning tashkil qilinishi, o’quv xonalarining jihozlanishi, dars jadvali, ta’tillar, imtihonlar bayon etilgan”.22

Turkiston o’lkasida millat istiqbolini o’ylovchi taraqqiyparvar kuchlar xalqning deyarli barcha tabaqalari – hunarmand, dehqon, savdogar, mulkdor, ulamolar orasida mavjud edi. “Jadidchilik g’oyalarining keng yoyilishida “Tarjumon” gazetasi mhim o’rin tutdi. Ismoil G’aspiralining 1893-yilda Buxoro amirligida birinchi yangi usul maktabi faoliyat ko’rsata boshladi. Keyinchalik bunday maktablar boshqa hududlarda ham keng tarqaldi”.23

Asr boshlaridagi turmushning bunday manzaralarini ko’rgan ziyolilar “Tarjumon”, “Vaqt” singari gazetalarni o’qiganlaridan keyin ularni bartaraf etish yo’llarini qidirdilar. Ismoil Gasprali o’z gazetasi orqali Turkistonga yangi davr g’oyalarining kelishiga imkon tug’diribgina qolmay, 1893-yili o’zi ham Samarqand va Buxoroga kelib, Behbudiy, Shakuriy singari millatning oldi kishilari bilan tanishadi, hatto Buxoroda “usuli jaded” maktabini ochdi. Sekin-asta Samarqand, Qo’qon, Toshkent, Andijon singari shaharlarda ham jadid maktablari tashkil etila boshlandi. Sanoqli bo’lsa-da, dastlabki jadidlar paydo bo’ldi. Lekin, maktablar va ularni tashkil etgan jadidlarning milliy uyg’onish harakati namoyandalari sifatida shakllanishi oson kechmadi.

Chor Rossiyasining xufyalaridan biri, Eron va Turkiyadagi milliy ozodlik harakatlari hamda 1905-yil rus inqilobidan keyingi Buxoro ahli to’g’risida bunday ma’lumotni bergan: “Buxoroda madrasalar ko’p bo’lsa-da, xalq ortiq nodon, siyosiy fikr degan gaplar hech ham yo’q. Rusiya inqilobi haqida hech narsa anglamaydurlar. Ma’lumoti bo’lg’onlari ham Rusiya inqilobini inqilob deb bilmaydurlar. Nima bo’lsa ham Buxoroda o’zgarish ehtimoli juda uzoqdur”. Shu xufya Buxoro ahlining siyosiy saviyasi to’g’ri­sida mulohaza yuritib, yana bunday yozgan: “Buxoro bozorlarida uchrashaturg’on qishloqilardan durust ma’lumot ololmadi. Sababi esa, ular, birinchidan, shaharga ish bilangina kelganlaridan so’zlashib o’ltirishga vaqtlari yo’qdur. Ikkinchidan, siyosatdan gapirishga amirning xufyalaridan qo’rqadurlar, chunki, amirning xufyalari nihoyatda ko’p bo’lib, siyosiy bir gap eshitsalar, ushlab, darrov zindonga soladirlar”.

So’nggi yillarda ayrim tarixchilar va ayniqsa jurnalistlar, XX asr boshlaridagi tarixiy vaziyatning ana shunday nohush manzaraga ega bo’lishida amir va xonliklarning ham aybi katta ekanligini e’tibordan soqit qilib, ular faoliyatiga ijobiy baho berish va ularni xalq dardi bilan yashagan kishilar qilib tasvirlashga urinmoqdalar. Bu, mutlaqo noto’g’ri qarashdir. O’zlariga tegishli tasarrufda mustabid tuzumni o’rnatgan bu davlat arboblari xalqni mustamlakachilar bilan birga ezib, hurfikrli kishilarni daxshatli ravishda mahv etib kelganlar. Ana shunday sharoitda jadidlarning o’quv tizimini isloh etish, yangi tipdagi maktablarni ochish, xalqni ma’rifatlashtirishga qaratilgan dastur bilan chiqishlari, jadid maktabi, jadid matbuoti, jadid adabiyoti va jadid teatriga poydevor qo’yishlari ularning ulkan fuqarolik jasoratlaridir.

Ana shu tarzda jadidlar XIX asrning oxirlarida emas, balki XX asr boshlarida maydonga chiqdilar. Lekin ular­ning tarix sahnasida paydo bo’lishlarida boyagi ikki omil:

tarixiy-ijtimoiy sharoit va davrning yangi g’oyalarini olg’a surgan gazetalari bilan birga;

- uchinchi omil – Muqimiy va Furqatlar boshlab bergan o’zbek ma’rifatparvarlik adabiyoti ham muhim rol o’ynadi. Ammo bu so’z ularning ham jadid bo’lganliklarini mutlaqo anglatmaydi.

Jadidlar paydo bo’lgan ilk kunlardan boshlaboq, ular ham chor hokimiyati, ham mahalliy hukmdorlarning qarshiliklariga duch keldilar. Binobarin, ular xalqni shu ikki zulm o’chog’idan, shu ikki qoloqlik botqog’idan xalos etmoqchi bo’lgan edilar. Abdulla Badriy “Yosh buxoroliklar kimlar?” degan risolasida jadidlarni ko’zda tutib, bunday yozgan edi:

“... onlarning fikru xayollari va muddaolari biz, bechora va qashshoqlarni g’urbatdan, yani amirlar. beklar va boylarning zulmlarilan ozod qilmoq va bizlarning rohatimiz va tinchligimiz uchun harakat va taraddud qilmoqdir”.24

Stixiyali tarzda paydo bo’lgan va dastlab, asosan, ma’rifiy vazifalarni amalga oshirish maqsadi bilangina maydonga kelgan jadidlarning birlashishi va keng qanot yozishida, o’zbek jadidchilik harakatining yo’lboshchisi Mahmudxo’ja Behbudiyning xizmatlari beqiyosdir. U kelajakda milliy bosmaxona va nashriyotni tashkil etish, qo’shni xalqlar hayoti, jumladan, maktab va maorifi bilan tanishish, bu mamlakatlardagi taraqqiyparvar kuchlarning tajribalarini o’rganish va o’zbek jadidlarining xalqaro aloqalarini izga solish uchun Rossiyaning bir qancha sanoat markazlariga va Yaqin Sharq mamlakatlariga bordi. Buxo­roda tashkil etilgan “Tarbiyai atfol” jamiyatining sa’y-harakati bilan Fitrat Turkiyada tahsil ko’rgani bordi. Chor xufyalarining mahfiy xatlariga qaraganda, u Turkiyada bo’lganida, “Ittihod va taraqqiy” tashkilotiga a’zo bo’lib kirdi va hatto, Buxoroga qaytib kelganidan keyin ham bu tashkilot bilan aloqasini uzmay, uning tajribasidan foydalandi. Fitratning Buxoro amirligidagi siyosiy, ijtimoiy va madaniy muhitni o’zgartirish zarurligini anglash qobiliyati uning o’zbek jadidchilik harakatining dasturi bo’lib xizmat qilgan “Munozara”, “Hind sayyohi bayonoti” singari asarlarini yozishiga imkoniyat yaratdi. Tur­kiyada chop etilib, Buxoroda yashirin ravishda tarqatilgan bu asarlar buxorolik yoshlarning dunyoqarashida inqilobiy o’zgarishlarni yuzaga keltirdi. Ana shu tarzda jadid­lar tajriba orttirib saflarini tobora kengaytira bordilar.

Shunday qilib, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkistonda “jadidchilik” yoki “uyg’onish davri” boshlandi. Professor Begali Qosimov bu davr xususiyatlarini o’rganib, shunay xulosaga kelgan edi:

“Turkistonni savodli va ma’rifatli, to’q va farovon, ozod va obod Vatanga aylantirish, birinchi navbatda mustaqillikka erishish, mustamlakachilik iskanjasidan xalos bo’lish jadidchilik harakatining asosiy maqsad-vazifasini tashkil qilar edi”.25

Shunday qilib, jadidchilik XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkistonda hukm surgan favqulodda qoloq iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sharoitda yashayotgan xalqlarni ma’rifatlashtirish, jamiyat hayotida ijtimoiy va madaniy islohotlar o’tkazish, pirovardida, milliy mustaqillik g’oyalarini hayotga tadbiq etish maqsadini o’z oldiga qo’ygan harakat sifatida, tarixiy vaziyat taqozosi bilan vujudga keldi. Bu harakat o’zining shakllanish yo’lini bosib o’tar ekan, asr boshlaridan 1917-yil fevral inqilobiga qadar bo’lgan birinchi bosqichida, milliy ozodlik harakati sifatida uzil-kesil rasmiylashdi. Fevral inqilobining ro’y berishi va chor hokimiyatining falajlanishi bilan u o’zining pirovard siyosiy maqsadi – mustaqil davlatni barpo etish g’oyasini amalga oshirishga kirishdi. Lekin bu harakatning kuchli va birlashgan partiya yo tashkilotga ega bo’lmaganligi hamda xalq ommasini hali uyg’ota olmaganligi sababli, uning mustaqil o’zbek davlatini barpo etish rejasi ro’yobga chiqmadi. Hali oyoqqa turib ulgurmagan yosh Turkiston muxtoriyat hukumatini sho’rolar davlati go’daklik paytidayoq majaqlab tashladi.

Jadidchilik harakati va uning namoyandalarini yoqtirmagan bolsheviklar bu hrakatni faqat ma’rifiy harakat deb baholagan va ularni siyosiy kaltabinlikda ayblab kelgan edilar. Jadidchilik harakatining ulkan arboblari va tashkilotchilaridan biri Munavvarqori Abdurashidxonov 1927-yilda yozgan maqolasida bolshe­viklar qo’ygan bu aybga: “Chor hukumatini yo’qotish jadidlarning tilagida bor edi. Siyosiy vazifamiz va maqsadimiz ham shundan iborat bo’lishi yashirin emas. Nainki, biz jadid maktabi ochish bilan savdo xizmatchilari, boshqacha ta’bir bilan aytganda, do’konda o’ltirib nasiya yozadurg’on xodimlar yetkazsak. Bu ishga aqlli odam shu bahoni berishsa u yoq bu yoqni mulohaza qilsun” deya javob yozgan edi.

Munavvarqori Abdurashidxonovning bu so’zlariga tayanib aytish mumkinki, jadid maktabini tuzishdan maqsad, bolsheviklar aytganideq savdo xodimlarinigina tayyorlash emas, balki xalqning umumiy saviyasini ko’tarish, zamonaviy fanlarni egallagan injener, vrach, jurnalist, yuristdan tortib, davlat arbobigacha bo’lgan kishilarni tarbiyalash va ular yordamida davlat idoralarini yerlilashtirish, shu tarzda mustamlakachilarni Turkiston tasarrufidan siqib chiqarish edi. Jadidlar ana shu maqsadni amalga oshirish uchun “usuli jaded” maktablarini tashkil etibgina qolmay, ayni paytda milliy matbuot, adabiyot va teatrni yaratishga ham katta e’tibor berdilar va jadidchilik harakatining bu jabhalari orqali Turkiston xalqlari hayotini tubdan o’zgartirib, mustaqil o’zbek davlatini qurmoqchi bo’ldilar.

Turkistonda siyosiy partiyalar faoliyatini yaxshi o’rgangan fransuz razvedkachisi mayor Lyakosta, 1906-yilda o’z mamlakatiga yo’llagan xufyanomasida bunday yozgan edi: “Turkiston o’lkasidagi eng e’tiborli va kelajagi porloq siyosiy kuch sotsial demokratlar (bolshevik va mensheviklar) yoki sotsial inqilobchilar (eserlar), yo kadet va liberallar emas, balki o’zbek jadidlaridir”.

"O’z oldilariga Turkiston xalqlarining taqdiri uchun muhim ahamiyatga molik vazifani qo’ygan jadidlar, 1906-yil yanvarida Peterburgda bo’lib o’tgan Umumrusiya musulmonlari qurultoyiga o’z vakillarini yashirincha yuborib Rossiya tasarrufida yashagan boshqa musulmon xalqlar va ularning peshqadam arboblari bilan aloqa o’rnatmoqchi bo’lganlar. Bu vaqtda o’zbek jadidlari, Qozon tatarlari kabi, o’z milliy dasturlariga ega bo’lganlar va kelajakda rus istibdodiga jiddiy zarba berish uchun tayyorgarlik ko’rganlar. Ammo ularning bu niyatlaridan xabardor bo’lgan bolsheviklar Osipov qo’zg’olonidan keyin ko’plab jadidlarni qirib tashlaganlar”.26 O’z mustabid davlatining dushmani deb bilgan Buxoro amiri ham jadidlarni qirishga bolsheviklardan zarracha orqada qolmagan.

Jadidchilik harakatining paydo bo’lish va yakunlanish tarixi, shubhasiz, faqat shu nuqtalardangina iborat emas. O’zbekistonning yaratilajak yangi tarixida xalqimiz hayotining bu muhim davrini to’g’ri va har tomonlama mukammal yoritish uchun nafaqat, respublikamizning ochiq va yopiq arxivlari, balki, birinchi navbatda, Moskvada sobiq KGB va boshqa arxivlarda saqlanayotgan hujjatlarni puxta o’rganishimiz, ularda mavjud bo’lgan fakt va ma’lumotlardan to’g’ri xulosalarga kelishimiz lozim.




Download 95,53 Kb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   10   11




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish