1. Xalqaro siyosat va xalqaro munosabatlarni geosiyosiy tahlil etish muammolari. 2. Geosiyosat milliy siyosat instrumenti sifatida. 3. Hudud va davlat kuch-qudratini tasavvur etishning zamonaviy talqini.
Tarixning asosiy geosiyosiy jarayoni bo'lgan talassokratiya va tellurokratiyaning hududiy jihatdan kengayish xususiyati mazkur fan uchun ma'lum bo'lsa, uning intihosi muammo bo'lib turar edi. Bu borada sabab-oqibat tamoyilining hech qanday ahamiyati yo'q. Bu sohadagi ilmiy ma'lumot va xulosalarga tayanib aytish mumkinki, tarixni geosiyosiy nuqtai nazardan tahlil etish “Suv” va “Quruqlik” o'rtasidagi qarama-qarshilik umumbashariy miqyosda yoyilgach, barham topadi. Xo'sh, dualizmni ifoda etgan tizimlardan biri to'liq g'alabaga erishganidan so'ng sayyoramizdagi voqealar rivoji qanday kechishi mumkin? Nazariy jihatdan qaraganda bu jarayon quyidagi variantlada ifodalanishi mumkin: 1-variant. Talassokratiyaning g'alabasi tellurokratiya sivilizatsiyasining tanazzuliga olib keladi. Sayyoramizda liberal-demokratik tartibot o'rnatiladi. Talassokratiyaning mohiyati mutlaqlashgan holda inson hayotini tashkil etuvchi yagona tizimga aylanadi. Ushbu tizimning ikki jihatiga e'tibor qaratish joiz. Birinchidan, u mantiqiy jihatdan ziddiyatlardan xoli bo'lib, unda geosiyosiy tarixning bir taraflama oqimining qonuniy tarzda yakun topishini, ya'ni quruqlikning to'liq hukmronligidan (an'anaviy davrdan) dengizning to'liq hukmronligiga (hozirgi davr) o'tish jarayonini kuzatish, ikkinchidan, hozirgi vaqtning o'zidayoq ushbu jarayon amalda ro'y berayotganini qayd etish mumkin. 2-variant. Talassokratiyaning g'alabasi ikki sivilizatsiya qarama-qarshiligiga yakun yasaydi, ammo bu hol taraqqiyotning ushbu modelining butun dunyoga tarqalishiga olib kelmaydi. Bu hol geosiyosiy tarixning yakun topganidan dalolat beradi, xolos. Masalan, ayrim mondialistik nazariyalar vakillari yaqin kelajakda dunyoda “Quruqlik” va “Dengizning” o'zaro qarama-qarshiligi butkul barham topadi, deya ta'kidlamoqda. 3-variant. Tellurokratiyaning mag'lubiyati vaqtinchalik hodisa. Yevrosiyo yangicha shaklda o'zining mintaqaviy vazifasini bajarishga kirishadi. Bunda mintaqaviy kuchlarni falokatga olib kelgan geosiyosiy omillar e'tiborga olinadi (yangi mintaqaviy blok Janub hamda G'arbda o'zining dengiz chegaralariga ega bo'ladi, ya'ni “Yevrosiyo uchun “Monro doktrina”si amalga oshadi). Natijada dunyo o'zgacha mohiyat kasb etgan ikki qutblilik holatiga qaytadi. 4-variant. Yuqoridagi manzarining mantiqiy davomi sifatida namoyon bo'ladi. Unga ko'ra, ikki qutb o'rtasidagi qarama-qarshilikning yangi bosqichida tellurokratiya g'alaba qozonadi. U o'zining tamadduniy taraqqiyot andozasini butun dunyoga tarqatib, “tarixni o'z hohishiga mos ravishda yakunlashga” intiladi. Boshqacha aytganda, butun dunyo “Quruqlikka” aylanadi va hamma joyda ideokratiya hukmronlik qiladi. “Dunyo inqilobi” hamda Uchinchi Reyxning sayyoraviy hukmronlik g'oyalari tarixning shu shaklda intiho topishiga sababchi bo'lgan. Hozirgi vaqtda tarixiy jarayonlarning rivojida sub'ektiv va rasional omillar muhim ahamiyatga ega bo'lgani tufayli biz bayon etgan taraqqiyotning to'rt ehtimoliy varianti geosiyosiy jarayonlarning muayyan tarzda rivojlanishini ifoda etgan voqelikdan yiroq izoh emas. Aksincha, ular mintaqalar miqyosida olib boriladigan jarayonlarni boshqarish mumkin bo'lgan amaliy geosiyosiy pozisiya deb qaralishi lozim. Geosiyosatning ikki muhim tamoyili qatorida alohida o'rin tutadigan tushuncha – Rimland (qirg'oq hududi) kategoriyasidir. Rimland goh talassokratiyaning, goh tellurokratiyaning bir qismi bo'lishi mumkin bo'lgan tarkibiy makondir. Bu juda ham murakkab va shu bilan birga madaniy jihatdan boy mintaqa hisoblanadi. Dengiz muhiti hamda suvning ta'siri natijasida “qirg'oq hududi”da hamisha izchil taraqqiyot kuzatiladi. Geosiyosiy asarlarda dengiz olamiga nisbatan umumlashtirilgan holda “Kema” yoki “Orol” tushunchasi qo'llanilsa, quruqlikka nisbatan “Uy” yoki “Imperiya” iboralari qo'llaniladi. Ana shu qoidaga ko'ra Rimland gohida “Orol” va “Kema”, gohida esa “Imperiya” va “Uy” tarafga o'tadi. Mazkur tushunchalar mazmun-mohiyatini oydinlashtirishga harakat qilib ko'ramiz. Rimland quruqlik va dengiz kuchlarining to'qnashuvi ro'y beradigan qandaydir oraliq yoki o'tkinchi muhit emas. U mustaqil mantiqqa ega bo'lgan, shuningdek, talassokratiya va tellurokratiyaga jiddiy ta'sir o'tkazadigan murakkab voqelik hisoblanadi. Shu ma'noda, u tarixning ob'ekti emas, balki uning faol sub'ektidir. Talassokratiya va tellurokratiyaning rimland uchun kurashi shunchaki strategik mavqeni qo'lga kiritishga qaratilmagan. Rimland o'ziga xos hamda tarixiy irodaga ega bo'lsa-da, uni geosiyosiy qarama-qarshilikdan xoli tassavur etib bo'lmaydi. Zero Rimland ma'lum darajada tanlash erkinligiga ega, bo'lishiga qaramay u yoki talassokratiyani yoxud tellurokratiyani tanlashi zarur. Ana shu tufayli “ichki yarim oy” aksariyat hollarda insoniyat sivilizatsiyasi tarqalgan hudud, deb talqin etiladi. Bu hudud ichkarisida konservatizm, uning tashqi qismida esa tartibsizlik tahdidi hukmronlik qiladi. “Qirg'oq hududlari” joylashuvi nuqtai nazaridan jug'rofiy holatdan kelib chiqadigan muammolarni bartaraf etishga majburdirlar. Rimland chegaraviy hudud, chiziq yoki boshqacha aytganda, chegaraviy yo'lakdir. Ayni paytda u tom ma'noda chegara hamdir. Bunday uyg'unlik “chegara” tushunchasiga geosiyosiy nuqtai-nazardan ta'rif berishda muhim ahamiyatga ega. Davlatlar o'rtasidagi chegaralardan farqli o'laroq, geosiyosatda bu atama o'zgacha, ya'ni dastlabki andozaga asoslangan holda tahlil etiladi. Barcha chegaralar uchun umumiy asos bo'lgan ushbu tarixiy-jug'rofiy hamda madaniy tushuncha ana shu andozaning negizini tashkil etadi. Qirg'oq hududlarining eni yoki kengligi materikka tashqaridan, ya'ni dengiz tarafdan keladigan bosqinchilar ko'zi bilan qarash natijasida shakllanadi. Aynan qirg'oq “dengiz kuchlari” uchun quruqlikning ichkarisigacha kirib boradigan yo'lak hisoblanadi. Materik uchun esa, qirg'oq, aksincha, so'nggi marradagi chiziqdir. Qirg'oqni chiziq sifatida talqin etish “quruqlik huquqshunosligiga” xos bo'lgan qarashdir. Qirg'oq hududlari materikdan, (ya'ni Yevrosiyodan) uzoqda bo'lgan dengiz davlatlari uchun kelajakda bosib olish mumkin bo'lgan mustamlakalar bo'lib, ularni asosiy qit'adan ajratgan holda strategik makonga aylantirish mumkin. Shu bilan birga, talassokratiya namoyondalari qirg'oq hududini oxirigacha egallash qiyinligi, qit'a ichkarisidan xavf tug'ilganda kemaga o'tirib vatanga, “orolga” suzib ketish mumkinligi to'g'risidagi xulosaga kelganlar. Qirg'oqning chiziq bo'lishiga sabab dengiz bosqinchilarining mintaqa ichkarisiga ma'lum darajadagina kirib borishlari xavfsiz ekanligi bilan bog'liq. Dengiz hamda quruqlik to'g'risidagi har ikki yo'nalishdagi qarashlarni o'zida mujassamlashtirgan geosiyosat fanida rimland chegara-chiziq shaklidagi o'ziga xos voqelik sifatida namoyon bo'ladi. Uning (ya'ni rimlandning) xususiyatlari esa shu hududda qaysi unsur ustunlik qilishiga bog'liq. Masalan, Xitoy va Hindistonning kemalar qatnashiga qulay bo'lgan ulkan okean qirg'oqlari ham eng tor hajmdagi chiziq hisoblanadi. Chunki ushbu hududlar madaniy jihatdan quruqlikka moslashgan hududlar bo'lib, qirg'oqlari juda tor hajmga ega va qit'aning suv bilan tutashgan marrasinigina ifoda etadi. Yevropa va asosan O'rta Yer dengizidagi qirg'oq hududlari nisbatan kengroq hajmga ega bo'lib, materik ichkarisigacha cho'zilib ketgan. Masalan, geosiyosiy nuqtai nazaridan nazardan NATOning a'zosi sifatida Turkiya hududi to'liq “rimland”ning chegara hududida joylashgan. Uning qit'a ichidagi chegaralari anchagina hududni egallagan rimland chegarasini ifoda etadi. Ushbu davlatning qo'shnisi – Eron esa dengiz kuchlari ta'siridan xoli bo'lgani tufayli, Hindiston va Xitoy singari juda tor chiziqdan iborat geosiyosiy chegaraga ega. Lekin, har ikkala holatda ham so'z tom ma'nodagi ma'muriy belgi emas, balki geosiyosiy chegara haqida bormoqda. Ayon bo'ladiki, geosiyosiy chegara muvaqqat, o'zgaruvchan va shart-sharoitlarga uzviy bog'liq hodisa bo'lib, vaziyatga qarab keng maydondan tor chiziqqa qadar o'zgarib turishi mumkin. Geosiyosatdagi bunday yondashuv chegara masalasi bilan bog'liq bo'lgan nisbatan xususiy muammolarni tahlil etishda ham qo'llanadi. U davlatlar o'rtasidagi chegaralarni “hajm jihatidan o'zgaruvchi hududlar”, deb hisoblaydi. Chegaraviy hudud hajmining kengayishi yoki torayishi mintaqaning umumiy taraqqiyotiga bog'liq. Shunga bog'liq holda ushbu hududlar tegishli o'lcham doirasida o'z shakli va yo'nalishini o'zgartirib turadi. Ushbu yondashuv nuqtai nazaridan hatto ayrim davlatlar ham “geosiyosiy chegara” tushunchasi doirasiga kiritilishi mumkin. Masalan, Angliyaning taklifi bilan Rossiya va Germaniya o'rtasida tashkil etilajak “sanitar kordon” g'oyasi ostida Boltiqbo'yi va Sharqiy Yevropa davlatlaridan iborat “hech kimga tegishli bo'lmagan” (yarim mustamlaka va Angliyaga yo'nalgan) hududni qamrab olishi ko'zda tutilgan edi. Rossiya va Germaniyaning mintaqaviy siyosati esa, aksincha, bu hududni chiziqqa aylantirishga (Brest-Litovsk, Rappalo, Ribbentrop-Molotov pakti) qaratilgan edi. Talassokrat-atlantistlar sun'iy ravishda etats-tampons deb atalmish “oraliq davlatlar” ni tashkil etish orqali ushbu chegaraviy chiziqni imkon qadar kengaytirishga harakat qilishdi. Bunga misol tariqasida Shimoliy va Janubiy Koreya, Sharqiy Yevropa va Bolqonda tashkil etilgan davlatlar, Markaziy Osiyo respublikalarini keltirish mumkin. Ayni paytda eng rivojlangan talassokratiya (Angliya, AQSh) bu holatda ikki xil andozani qo'llaydi: o'z orollari chegaralarini imkon qadar toraytirib, chiziq holiga keltirish, Yevrosiyo qirg'oq hududlarini esa kengaytirishga intilgan. Mintaqaviy geosiyosat uchun esa xuddi shu tamoyilning qarama-qarshi yo'nalishda, ya'ni Yevrosiyo chegaralari chiziq, Amerika chegaralari esa keng hajmdagi yo'lak tarzida qo'llanishi mantiqan to'g'ri bo'lardi. Rimlandni tarixda “sivilizatsiya beshigi” bo'lgan, deya talqin etish “chegara-hududlarida”gi davlatlarning geosiyosiy pozisiyasiga jiddiy ta'sir ko'rsatadi. Ana shu nuqtai nazardan dengiz davlatlari ham qit'achi davlatlar ham “chegara hududlari”ning madaniy-intellektual imkoniyatlarini o'zlariga og'dirishga harakat qilishadi. Bunday geosiyosiy salohiyatdan oqilona foydala bilish qarama-qarshi tomonlarning geosiyosiy strategiya san'atiga bog'liqdir. Bu san'atni mukammal egallagan “dengiz kuchlari” hamisha bosib olingan erlarni tez va to'liq o'zlashtirish hamda ulardan oqilona foydalanishga intilib kelgan. Bu ularni quruqlik bosqinchilaridan ajratib turgan. Negaki quruqlik bosqinchilari bosib olingan hududlarni “o'ziniki”, deb hisoblab undan samarali foydalanishga shoshilmagan. Ta'kidlash joizki, geosiyosiy qonuniyatlar siyosiy tarix, diplomatiya tarixi hamda strategik rejalashtirish va tahlil etishda ayniqsa qo'l keladi. Ushbu fanning sosiologiya, siyosatshunoslik, etnologiya, harbiy strategiya, diplomatiya, din tarixi kabi ko'pgina fanlar bilan kesishuv nuqtalariga ega. Ayrim mutaxassislar ushbu fanning ko'pgina hollarda iqtisodiyot bilan ham uzviy bog'liqligini nazarda tutib, “geoiqtisodiyot” deb nomlangan fanni kiritish taklifini ilgari surgan. Hozirgi vaqtda turli fanlarning integrasiyalashuvi ta'sirida yangi umumiy fanlar (makrofanlar) va andozalarning shakllanishi jarayonida geosiyosat ham nazariy tadqiqotlar uchun, ham umumsayyoraviy yoki muayyan davlat yoxud davlatlar hamjamiyati miqyosidagi murakkab tamadduniy jarayonlarni boshqarishda g'oyat muhim amaliy ahamiyat kasb etib bormoqda. Bu kelajak fani bo'lib, uning asoslari nafaqat maxsus o'quv yurtlari va akademiyalarda, balki oddiy maktablarda ham o'qitiladi. Geosiyosatning ijtimoiy sohadagi ahamiyati ham ortib bormoqda. Axborotning rivojlanish darajasi, oddiy insonning butun mintaqa miqyosida ro'y berayotgan hodisalarga faol jalb etilgani, ommaviy axborot vositalarining “mondializasiya”si – bularning barchasi geosiyosiy tafakkurni birinchi o'ringa olib chiqadi, xalqlar, davlatlar, tuzumlar va dinlarni soddalashtirilgan yagona shkala vositasida tafsiflashga xizmat qiladi. Bu esa eng oddiy teleradio yangiliklarning ham ma'nosini oz bo'lsada tushunarli qilishga yordam beradi. Xalqaro munosabatlarga oid yangiliklarga nisbatan heartland, rimland, World Island kabi geosiyosiy atamalar qo'llangan zahoti barchaning nigohida aniq manzara gavdalanadi, ro'y bergan voqeani anglash uchun maxsus bilim talab qilinmaydi. Masalan “NATOning Sharqqa kengayishi” ushbu yondashuv bo'yicha rimland hajmininig kengayishi va talassokratiyaning kuchayishini, Germaniya hamda Fransiya o'rtasidagi Yevropa harbiy kuchlarini tuzish to'g'risidagi bitim “mintaqaviy tellurokratik tuzilma tomon qo'yilgan qadam” ekani, “Iroq va AQSh o'rtasidagi to'qnashuv Fors ko'rfazidagi qirg'oq hududlarini bevosita nazorat qilishga to'sqinlik qilayotgan talassokratik tuzilmani yo'q qilishga intilishilari” ni anglatadi va hokazo. Shu o'rinda, geosiyosiy yondoshuvning ichki va tashqi siyosatga ta'siri haqida to'xtalish maqsadga muvofiq. Agarda siyosiy partiyalar, harakatlar yoki hokimiyat tuzilmalari hatti-harakatlarining geosiyosiy mazmuni ma'lum bo'lsa, ularni umumbashariy manfaatlar tizimi bilan qiyoslash va asl maqsadlarini bilib olish mumkin. Masalan, Rossiyaning Yevropa davlatlari (asosan Germaniya) bilan integrasiyalashuvi – tellurokratik uchlar, ya'ni evrosiyoliklar faoliyati hosilasidir, deya baholanishi lozim. Zero bunday sa'y-harakat negizida mamlakatda “sosialistik” g'oyalarning kuchayishi mumkinligini oldindan bashorat qilish mumkin. Moskvaning Vashington bilan yaqinlashuvi esa, aksincha, talassokratik yo'nalish asosida ro'y berishi va “bozor munosabatlari” tarafdorlarining kuchayishi muqarrarligini bildiradi. Shunday qilib ichki geosiyosiy qonuniyatlar muayyan mamlakatda ayirmachilik hatti-harakatlarining siyosiy sabablari, shuningdek, turli ma'muriy tuzilma hamda viloyatlar o'rtasida ikki tomonlama va ko'p tomonlama tuziladigan turli xil bitimlarning tub mohiyatini osongina anglash imkonini yaratadi. Darhaqiqat, har bir voqea-hodisa geosiyosiy uslub vositasida tahlil qilinganda u aniq ma'no-mazmun kasb etadi. Binobarin, bunday yondashuv bilan voqea-hodisalarni tahlil etish hamda istiqbolni belgilashda g'oyat samarali natijalarga erishish mumkin. Geosiyosatning milliy siyosat instrumenti sifatidagi mazmuni uning amaliy mohiyatidan kelib chiqadi. Chunki sho'ro tizimi hamda Varshava shartnomasining parchalanishi oqibatida Yevrosiyo qit'asida ko'plab yangi davlatlarning paydo bo'lishi, er yuzidagi eng ulkan qit'ada kuchlarning strategik muvozanatining qaytadan taqsimlanishini taqozo etdi. Rossiya ulkan hududini saqlab qolgan bo'lsa-da, dunyo miqyosidagi qudratli davlatdan mintaqaviy darajaga tushib bormoqda. Xitoy harbiy va iqtisodiy jihatdan qudratli kuchga aylandi. AQShning Yevrosiyo atrofidagi ta'sir doirasi yildan-yilga kengayayotir. Hindistonning ham siyosiy, harbiy va iqtisodiy salohiyati sezilarli darajada kuchaymoqda. Bunday vaziyatda er yuzida strategik muvozanatning qaytadan o'rnatilishi bir necha o'n yilliklarga cho'zilishi mumkin. Natijada Kavkaz yoki Markaziy Osiyo kabi mintaqalar u yoki bu kuch yoki kuchlar birligining gravitasion maydoni doirasiga tortilib borishi tabiiy. Markaziy Osiyo mintaqasi ham turli kuchlar bilan jadal geosiyosiy ta'sirlashuvga kiradi va o'z o'zidan u yoki bu qudrat atrofida yagona geografik va siyosiy birlik shaklida yoki alohida alohida holda birlashadi. Aks taqdirda Markaziy Osiyo respublikalari o'zaro birlashgan holda alohida siyosiy va iqtisodiy kudrat barpo etishlari kerak bo'ladi. Geosiyosiy tadqiqotlarga ko'ra Yevrosiyoda kechayotgan barcha geosiyosiy jarayonlar tarixan shakllangan qat'iy qonuniyat asosida qirg'oq hududlardan qit'aning markaziga intilishga qaratilgan. Bunga birinchi jahon va ikkinchi jahon urushlari, shuningdek keyingi 15 yil davomida Bolqon yarim oroli mintaqasida, Iroq, Kavkaz, Afg'oniston va Shimoliy Koreya atrofida kechayotgan jarayonlar yaqqol misoldir. Bu jarayonlarning jiddiylashuvi dunyoni qaytadan bo'lib olishga intilishni ifoda etar ekan, bunday paytlarda aynan Yevrosiyoni qo'lga kiritish birinchi galdagi va asosiy vazifa ekanligi o'rtaga chiqadi. Qudratli davlatlar o'rtasida kechgan shafqatsiz qirg'inbarot kurashlar aynan ana shu qit'ada strategik muvozanatning buzilishi oqibatida kelib chiqqan. Ikkinchi jahon urushidan so'ng avjiga chiqqan qurollanish poygasi ham geosiyosiy tadqiqotlarda aks etgan er yuzida ming yillardan davom etib kelayotgan ikki kuch qarama-qarshiligini ifoda etadi. Keng ma'noda “hartland” va “rimland” o'rtasida ziddiyat, boshqacha aytganda er yuragiga intilish bugungi kunda ham yuz yillardan beri davom etib kelayotgan geosiyosiy jarayonlarni belgilab bermoqda. Bu jarayonlar geosiyosatchi olimlar tomonidan chuqur ilmiy tadqiqotlar orqali o'rganilgan va aynan ushbu izlanishlar ko'pgina harbiy harakatlarining nazariy asosi bo'lib xizmat qilgan. Har ikki jahon urushlarida ham Berlin – Moskva – Tokio yoki Rim – Berlin – Tokio, Vashington – London - Moskva ishtirokidagi geosiyosiy loyihalar asosida qit'a taqdiri geosiyosiy o'yinlar sahnasiga aylangan va qonli urushlar ro'y bergan. Qudratli davlatlar aynan geosiyosiy tadqiqotlar asosida o'z tashqi strategiyasini qurishgan, tashqi siyosat borasida muhim qarorlar aynan geosiyosatchilarning qat'iy maslahatlariga tayangan holda amalga oshirilgan. Buni Britaniyada o'n to'qqizinchi asr oxiri va yigirmanchi asr boshlarida yashab o'tgan Xelford Makkinder hamda o'tgan asrning so'ngi choragida alohida shov-shuvga sabab bo'lgan geosiyosatchi olimlar S.Xantington, F.Fukuyama yoki Z.Bzejinskiylar misolida yaqqol kuzatish mumkin. S.Xantington o'z asarida turli sivilizatsiyalar o'rtasidagi tarixiy raqobat sirlarini aynan geosiyosiy talqinda qo'lga oladi. U turli sivilizatsiyalarni talqin qilar ekan Markaziy Osiyoning geosiyosiy ahamiyati va qanday geosiyosiy kuchlar ta'sirida ekanligini ko'rsatib beradi. F.Fukuyama umumbashariy miqyosdagi mondializmning targ'ibotchisi sifatida maydonga chiqadi. Uning asarida ham nafaqat mintaqalar, balki qit'alar taqdiri geosiyosiy nuqtai-nazardan yagona markazga bo'ysundirilishini o'z ichiga oladi. Bzejinskiy esa o'z asarida Yer yuzidagi geosiyosiy kuchlar o'rtasidagi raqobat strategiyasini ochiqdan-ochiq ko'rsatib etakchi kuchlar o'rtasidagi raqobat aynan geosiyosiy qoidalarga asoslanishini isbotlab berdi. Yrvrosiyoda strategik muvozanatning buzilishini mamlakatimiz va mintaqamiz atrofida kechayotgan voqea-hodisalar misolida osonroq tushunish mumkin. Aniqroq aytganda, 1999 yildan 2005 yilgacha birgina O'zbekistonda ro'y bergan terrorchilik aktlari Markaziy Osiyo atrofida keyingi o'n yilliklarda ro'y berayotgan geosiyosiy jarayonlarning oqibati ekanligini namoyon etdi. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov bu voqeaning buyurtmachilari uzoq xorijda ekanligini, umuman bunday voqealar yoqilg'i-energetika zaxiralari ulkanmintaqalar atrofida tashqi ta'sir ostida ro'y berishini ta'kidlaganlarida, geosiyosiy jarayonlarning muhimligi yanada oydinlashadi. Ana shu nuqtai-nazardan bundan buyon geosiyosatning tub mohiyatini o'rganish, bu sohada ilmiy tadqiqotlari olib borish ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi. Markaziy Osiyoning geosiyosiy ahamiyati va uning xavfsizligi to'g'risida ham dastavval ismlari qayd etilgan xorijlik mutaxassislar va geosiyosatchilar atroflicha fikr bildirishgan. Chunki Markaziy Osiyo qit'adagi eng yirik kuchlar, jumladan Rossiya, Xitoy, Hindiston va Eronning o'rtasida joylashganligi tufayli uning turli manfaatlar tugunida ekanligini birdiradi. Mintaqaviy xavfsizlik to'g'risidagi har qanday tadqiqot aynan geosiyosiy nuqtai-nazardan qo'lga olinishi, mintaqaning turli geosiyosiy kuchlar hamda markazlar o'rtasida joylashganligidan kelib chiqilishi kerak bo'ladi. Buning uchun esa geosiyosat fanining nazariy mohiyatini anglash, xavfsizlik kategoriyasini esa aynan geosiyosiy qoidalar asosida qurish maqsadga muvofiqdir. Geosiyosiy muammolar ilmiy muammo sifatida O'zbekistonda faqat mustaqillikka erishilgandan keyin o'rganila boshlandi. Ma'lumki, har bir davlat mustaqil rivojlanish yo'liga qadam qo'yar ekan, o'z milliy manfaatlari tizimini aniq belgilab olishi, milliy xavfsizlikni ta'minlashning eng asosiy tamoyillari hamda ustuvor yo'nalishlarini ishlab chiqishi zarur. Buning uchun milliy yoki mintaqaviy xavfsizlik qanday tamoyillarga asoslanishini chuqur o'rganish maqsadga muvofiqdir. Xavfsizlik hodisasini geosiyosiy asosda tadqiq qilish O'zbekistonda ilgari olib borilmaganligi tufayli etakchi davlatlarda bu borada olib borilgan izlanishlarga tayanishga to'g'ri keladi. Ma'lumki geosiyosiy muammolar sobiq ittifoqning markaziy qismidagi maxsus tadqiqot markazlarida tegishli mutaxassislar tomonidan o'rganilgan. Barcha ittifoqdosh respublikalarda bo'lgani kabi O'zbekistonda ham ijtimoiy-siyosiy sohadagi olimlarning xavfsizlik masalalariga bo'lgan ilmiy qiziqishi qat'iy cheklangan edi. Bunga sabab ittifoqdosh respublikalarning milliy manfaatlari yagona millat atalmish “sovet xalqi” manfaatlariga bo'ysundirilgan bo'lib, har bir millatning o'z milliy manfaatlari bo'lishi mumkinligi haqidagi fikr qattiq ta'qib etilgan edi. Bunday hatti-harakat kommunistik mafkuraga qarshi chiqish, ayirmachilik, xalq dushmani va hakozo tamg'alar bilan ayovsiz qoralangan. Ilmiy jamoatchilik uchun milliy xavfsizlik va milliy manfaat mavzulari yopiq mavzu bo'lib, tadqiqotchilar o'z milliy manfaatlarini chetlagan holda ittifoq manfaatini milliy manfaat sifatida tan olgani va ulug'lagani uchun ilmiy darajaga ega bo'lgan. Bir so'z bilan aytganda o'z milliy manfaatlarini qanchalik anglagan bo'lmasin, olimlar va tadqiqotchilar boshqa yo'nalishlarda ilmiy izlanishlar olib borishga majbur bo'lganlar. Ittifoqning parchalanishi oqibatida dunyo haritasida Markaziy Osiyo mintaqasi geografik, siyosiy hamda iqtisodiy birlik sifatida qaytadan namoyon bo'ldi. Bu paytda bir tomondan milliy davlatchilik shakllarining rivojlanishi kuzatilayotgan bo'lsa, ikkinchi tomondan Markaziy Osiyoning umumiy geosiyosiy mavqei, uning geoiqtisodiy salohiyati mavzusi paydo bo'ldi. Mintaqaga etakchi kuchlarning qiziqishi kuchaydi. Bunday vaziyatda mintaqada ilgaridan manfaatlari bo'lgan hamda bu erda yangidan iqtisodiy manfaat shakllanayotgan etakchi kuchlar Markaziy Osiyoni siyosiy jihatdan birlikda ko'rishdan manfaatdor emasligi geosiyosiy qoidalar prizmasi orqali tahlil qilinganda yaqqol namoyon bo'ladi. Shu nuqtai-nazardan mintaqaviy xavfsizlik hodisasi faqat geosiyosiy qoidalar va jarayonlar kontekstida tadqiq qilinishi maqsadga muvofiqdir. Zero etakchi kuchlar u yoki bu mintaqaga kirib borar ekan, avvalo geosiyosiy va geoiqtisodiy maqsadlardan kelib chiqishlari tabiiy. Masalan mustaqillika erishgan Markaziy Osiyo respublikalari tabiiy zaxiralarga g'oyatda boy mamlakatlar hisoblanishadi. Ushbu boyliklarni jahon bozoriga olib chiqish uchun yetakchi davlatlar o'rtasida raqobat kechayotganligining guvohi bo'lmoqdamiz. Bu jarayonda mintaqadagi respublikalar o'rtasida mavjud bo'lgan ayrim ziddiyatli masalalar ishga solinishi mumkin. Ma'lumki, Markaziy Osiyo respublikalari ayrim mintaqaviy masalalarning hal etilishi borasida bir xil fikrga ega emaslar. Ushbu omillarning zarur paytda tashqi kuchlar tomonidan ishga solinishi va buning uchun mintaqa respublikalarida turli guruhlar shakllantirilishi ham bugungi kunda sir emas. Demak, geosiyosat har qanday davlatning milliy manfaatlarini ifoda etuvchi amaliy ahamiyatga ega bo'lgan tashqi siyosatdir. U milliy siyosat instrumenti sifatida har qanday davlatning, shu jumladan, Markaziy Osiyo davlatlari tashqi siyosatida ham ifodalanadi. XXI asr xalqaro munosabatlarda kuchlar nisbati o'zgarib borayotgan bir sharoitda boshlandi. Butun insoniyatni, jumladan, O'zbekistonliklarni ham bugungi davrning asosiy jihatlari tashvishlantiradi. Dunyoning qiyofasi qanday tusga kirdi? Insoniyat o'z taraqqiyotining qaysi marrasiga ko'tarildi? XXI asrga kelib Yevrosiyoda tinchlik va kuchlar muvozanatini ta'minlash uchun qanday imkoniyatlar paydo bo'ldi? - degan savollar barchani o'ylantirishi tabiiy. Ushbu masalalarni, Markaziy Osiyo atrofida keyingi yillarda ro'y bergan geosiyosiy jarayonlar orqali tahlil etish muammoni yoritishga yordam beradi. Zero, Markaziy Osiyo yirik kuchlar o'rtasidagi geosiyosiy raqobatning asosiy nuqtalaridan biri ekanligi ayon bo'lmoqda. Markaziy Osiyodagi geosiyosiy vaziyat bu erdagi kuchlar muvozanatiga ta'sir etuvchi eng muhim omillardan ekanligini nazardan qochirmagan holda, bevosita bu hududdagi davlatlar qudrati, muammolari va ular olib borayotgan siyosatni tahlil etishga harakat qilamiz. Markaziy Osiyodagi muvozanatga bevosita ta'sir etishdan manfaatdor bo'lgan Rossiya 2005 yilga kelib o'z byudjetida birinchi marta 30 milliard dollarlik yirik daromadga erishdi. Ayni paytda, Rossiya oldida bir tarafdan ichki ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etish, ikkinchi tarafdan, ilgarigi siyosiy mavqeini tiklashdek ulkan va murakkab vazifa turibdi. Rossiyaning Yevrosiyodagi asosiy geosiyosiy “o'yinchi” ekani uning yuqoridagi vazifalarni muvaffaqiyat bilan amalga oshirishiga bog'liq. Rossiyaning ichki ishi bo'lib ko'ringan ijtimoiy-iqtisodiy harakterdagi masalalar uning Yevrosiyoda geosiyosiy muvozanatning buzilishiga yoki aksincha saqlanib qolishi va hatto kuchayishiga ham ta'sir etadi. Rossiya o'z muammolarini hal etish uchun zarur bo'lgan vaqtni qo'ldan boy bermaslik uchun avvalo MDH hududida tinchlik saqlanib turishidan manfaatdordir. Ayni paytda, Rossiya G'arb ta'siriga tushib qolayotgan MDH davlatlarini o'z ta'sir doirasida saqlab turishga ham harakat qiladi. Ammo Rossiya o'z muammolariga qorishib yotgan bir paytda Boltiqbo'yi davlatlari butunlay Yevropa va NATO tarafiga o'tib ketdi, Ukraina va Gruziya ham shu yo'idan bormoqda. Markaziy Osiyoda esa O'zbekistondan tashqari barcha davlatlar muayyan tashqi ta'sirga dosh berish yoki xalos bo'lishi qiyin kechmoqda. Rossiyaning MDH davlatlari manfaatlariga mos ravishda tashqi siyosat olib borishiga ta'sir qiluvchi ikki xil omil mavjud. Biri sobiq sho'rolar tizimidan qolgan va Yelsin davrida yanada murakkablashgan ijtimoiy-iqtisodiy harakterdagi ichki muammolar bo'lsa, ikkinchisi G'arbning Rossiyani parchalab tashlashni ko'zda tutgan intilishlari bilan bog'liq. Ichki va tashqi muammolarni quyidagicha tavsiflash mumkin. Ichki muammolar: - davlat boshqaruv tizimini to'liq egallab olgan korrupsiya; - iqtisodiy jinoyatlar; - eski tuzumdan qolgan va hozirgacha bartaraf etish imkoni bo'lmagan ijtimoiy-iqtisodiy muammolar; Rossiyaning ta'sir doirasini toraytirishga qaratilgan NATOning Sharqqa kengaytirilishi, “rangli inqiloblar”ni amalga oshirish orqali G'arb ta'siridagi “bufer” davlatlarni shakllantirish; - xalqaro terroristik guruhlarni qo'llab-quvvatlash orqali ayirmachilik kayfiyatlarini kuchaytirish; - Transnmilliy korporasiyalar vositasida Rossiyaning xom ashyo zaxiralariga egalik qilish; Rossiyada demokratik islohotlarni, fuqarolik jamiyati tamoyillarini joriy etish mamlakat milliy yaxlitligiga xorijiy nodavlat notijorat vakolatxonalarini ochish yoki shunday tashkilotlarni tashkil etish va qo'llab-quvvatlash. Shunday qilib, Yevrosiyoning asosiy qismini egallagan Rossiyaga ham tashqaridan, ham ichkaridan salbiy ta'sir etuvchi jiddiy tahdidlar va muammolar mavjud. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti I.Karimov ta'biri bilan aytganda, “tabiiy boyliklarining qanchalik ko'pligini tasavvur ham eta olmaydigan” bu davlatga ko'z tikkanlar talaygina. Xusuan, AQShning sobiq davlat kotibi Madlen Olbrayt “…bu qadar katta hududning bitta davlatga tegishli ekanligi adolatdan emas”ligini ta'kidlab, davlatining geosiyosiy maqsadlarini oshkor etgan edi. Demak, Rossiya jo'g'rofiy xususiyatlari, maydonining kattaligi, tabiiy zaxiralarining ko'pligiga qaramasdan qator ichki muammolarning hal etilmagani bois Yevrosiyo strategik muvozanatini bir o'zi saqlab qolishi mumkin emas. Buning uchun MDHdagi barcha davlatlarning birligi, bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilishi talab etiladi. Boshqacha aytganda, bu kabi murakkab masalaning hal etilishi MDH davlatlari, jumladan, Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi ichki barqarorlik va ular olib boradigan tashqi siyosatiga ham bog'liqdir. Shu ma'noda, Markaziy Osiyo davlatlarining Yevrosiyodagi strategik muvozanat masalasiga nisbatan geosiyosiy pozisiyasiga to'xtalish maqsadga muvofiq bo'lur edi. Yevrosiyo strategik muvozanatiga ta'sir etadigan davlatlar qatoriga Ukraina va Belorussiyani kiritish mumkin. Bir necha yillardan buyon hukuma inqirozini boshidan kechirayotgan Ukrainada prezident, hukumat va muxolifat o'rtasidagi ziddiyat shu qadar avj olganki, bu mamlakatda sog'lom siyosiy vaziyatni yaratish o'ta mushkulligicha qolmoqda. Ukrainadagi vaziyatning nozik jihati uning G'arb va Rossiya o'rtasidagi geosiyosiy o'yin qurboniga aylanganligiga borib taqaladi. Aynan G'arbdan kelgan kuchlar G'arbiy va Sharqiy Ukraina fenomeniga urg'u berdilar. Albatta, o'z milliy manfaatlari chegarasining torayib borishiga qarab tura olmagan Rossiya tez orada Ukrainaga sotiladigan gaz narxini oshirishini e'lon qildi. AQSh tomonidan Ukrainada (Chexiya va Polshada ham) Raketaga Qarshi Mudofaa (RQM) tizimini o'rnatish to'g'risidagi 2007 yilning boshidagi e'loni Rossiyaning manfaatlariga navbatdagi zarba bo'lganligini ta'kidlash mumkin. Ma'lumki, Ukrainaning NATO va YEIga qabul qilinishi ehtimoli bir necha yillardan beri ta'kidlanib kelinmoqda. Bu esa jiddiy o'zgarish – ya'ni mamlakat siyosiy, iqtisodiy, qolaversa madaniy yoki yanada kengroq, tamadduniy strategiyasining sharqiy yo'nalishdan G'arb tomon burilayotganini ko'rsatmoqda. Bu o'rinda G'arb olami Ukrainadagi unchalik jiddiy katolik omilini ham ishga solishga harakat qilmoqda. Oqibatda Ukraina va Rossiya tarixida bir necha bor ro'y bergan “ajralish” jarayoni yana bir bor ro'y berdi. Belorussiya ham Ukraina singari Rossiya bilan inqirozli munosabatlar girdobiga tushib qolgan. Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati qarorgohi joylashgan Belorussiya bu tashkilotning rivojlanishi uchun qanchalik harakat qilmasin jo'g'rofiy va geosiyosiy omillar bunga yo'l bermayapti. Rossiya va YEI o'rtasida joylashgan Belorussiya uzluksiz ikki yoqlama geosiyosiy ta'sir ostida. Natijada Rossiya Bilan ittifoq tuzish rejasi ham noma'lum muddatga cho'zilmoqda. Vaziyatning hozirgidagidek davom etishi Belorussiya o'z siyosiy yo'nalishini aniq belgilab olishini bundan keyin ham murakkablashtiraveradi. Bir so'z bilan aytganda, jo'g'rofiy jihatdan Yevropa hududida joylashganligiga qaramasdan Belorussiyaning Yevropa Ittifoqi yoki NATOga kirishi uchun birinchi navbatda u Rossiya bilan kelishuvga erishishi kerak bo'ladi. Aks taqdirda har ikki tarafdagi kuchlar uning tashqi siyosatiga teskari ta'sir ko'rsataveradi. Ayrim mutaxassislar Belorussiya uchun eng maqbul yo'li sifatida YEIni ko'rsatishayotgan bo'lsa, boshqalari Rossiya Bilan birlashish ma'qul ekanini ta'kidlashmoqda. Belorussiyaning YEI tomon yurishi Yevrosiyodagi strategik muvozanatda Rossiya mavqeining zaiflashuvi va aksincha Yevropa yoki boshqacha aytganda G'arb omilining kuchayishiga olib keladi. Kavkaz mintaqasi ham Yevrosiyodagi Yangi tartibda faol ishtirok etayotgan mintaqa hisoblanadi. Gruziya Rossiyaning azaliy hamkori bo'lsa-da, mustaqillik yillarida bu mamlakat iqtisodiy imkoniyatlarining cheklanib qolishi uni Rossiyaning raqibiga aylantirdi. G'arb bu mintaqada o'ziga sherik sifatida Gruziyani tanlagani bejiz emas. Bundan tashqari, Gruziyada Rossiya bilan bo'lgan Shimoliy Osetiya va Abxaziya deb atalgan “olovli nuqta”lar mavjud bo'lib, ularni ishga solish, avvalo Rossiyani tashvishga solish, kezi kelganda esa Gruziyaning o'ziga ham qarshi ishlatilishi mumkin. Kezi kelganda deganda, bu erda Gruziyaning o'zi bir kun kelib G'arbga qarshi bo'lib qolgan taqdirda millatlararo negizda fuqarolar urushini boshlash ehtimoli nazarda tutilmoqda. Rossiya esa bevosita o'z milliy manfaatlari chegarasida ro'y beradigan bunday jarayonlarga qarab tura olmaydi va albatta Gruziyaning G'arbga qarshi chiqishi uchun qo'lidan kelgan barcha imkoniyatlarini ishga soladi. Gruziya G'arb bilan yaqin hamkorlikka kirishmasdan ilgari Yevrosiyo strategik muvozanatida katta ahamiyatga ega emas edi. Ammo bunday sherikchilik bu davlatning Kavkaz mintaqasidagi strategik ahamiyatini keskin oshirib yubordi. Boshqacha aytganda, biror bir strategik ashyoga ega bo'lmagan kichkina bir davlat to'satdan, qariyb bir asr hamkorlik qilib kelgan Rossiya qo'shinlarini o'z hududidan haydab chiqardi va uning strategik raqibiga aylandi. Bunga albatta Gruziyada amalga oshgan “rangli inqilob” sabab bo'ldi. Ammo bu inqilob Gruziyani Rossiyaga qarshi raqibga aylantirishidan tashqari, Gruziya xalqiga na ijtimoiy-iqtisodiy hayotda na demokratiyani rivojlantirishda biror bir naf keltirganini aytish qiyin. Ammo, bu hududda Rossiyaning manfaatlariga navbatdagi jiddiy zarba bo'ladigan Baku – Tbilisi – Kars neft quvuri loyihasi amalga oshirilmoqda. 2007 yilning fevral oyida e'lon qilingan bu hamkorlik Ozarbayjon neftini Gruziya orqali Turkiyaning Qars viloyatiga va undan keyin Yevropaga olib chiqishni nazarda tutuvchi yirik strategik loyihadir. G'arb Yevrosiyo hududidagi energetika zaxiralarini Rossiyani chetlab o'tgan holda dunyo bozoriga olib chiqish yo'llarini hamisha izlab kelganini nazarda tutsak, Baku - Tbilisi - Qars quvo’rining amalga oshishi aynan ana shu rejani hayotga tadbiq etilishini anglatadi. Albatta, bu erda Armaniston o'zining ishtirokini va albatta o'ziga tegishli bo'ladigan ulushni “talab” qilmoqda. AQShdagi kuchli arman disporasi bu strategik loyihini amalga oshmasligini talab qilib AQSh rahbariyatidan amaliy harakat talab qilmoqda. Bunga javoban ana shu loyiha e'loq qilingan kundan ikki-uch kun o'tar-o'tmas AQSh davlat departamentining Kavkaz mintaqasi bo'yicha vakili bu loyiha to'g'risida o'zining salbiy munosabatini bildirdi. Boshqa tarafdan Rossiya ham Gruziyaning “qilmish”lari uchun bu loyihani qo'llamasligi tabiiy. Oqibatda juda ambisiyali bo'lgan bu loyiha mintaqada turli ko'rinishdagi ziddiyatlarga va butun Yevrosiyodagi kuchlar nisbatiga ta'sir ko'rsatishi mumkin. Yevoosiyoda o'z mavquini muntazam oshirib kelayotgan, Markaziy Osiyo va Rossiyaning o'rtasida joylashgan Qozog'istonning geosiyosiy yo'nalishiga to'xtalib o'tish joiz. Qozog'iston MDH, ShHT va Yevrosiyo Hamkorlik Tashkilotining faol a'zosi hisoblanadi. Bu tashkilotlarga a'zolik Qozog'iston tashqi siyosatining to'liq Yevrosiyo hududiga yo'naltirilganini namoyon etadi. Binobarin, iqtisodiy jihatdan rivojlanib borayotgan Qozog'iston uchun MDH davlatlari manfaatlariga zid keladigan tashqi siyosat yuritishga asos yo'q. Ammo keyingi vaqtda Qozog'istonning o'zi a'zo bo'lgan mintaqaviy tashkilotlar nizomlariga va demakki, shu hududdagi davlatlar manfaatlariga zid hatti-harakatlar ko'zga tashlanayotgani g'oyat achinarlidir. AQShning yirik kompaniyalari Qozog'iston g'arbidagi Shimoliy Kaspiy shelfida joylashgan eng yirik konlar hisoblangan Tengiz va Qorachig'anoq konlaridan bir necha yillardan beri neft qazib xorijga eksport qilmoqda. AQShning bunday jiddiy iqtisodiy manfaatlari Qozog'istonni o'z ta'sir doirasida saqlab turishni talab etadi. Buni ta'minlash uchun esa G'arbiy davlatlar turli noan'anaviy usullardan ham foydalangani sezilmoqda. Shunday faoliyat natijasi bo'lsa kerak Qozog'iston o'zi faol ishtirokchi bo'lgan MDH hududidagi mintaqaviy tashkilotlarda faolligi keskin susayib ketdi. Bu esa uning G'arbdagi iqtisodiy sheriklar manfaatlariga oid ayrim majburiyatlarni o'z zimmasiga olganligini namoyon etadi. Shuni ta'kidlash kerakki, Qozog'istonning neftga boyligi bundan keyin ham unga turli tahdidlarni keltirib chiqarishi mumkin. Qirg'izistonning mintaqaviy vaziyatga nistaban yondoshuvi ham o'ziga xosdir. Qirg'izistondagi 2005 yilning mart oyida ushbu mamlakatda yuz bergan hukumat inqirozi A.Akaevning hokimiyatdan chetlashishga va bir necha yillar davomida qamoqda yotgan sobiq ichki ishlar vaziri F.Kulovni hukumat tepasiga keltirdi_. Prezidentlik lavozimini esa Jalolobod viloyatidan bo'lgan Q.Bakiyev egalladi. Qirg'izistonda vujudga kelgan vaziyat bu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti natijasida emas, balki tashqi geosiyosiy ta'sir oqibatida yuz berdi. Davlat rahbariyati mamlakatning tarixiy taraqqiyot yo'li, madaniyati, dini va millat tiynatini hisobga olmagan holda xorij polittexnologlari ta'siriga tushib qoldi hamda g'arbona qadriyatlarning kirib kelishiga yo'l qo'yib berdi. Oqibatda iqtisodiy nochor bo'lgan mamlakat aholisi mavjud muammolarni bartaraf etish uchun hokimiyatni almashtirish zarur, degan xulosaga keldi. E'tiborli jihati shundaki, besh mingdan ortiq xorijiy nodavlat tashkilotlari o'n yildan ortiq davr mobaynida asosan ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy yo'nalishda yuritgan faoliyati o'z “mevasini” berdi. Mamlakatdagi muammolarning negizida avvalo iqtisodiy masala bilan bog'liq ekanini e'tiborga olmaydigan, ularning echimini topa olmaydigan muxolifat paydo bo'ldi va xalqni an'anaviy yo'nalishidan toydirgan holda milliy birlikka putur etkazdi. Qirg'izistonda vujudga kelgan vaziyat ham Yevrosiyodagi geosiyosiy muvozanatni qo'lga olishga intilayotgan G'arb davlatlarining ishi ekani ayon bo'lib qoldi. Ma'lumki, Qirg'iziston ShHT a'zosi sifatida, o'z hududida chet el (bu tashkilotga a'zo bo'lmagan davlatlarning) harbiy qismlarini saqlamaslik majburiyatini zimmasiga olgan. Shunga qaramasdan, xalqaro terrorizmga qarshi kurash paytida Bishkek aeroportiga joylashtirilgan AQShning “Gansi” nomli harbiy bazasini Qirg'iziston hukumati hali-beri chiqarish niyati yo'q. Shuni ta'kidlash kerakki, ShHT talabi bilan “Manas” aeroportidan AQSh harbiy bazasining chiqarilishi Qirg'izistonda ijtimoiy-siyosiy vaziyatning yanada chigallashuviga olib kelishi mumkin. Hozirgi vaqtda tashqi kuchlar tomonidan mamlakatni janub va shimolga bo'lib yuborish, janubiy viloyatlar –O'sh, Jalolobod va Batken hududida faoliyat olib borayotgan radikal kuchlarningqo'llab-quvvatlanishi butun Farg'ona vodiysidagi barqarorlikka putur etkazishi mumkin. Qirg'iziston hukumatining janubiy viloyatlardagi ijtimoiy-siyosiy vaziyatni to'liq nazorat qila olmayotganligi, turli nodavlat notijorat tashkilotlari niqobi ostida tashqi kuchlarning erkin faoliyat yuritayotgani, shuningdek, Qirg'iziston va Tojikiston o'rtasidagi chegaralarning zaifligi bu mamlakatni katta geosiyosiy o'yin qurboniga aylantirmoqda_. Oqibatda Qirg'iziston nafaqat ShHT, balki Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati oldidagi majburiyatlarini ham bajarishga ojizlik qilmoqda. Yevrosiyoda strategik muvozanatni saqlash, uni tashqi kuchlar ta'siridan himoyalash maqsadida tashkil etilgan ushbu mintaqaviy tashkilotlar Qirg'izistondan bu borada izchil siyosat yuritishni talab etishi tabiiydir. Qirg'iziston bu vaziyatda qirg'iz xalqining strategik manfaatlaridan kelib chiqqan holda, mamlakat tarixi va kelajagini ko'zda tutgan holda yo'l tutishi lozim. Qirg'izistonning Xitoy va Rossiya manfaatlari to'qnashadigan hududda joylashganligi bu ikki ulkan davlatning unga bo'lgan munosabatida doim aks etib turadi. AQShning bu mamlakat bilan yaqinlashuviga sabab esa bir tomondan Xitoyga nisbatan o'z ta'sirini kuchaytirish, ikkinchi tomondan Qirg'izistonni Rossiya ta'siridan ixotalashga qaratiladi. Markaziy Osiyodagi strategik muvozanatda Tojikistonning ham o'ziga xos o'rni mavjud. Chunki mintaqadagi eng murakkab vaziyat saqlanib qolayotgan, boshqacha aytganda, G'arb va Sharq geosiyosiy kuchlari o'rtasidagi bir asrdan ortiq davr mobaynida bufer davlat sifatida mavjud bo'lib kelgan Afg'oniston bilan chegaradosh davlatdir. Afg'oniston va Pokistonning shimoliy hududlarida joylashgan terroristik guruhlarning Tojikiston orqali Qirg'izistonga bemalol o'tishi va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlariga hujum qilishi bu mamlakatdagi vaziyat ham geosiyosiy ta'sir doirasida ekanini yaqqol namoyon etadi. 2006 yil noyabr oyida bo'lib o'tgan saylovlar arafasida Tojikistonning AQSh va Yevropa Ittifoqi bilan aloqalari jadallashib ketdi. AQSh Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari R.Baucher 2006 yilda ikki marta Tojikistonga kelib mamlakat Tojikiston rahbariyati bilan Markaziy Osiyodagi geosiyosiy vaziyat xususida suhbatlashdi. Tojikistonning turli sohadagi mutaxassislari qator dasturlar orqali AQShga malaka oshirishga yuborildi. G'arbiy davlatlar turli xalqaro dasturlar doirasida Qirg'iziston va Tojikistonga million-million dollar miqdorida moddiy-texnikaviy yordam ko'rsatmoqda. Tojikistonning bunday siyosati MDH, Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati va ShHT oldidagi majburiyatlarini bajarishga ma'lum ma'noda to'sqinlik qilishi mumkin. Boshqacha aytganda, bu davlat yuqorida sanab o'tilgan tashkilotlarga a'zo bo'la turib, ularning siyosatini qo'llab-quvvatlash o'rniga, G'arb davlatlari ta'siriga tushib qolmoqda. Rossiyalik siyosatchi G.Pavlovskiyning ta'biri bilan aytganda, Tojikiston prezidenti E.Raxmonov turli geosiyosiy kuchlar orasida ikkilangan holda “tebranish”da davom etmoqda_. Bu bilan Tojikiston Markaziy Osiyodagi barqarorolikka hissa qo'shish emas, balki ichki xavfsizligini ta'minlashi qiyin bo'ladi. Turkmaniston olib borayotgan tashqi siyosatga kelganda shuni ta'kidlash kerakki, bu mamlakat o'zining betaraflik pozisiyasi tufayli Markaziy Osiyoda kechayotgan geosiyosiy jarayonlardan tashqarida qolishga harakat qilmoqda. Ayni paytda, mamlakat ichkarisida olib borilayotgan siyosat turkmanlarning o'z qobig'iga o'ralib, tashqi dunyo bilan aloqalarining susayishiga olib kelmoqda. Turkmaniston prezidenti S.Niyozov 2004 yilda Buxoroga tashrif buyurgan chog'ida ikki mamlakat o'rtasida munosabatlarni rivojlantirish, chegara hududlarida ikki taraf manfaatlariga xizmat qiladigan iqtisodiy infratuzilma shakllantirish zarurligini ta'kidlagan. Amalda esa Turkmaniston olib borgan siyosat chegara hududlaridagi vaziyatning murakkablashuvi vabab bo'lmoqda. Turkmaniston nafaqat O'zbekiston, balki MDH bilan ham ana shunday beqaror siyosat olib bormoqda. Bunday siyosat Turkmaniston uchun juda salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Turkmaniston betaraf bo'lishiga qaramasdan, Markaziy Osiyodagi geosiyosiy jarayonlardan chetda qolishi mumkin emas. Bunga avvalo G'arbdagi kuchlar yo'l qo'ymaydi. Yevropa Ittifoqi, YEHXT va BMTning turli mintaqaviy bo'linmalari Turkmaniston rahbariyatini uzoq vaqtdan buyon ogohlantirib kelmoqda. G'arb siyosiy texnologlari Turkmanistonning istiqboli, davlat tuzumini qay tarzda, qachon va kimlar orqali o'zgartirishga oid muayyan rejalar ishlab chiqilgan. Xullas, Turkman davlatchiligining kelajagi mintaqadagi geosiyosiy vaziyatni uning rahbariyati tomonidan teran anglanishiga bog'liq bo'lib qoldi. Bunday vaziyatda mamlakat rahbariyati o'z xalqi taqdirini o'ylagan holda, avvalo MDH va Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati bilan aloqalarini mustahkamlashi zarur. 2006 yilning oxirida Turkmaniston prezidentining to'satdan vafot etishi bu mamlakatga nisbatan turli kuchlarning qiziqishini keskin oshirib yubordi. Mutaxassislar Turkmanistonda o'z hukmronligini o'rnatish uchun turli guruhlar o'rtasida kurash boshlanishini taxmin qilmoqda. Masalan, Rossiyalik tadqiqotchi, “Politika” jamg'armasining prezidenti V.Nikonov Rossiya telekanalining “Vesti” programmasiga bergan intervyusida “Prezident S.Niyozovning vafoti munosabati bilan Turmanistonda gilam ostida buldog itlar g'ajishi boshlanadi”, degan edi. Bunday vaziyatda Turkmaniston siyosiy sahnasida muayyan jonlanish ro'y berishi tabiiydir. Bu hol, birinchidan, mamlakatda uzoq yillardan beri S.Niyozov va uning siyosatiga qarshi bo'lgan muxolif kuchlar, ikkinchidan, bu mamlakatni o'z ta'sir doirasiga olishga intilayotgan qudratli davlatlarning maqsad-muddaolari, uchinchidan, ko'p yillar mobaynida Turkmanboshi yaratgan siyosiy tuzumdan aziyat chekkan, masalan, siyosiy ayblovlar bilan qamalgan, chegara hududlarida davlatning adolatsiz siyosatidan jabr ko'rgan turli millat vakillaridan iborat ijtimoiy qatlamlarning siyosiy tuzumning o'zgarishidan manfaatdor ekani bilan bog'liqdir. Bir so'z bilan aytganda yangi tuzum shakllantirilmaguncha Turkmaniston mintaqadagi eng beqaror mamlakatga aylanib qolishi mumkin. Turkmanistonning kelajagiga bevosita va bilvosita aloqador bo'lgan davlatlar bu mamlakatda o'z manfaatlariga mos siyosiy tuzumni shakllantirishga harakat qiladi. Bu maqsadni amalga oshirish uchun turli geosiyosiy o'yinlar amalga oshiriladi. Turkmanistonning birinchi prezidenti hayotligida ustalik bilan qo'llab kelgan betaraflik pozisiyasi ham uning vafotidan keyin “de-yure” saqlanib qolsa-da, ayrim tashqi kuchlar bu maqomni “de-fakto” yo'qotishga harakat qilsa ajab emas. Oqibatda yuqorida qayd etilgan ichki va tashqi omillar tufayli Turkmanistonda mustaqillik davrida yaratilgan davlatchilik an'analari barbod bo'lishi va qudratli davlatlar tarafidan xomtalash bo'lishi ehtimoli katta. Ko'rinib turibdiki, O'zbekistondan tashqari Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridagi ichki va tashqi siyosiy vaziyat ancha nozik bo'lib, ular tashqaridan amalga oshirilayotgan kuchli geosiyosiy ta'sir ostida qolib kelmoqda. Ushbu davlatlarning suverenitetini ta'minlash va iqtisodiy qudratini oshirish maqsadida tashkil etilgan mintaqaviy tuzilmalar – Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyati va ShHTning ahamiyati beqiyosdir. Masalan, Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga Belorussiya, Rossiya, Qozog'iston, Tojikiston, Qirg'iziston va O'zbekiston a'zo bo'lib, Ukraina, Moldova va Armaniston bu tashkilot faolityatida kuzatuvchi sifatida ishtirok etmoqda. Shuni ta'kidlash kerakki, tuzilgandan buyon bu tashkilot Yevrosiyoning turli mintaqalaridagi geosiyosiy bosim tufayli jiddiy muvaffaqiyatga erishganicha yo'q. Boshqacha aytganda, a'zo davlatlarning ba'zilari hanuzgacha g'arbiy kuchlar ta'sirida mustaqil siyosat yurita olmayapti. Bu esa tashkilot oldida turgan amaliy ishlarning oqsashiga olib kelmoqda. MDHning takomillashuviga ehtiyoj sezilayotgan bir paytda ma'lum darajada uning o'rnini bosish mumkin bo'lgan Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatining kuchayish o'rniga zaiflashuvi mintaqadagi strategik muvozanatga salbiy ta'sir ko'rsatadi. Bu tashkilotga O'zbekiston a'zo bo'lguniga qadar u qaysidir ma'noda tugal bir shaklga ega bo'lmagan edi._ Boshqacha aytganda, Markaziy Osiyoda asosiy geosiyosiy mavqega ega bo'lgan O'zbekiston Yevrosiyo Iqtisodiy Hamjamiyatiga a'zo bo'lmagan paytda, ushbu tashkilot jiddiy istiqbolga ega ekanligiga barcha shubha bilan qarar edi. Endi esa bu tashkilot har tarafdan kuchli pozisiyaga ega bo'lgan Rossiya va O'zbekiston singari a'zolarga ega bo'lganligi tufayli bojxona ittifoqi, yagona iqtisodiy makonni shakllantirish uchun aniq imkon tug'ildi. Bu maqsadga erishish uchun sobitqadamlik, birlik va mustaqil siyosat talab etiladi. Biroq, yuqorida ko'rganimizdek, a'zo davlatlardagi vaziyat ularning ko'pchiligida siyosiy irodaning etishmasligini namoyon etmoqda. Bu esa tashkilotning amaliy samaradorligiga putur etkazadi va uni navbatdagi byurokratik tuzilmaga aylantirishi mumkin. Hozirgi davrda Markaziy Osiyodan o'z iqtisodiy manfaatlarini qidirayotgan tashqi kuchlar turli usullar bilan bu erdagi davlatlar suverenitetiga tahdid solayotganligi hech kimga sir emas. Ular bu bilan nafaqat yoqilg'i zaxiralariga egalik qilish, balki Yevrosiyoning markazi bo'lgan “Yer yuragi”ni zabt etishni ham maqsad qilgan. Bu NATOning Sharqqa siljishi, AQShning 2007 yilning boshida e'lon qilingan Chexiya, Polsha va Ukrainada Raketaga Qarshi Mudofaa (RQM) tizimini o'rnatishga qaratilgan siyosatida ham ochiq namoyon bo'lmoqda. Shunday qilib, mamlakatimiz atrofida kechayotgan geosiyosatda hudud va kuch hodisasi o'ziga xos ahamiyatga ega. YEtakchi kuchlarning Markaziy Osiyodagi geosiyosatiga qarshi tura oladigan tuzilmalarning kuchayishi, mintaqadagi davlatlarning izchil va qat'iy tashqi siyosati, Yevrosiyoga yo'nalgan aniq pozisiyasiga ko'proq bog'liq ekani namoyon bo'lmoqda. Aks holda bu hududda geosiyosiy vaziyat tubdan o'zgarishi va yangi strategik tartibot vujudga kelishi mumkin. Bunday holatda milliy birligini saqlab qolgan, o'z milliy manfaatlariga tayangan holda, aniq va izchil siyosat yuritgan davlatgina uzluksiz rivojlanadi. Har qanday holatda ham Yevrosiyodagi strategik muvozanatning tashqi kuchlar nazoratida qolishi mahalliy xalqlar uchun jiddiy sinov bo'ladi. Bunday murakkab holatni oldini olish uchun mintaqadagi vaziyatning barqarorlashuviga xizmat qiladigan ShHT singari tuzilmalar faoliyatining takomillashtirish masalasiga jiddiy e'tibor qaratish zarur.
Adabiyotlar: 1. Жалилов А., Хэлфорд Маккиндернинг геосиёсий қарашлари // Жамият ва бошқарув, 2006, 2-сон. 2. Ўзбекистонда политология.-Т.:Шарқ, 2002. 3. Дугин А. Основы геополитики. Часть первая. -М.:Арктогея,1997. 4. Нартов Н.А. Геополитика. Учебник для вузов. -М.:ЮНИТИ,1999. 5. Независимый Узбекистан. Научно-популярный словарь.-Т.:Шарқ, 2003. 6. Поздняков Э.А. Геополитика. - М., Культура, 1995. 7. Хантингтон С. Столкновение цивилизаций и переустройство мирового порядка // «Полис», 1994, № 1. 8. Хантингтон С. Столкновение цивилизаций и переустройство нового мирового порядка. - М.: ACT, 2003. 9. Бжезинский Великая шахматная доска. Господство Америки и его геостратегические императивы. - М., 2000. 10. Боден Ж. Метод легкого познания истории. - М.:Наука, 2000. 11. Василенко И.А. Геополитика. - М. Логос, 2003. 12. Гаджиев К.С. Введение в геополитику. Изд 2, доп. и перераб. М., 2001. 13. Гаджиев К.С. Геополитика. –М.:Международные отношения,1997. 14. Геополитика: теория и практика // Сб.статей под ред. Позднякова Э.А. -М., 1993.