2.1. Relefi
Farg’ona vodiysining bugungi qiyofasi uzoq davom etgan geologik-tektonik rivojlanishi bilan chambarchas bog’langan[165]7. Farg’ona vodiysi alьp geosinklinali bo’lib, O’rta Osiyoning tog’li qismidagi eng yirik tektonik botiq, ya’ni depressiyadan iborat. Lekin, vodiyda quruqlik bir vaqtda shakllanmagan.
Farg’ona vodiysini o’rab turgan tog’lar paleozoy erasida va adirlar mezozoy erasida paydo bo’lgan bo’lsa, markaziy, ya’ni tekislik qismi antropogen ta’sirda quruqlikka aylangan[]. Vodiy paleozoy erasida tektonik botiq sifatida tarkib topgan. Chunki, atrofini o’rab olgan tog’lar yuqori paleozoy erasida hosil bo’lgan. Keyinchalik mezozoy erasida denudatsiyaga uchragan, ya’ni yemirilish hisobiga pasaygan va sayoz dengiz vujudga kelgan[]. shuning hisobiga vodiyning markaziy qismida dengiz kontinental yotqiziqlari to’plana boshlaydi.
Mezozoy erasida adirlar asosan bo’r davri yotqiziqlaridan tashkil topgan. Tog’lardan boshlangan daryolar vodiyning markaziga tomon harakatlanishi sabali o’zi bilan birga ko’plab tog’ jinslarini tekislikka yotqizgan. SHuning hisobiga tosh-shag’allardan iborat konussimon yoyilmalarni hosil qilgan. Tog’larning etaklaridagi mazkur shag’al-toshlar vaqt o’tishi bilan konglomeratlarga aylangan. Keyinchalik ularning ustini lyoss qoplagan. Mana shu tarzda tog’larning etaklarida balandliklar paydo bo’lgan. Mazkur balandliklarni daryolar yuvib parchalagan. SHuning hisobiga balandliklar bo’laklarga bo’linib ketgan va adirlar vujudga kelgan[].
Kaynozoy erasining neogenning oxiri va antropogen davr boshlarida alьp tog’ burmalanishi tufayli tog’lar qayta ko’tarilgan, ularning orasi cho’kkan, tekislik qismi quruqlikka aylangan va hozirgi qiyofasi vujudga kela boshlagan.
Vodiyning markaziy qismida allyuvial-prolyuvial, ko’l-botqoqlik yotqiziqlari eng ko’p tarqalgan. Atrofdagi tog’lardan nishablik tufayli yer osti suvlari vodiyning past markaziy qismiga tomon harakatlanadi va yer betiga sizib chiqib botqoq yerlarni vujudga keltirgan. Ayrim holatlarda kuchli issiq va quruq iqlim hukmronligi ta’sirida bug’lanish hisobiga tuzlar yer betida to’planib sho’rxoklarni hosil qilgan. Markaziy Farg’onada prolyuvial-allyuvial yotqiziqlar eol kuchlar ta’sirida to’zib, ko’chma qumlar paydo bo’lgan.
Er usti tuzilishi (rel’efi yoki geomorfologiyasi). Farg’ona vodiysi hududi garchi to’rtlamchi davrda shakllangan bo’lsa-da, lekin murakkab geologik rivojlanish yo’lini boshidan kechirgan. SHu sababli vodiy rel’efi xilma-xil bo’lib, u turli omillar ta’sirida shakllangan. Bu omillar orasida uzoq davom etgan geologik-tektonik, shamol, iqlim, gidrografik (Sirdaryo va uning irmoqlarining geologik faoliyati), antropogen omillar katta o’rin tutadi.
Farg’ona vodiysini atrofini G’arbiy Tyanьshanь va Hisor-Oloy tog’ sistemalari tarkibiga kiruvchi tizmalar o’rab olgan. Bu tog’larning ayrim cho’qqilarining balandligi 4000 m dan ortib ketadi. Tog’lar vodiy markaziga tomon pasayib boradi va tekisliklar bilan tutashib ketadi. Tekislik o’rtasidan Sirdaryo bir nechta terrasa hosil qilib, sharqdan g’arbga tomon oqib o’tadi.
Tekisliklar rel’efi. Tekisliklar Farg’ona vodiysi hududining deyarli 1/4 qismini ishg’ol etadi. Uning zamini allyuvial, prollyuvial va eol yotqiziqlardan tashkil topgan. Tekislik rel’efi Sirdaryo o’zanidan shimol, sharq va janub tomonlarga zinapoyasimon holatda balandlashib, aksincha, g’arb tomonga pasayib boradi. Sirdaryoning o’zani va qayir usti terrasalari vodiyning eng past hududi hisoblanadi. Ulug’nor tumanida joylashgan Oqtom MFY hududida Farg’ona vodiysining eng past nuqtasi joylashgan (320 m). Qoradaryo va Norin daryolari qo’shilgan Baliqchi tumani hududi dengiz sathidan 393 m bo’lsa, Sirdaryoning vodiydan chiqish joyida, ya’ni Qayroqqum suv ombori yaqinida 330 m balandlikka tushib qoladi. Sirdaryo vodiysini asosan nisbatan eng yosh bo’lgan allyuvial tog’ jinslari qoplab olgan. Allyuvial tog’ jinslari qumoq, qumli, mayda shag’alli tog’ jinslaridan tashkil topgan. Loyli tog’ jinslaridan iborat Qoradaryo va Norin daryolari kichikroq maydonlarda rel’ef shakllarini hosil qilgan. Lekin Sirdaryo katta maydonlarda rel’efni o’zgartirgan va bir necha daryo terrasalarni hosil qilgan. Bu terrasalar goh kengayib, goh torayib, neandra (ilon izi) shaklida sharqdan g’arbga tomon oqib, to’lqinsimon balandliklarni hosil qiladi. Umuman olganda, vodiyning asosiy daryolari hisoblangan Sirdaryo va uning irmoqlari Norin va Qoradaryo uchta terrasa hosil qilgan. Birinchi terrasaning nisbiy balandligi 1,5 – 2 m, eng keng joyi 3 – 4 km ga teng. Ikkinchi terrasaning nisbiy balandligi ayrim holatlarda 4 m ga yetadi. Uchinchi terrasa esa ikkinchisiga nisbatan 10 – 15 m balandlikka ega.
Farg’ona vodiysining tekisliklar qismida bir necha yoyilma konuslar hosil bo’lgan va ular daryolar nomi bilan ataladi. Masalan, vodiyning janubiy qismida (Farg’ona viloyatida) So’x, Isfara, Shohimardon, Isfayramsoy, sharqiy qismida (Andijon viloyati hududida) Andijonsoy, Oqbo’yra, Aravonsoy, SHahrixonsoy, shimoliy qismida (Namangan viloyati hududida) Kosonsoy, G’ovasoy, Pochchaotasoy, Nanaysoy yoyilma konuslari va boshqalar. Ularning litologik tarkibi daryolar keltirgan tog’ jinslaridan iborat. SHuning uchun aksariyat tog’ jinslari shag’al, gil, qumoq, qum, loyqali jinslardan tashkil topgan. Ko’pincha tog’ jinslarining ustki qismida qalinligi 1-2 ga yetadigan loyqa yotqiziqlar, quyi qismida esa shag’alli jinslar joylashgan. Yoyilma konuslarning daryolarning tog’lardan oqib tushgan qismida balandligi 500-600 m bo’lib, ular Sirdaryoga tomon pasayib keladi va balandligi 300-400 m ga tushib qoladi. Natijada kichik nishablikni hosil qiladi.
Adirlar rel’efi. Adirlar O’rta Osiyoda, shu jumladan Farg’ona vodiysida keng tarqalgan rel’ef shakli. Shuningdek, O’zbekistonda Chirchiq-Ohangaron, Zarafshon, Qashqadaryo, Surxondaryo, Hisor vodiylarida ham tarqalgan. O’z navbatida qo’shni mamlakatlar Qirg’iziston va Tojikistonning Farg’ona vodiysi, Tojikistonning Vaxsh vodiysi, Turkmanistonning Turkman-Xuroson tog’ etaklaridagi (Badxiz va Qorabel) va Afg’onistonning shimoliy tog’ etaklarida uchraydi.
Farg’ona vodiysida mutlaq balandligi 600 m dan to 1200 m gacha bo’lgan qoldiq tog’lar adirlar zonasini tashkil etadi. Adirlar vodiyni halqasimon shaklda o’rab olgan. Farg’ona vodiysini shimolda Pop, Chust, Kosonsoy, sharqda Navkat, Madaniyat, Teshiktosh, Janubiy Olamushuk, Polvontosh, Bog’ishamol, Asaka, janubda Quva, Avval, Muyan, Rishton, Sho’rsuv, Konibodom adirlari halqasimon shaklda o’rab turadi va ular Sirdaryo vodiysi tomonga pasayib keladi. Ularning ustini allyuvial (daryo yotqiziqlari) qoplab olgan.
Adir deganda O’rta Osiyoning mutlaq balandligi 400-500 m dan 1200-1600 m gacha bo’lgan joylarini egallagan, ularning usti qismi to’rtlamchi davr lyoss va boshqa yotqiziqlar bilan qoplangan, och tusli, tipik va to’q bo’z tuproqlar tarqalgan, asosan o’t o’simliklardan iborat tog’ oldi zonasida joylashgan qoldiq tog’lar tushuniladi.
Tog’ oldi zonasi rel’efi. Ushbu zona adirlar bilan baland tog’lar o’rtasida oraliq zonani hosil qiladi. Asosan Qurama, Chotqol, Farg’ona, Turkiston, Oloy tizmalarning etaklarida, uncha katta kenglikka (30-50 km) ega bo’lmagan qambar polosa shaklidagi balandligi 2000 m gacha hududlarni egallaydi. Rel’efi turli omilar – tektonik harakatlar, oqar suvlar, ya’ni daryo va soylar, denudatsiya (tog’ jinslarining turli kuchlar ta’sirida yemirilishi) ta’sirida kuchli parchalangan. Tog’ jinslaridan slanets, ohaktoshlar, konglomeratlar, ayniqsa lyoss va lyossimon jinslar keng tarqalgan.
Farg’ona vodiysining janubi-sharqiy qismida Oloy tog’larining etaklarida Oqbo’yra va Aravonsoy oralig’ida baland ko’tarilgan massivlar joylashgan. Bu yerda Andijon viloyatining eng baland nuqtasi Qirtoshtau tog’lari (Xo’jaobod tumani hududida) joylashgan bo’lib, uning eng baland cho’qqisi 1545 m balandlikka ega. SHuningdek, mutlaq balandligi 1300 m ga teng Ulug’tog’, Chilustun, Chilmayram tog’lari ham shu yerda joylashgan. Ular kristallashgan ohaktosh va metamorfik slanetslardan tuzilgan.
Baland tog’lar rel’efi. Vodiyni o’rab olgan baland tog’lar G’arbiy Tyanьshan tog’ sistemasining tarkibiy qismlari hisoblanadi. Bu tog’lar paleozoy erasining gertsin davrida vujudga kelgan. Mezozoy erasida denudatsiyaga uchragan. Neogen davrida alp tektonik harakatlari natijasida qaytadan ko’tarilgan. Farg’ona vodiysini Qurama va Chotqol tizmalari g’arb va shimoli-g’arbdan, Farg’ona va Oto’ynoq tizmalari shimoli-sharq va sharqdan, Oloy va Turkiston tizmalari janub va janubi-g’arbdan o’rab olgan. Bu tog’larning o’rtacha balandligi 2000-3000 m, ayrim cho’qqilarining balandligi 4500 m dan ortadi. Tog’larning litologik tarkibida ohaktosh, qumtosh, slanets, dolomit, konglomerat kabi tog’ jinslari eng ko’p tarqalgan. Shu o’rinda Farg’ona vodiysida texnogen omil ta’sirida vujudga kelgan antropogen rel’ef shakllari ham katta maydonlarni egallashini ta’kidlab o’tish lozim.
Do'stlaringiz bilan baham: |