Bo‘lajak muloqotni bashorat qilish. Psixologik aloqa o‘rnatishning samarali bo‘lishi uchun dastlabki rejalar bo‘lishi maqsadga muvofiqdir. Buning uchun muloqotga kirishuvchi shaxs haqida zarur ma’lumotlarga ega bo‘lish kerak. Bundan tashqari, shaxsning psixologik xususiyatlarini bilish ham aloqa o‘rnatishda yordam beradi. Shuningdek, shaxsning emotsional psixologik sifatlari: jizzakilik, tajovuzkorlik, yashirin xarakter, gumonsirash va boshqalar psixologik aloqa o‘rnatishga salbiy ta’sir etadi. Keltirilgan sifatlar bashorat qilish davrida inobatga olinishi kerak.
Aloqani yengillashtiruvchi tashqi omillarni yaratish. Muloqotda namoyon bo‘ladigan har qanday holatlarda tashqi omillar ijtimoiy vaziyatlarga mos tushishi zarur. Suhbatdoshingizga hech nima xalaqit bermasligi va uni chalg‘itmasligi kerak. Suhbat davomida o‘zaro ishonch muhiti saqlanib qolinishi shart.
Tashqi kommunikativ sifatlarning namoyon bo ‘lishi. Nutq madaniyati, mimika, tashqi ko‘rinish psixologik aloqa o‘rnatishda ijobiy natija beradi. Suhbatdoshingizda ham shunga qarab ijobiy emotsional holatlar yuzaga keladi, bu esa aloqa o‘rnatishda zarur omillardan hisoblanadi. Suhbatdosh bilan muloqotning boshidan hamfikr bo‘lishga harakat qilish kerak.
Umumiy va betaraf qiziqish doiralarini aniqlash. Muloqotning boshida shaxs bilan umumiy til topish muhimdir. Bu vazifani hal etishda umumiy, shu bilan birga, betaraf qiziqishlar doirasi, masalan, tangalar, markalarni yig‘ish, sport, sayohat va boshqa qiziqishlarni aniqlash yordam beradi. Umumiy qiziqishlarni qidirib topish ijobiy emotsional holatlarga olib keladi. Bu o‘z-o‘zidan muloqotda suhbatdoshni yaqinlashtiradi. Betaraf qiziqishlar psixologik muhitni yengillashtiradi va mavqeni tenglashtiradi.
Muomaladagi og‘ishlarni bartaraf etish. Shaxslar bilan psixologik aloqa o‘rnatish davrida muomaladagi og‘ishlarni bartaraf etishga diqqatni ko‘proq qaratish kerak, chunki bu og‘ishlar, masalan, bo‘lajak emotsional zo‘riqish, muloqotning shakllanishiga ta’sir etuvchi salbiy omillar, muloqot mobaynida begona shaxslarning aralashuvi va boshqalar muomalaga salbiy ta’sir etadi. Muomaladagi og‘ishlarni bartaraf etish - psixologik aloqa o‘rnatishning majburiy shartidir.
Individual ta’sir etish. Psixologik aloqa o‘rnatishning yakuniy bosqichida xodim suhbatdoshga individual ta’sir ko‘rsatishi lozim. Bu ta’sirning maqsadi suhbatdoshidan ishonchli ma’lumotlarni olish, shu bilan birga, kelajakda ishonchli aloqa o‘rnatishdir.
Muloqotning muvaffaqiyatli bo‘lishida shaxsning shakllangan sifatlari, fazilatlarining ahamiyati juda katta. Jumladan, shaxsda ijobiy fazilatlar yaxshi shakllangan bo‘lsa (xushmuomalalik, kamtarlik, inso- niylik, to‘g‘ri so‘zlik, vijdonlilik kabilar), muloqot jarayoni ham yaxshi o‘tadi. Chunki shaxslar bir-birini to‘g‘ri tushunishlari, muloqot muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun samimiy bo‘lishlari lozim.
Xulosa qilib shuni ta’kidlash mumkinki, muloqot ichki ishlar idoralari xodimlari faoliyatida yetakchi o‘rinlarni egallaydi. Muloqotning verbal va noverbal turlari, ijtimoiy idrokning effektlari shaxslararo munosabatlarda hamma vaqt ishtirok etadi. Keltirib o‘tilgan fikrlarni inobatga olgan holda quyidagi xulosaga kelish mumkin:
muloqot murakkab jarayon bo‘lib, inson hayotida muhim omil va shaxsning shakllanishida katta rol o‘ynaydi;
muloqot ichki ishlar idoralari xodimlari uchun kasbiy vazifalarini bajarishlarida asosiy vositadir;
muloqotni olib borish vositalarini to‘g‘ri qo‘llash ichki ishlar idoralari xodimlari faoliyatining samaradorligini oshiradi.
Ichki ishlar idoralari xodimlari xizmat vazifalarini bajarishda aholi bilan muloqot qiladilar va, tabiiyki, ushbu faoliyatning samaradorligi ularning odamlar bilan muloqotga kirishish, psixologik aloqa o‘rnatish qobiliyatiga bog‘liq. Kommunikativ xususiyatlar ichki ishlar idoralari xodimlari kasb mahoratining muhim tarkibiy qismidir.
Mavzu yuzasidan savollari va topshiriqlar
Kasbiy muomala ichki ishlar organlari faoliyatida qanday ahamiyatga ega?
Muloqotning qanday turlari mavjud?
Muloqotning psixologik vazifalari nimalardan iborat?
Verbal muloqotning ko‘rinishlarini tushuntirib bering.
Noverbal muloqotning qanday ko‘rinishlarini bilasiz?
Mimika va pantomimika nima?
Muloqot jarayonida qanday psixologik to‘siqlar vujudga kelishi mumkin?
Psixologik aloqa o‘rnatish qanday bosqichlardan iborat
?5-mavzu
ICHKI ISHLAR IDORALARI FAOLIYATIDA «ZIDDIYATLAR» TUSHUNCHASI VA ULARNI HAL ETISH YO‘LLARI
Do'stlaringiz bilan baham: |