Taqlid qilish ongli yoki ongsiz ravishda namunadan nusxa olishdir. U guruh, jamoani tashkil etuvchi odamlarning xatti-harakatiga xos bir xil usullarni ishlab chiqish imkonini beradi.
Muloqot jarayonida ishtirokchilar bir-birlarini o‘zaro tushunishlari kerak. Bunda muloqotga kirishgan sherikning uni qanday qabul qilayotgani katta ahamiyatga ega. Shaxslararo idrok etish qonuniyatlari, effektlarni inobatga olish ichki ishlar idoralari xodimlari faoliyatida, ayniqsa, shohidlar, guvohlar, jabrlanuvchilarning ko‘rsatmalarini, shuningdek, o‘z idroklarini baholash chog‘ida katta ahamiyat kasb etadi.
Shaxslararo idrok effektlaridan biri - boshqa shaxs haqidagi umumiy tasavvurning uning shaxsiga xos xislatlarni idrok etish va baholash ta’sirida namoyon bo‘ladigan «oreol effekti»dir. Agar umumiy tasavvur yaxshi bo‘lsa, uning ijobiy xislatlari ortiqcha baholanadi, salbiy xislatlari esa sezilmaydi yoki aksincha. Ushbu effekt ta’sirida, masalan, ichki ishlar xodimi «surunkali» huquqbuzarning tuzalish tomon tashlagan dastlabki qadamlarini ko‘rishi mumkin va, tabiiyki, uni bu ishda qo‘llab-quvvatlay boshlaydi.
«Izchillik effekti» ma’lumotlar ziddiyatli bo‘lgan taqdirda inson qiyofasini va u to‘g‘risidagi tasavvurni shakllantirishga birinchi navbatda kelib tushgan ma’lumotlar eng ko‘p ta’sir ko‘rsatishida namoyon bo‘ladi. Agar bu tanish odamga daxldor bo‘lsa, aksincha, ya’ni eng oxirgilari ko‘p ta’sir ko‘rsatadi.
«Stereotiplashtirish effekti» idrok etilayotgan kishini muayyan ijtimoiy guruhga xos xislatlar unga ham xos deb baholashda namoyon bo‘ladi. Har birimizda muayyan ijtimoiy stereotiplar - o‘qituvchi, harbiy
kishi, jinoyatchi kabi guruhlarning stereotiplari mavjud. Muayyan guruh vakiliga duch kelganda, biz oldindan ushbu guruh kishilarga xos muayyan xislatlarni unga ham xos deb qabul qilamiz. Ko‘pincha bunday stereotipdan xalos bo‘lish juda qiyin bo‘ladi.
Ijtimoiy idrok etish effektlari ijtimoiy mayl (ustanovka) bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, uning paydo bo‘lishiga olib keladi. Ijtimoiy maylning o‘zi insonning boshqa odamni idrok etishga ichidan tayyor bo‘lishi sifatida ta’riflanishi mumkin. Notanish kishi haqida taassurotning shakllanishida maylning ahamiyati ayniqsa katta. Fanda A. A. Boda- levning ijtimoiy maylning ahamiyatini ochib bergan tadqiqotlari yaxshi ma’lum.
Tadqiqotlardan birida ikki guruh odamlarga ayni bir kishining surati ko‘rsatilgan. Ammo suratni ko‘rsatishdan avval birinchi guruhga suratdagi kishining ashaddiy jinoyatchi, ikkinchi guruhga esa qahramon ekanligi aytilgan. Shundan so‘ng har bir guruhga fotosuratdagi kishini so‘z bilan tasvirlab berish taklif etilgan. Birinchi guruh uni quyidagicha tavsiflagan: chuqur ko‘zlari yashirin yovuzligidan, bo‘rtib chiqqan engagi jinoyatda «oxirigacha borishga» qaror qilganligidan darak beradi va hokazo. Ikkinchi guruhda aynan o‘sha chuqur joylashgan ko‘zlar tafakkurning teranligidan, turtib chiqqan engak esa qiyinchiliklarni yengishdagi iroda kuchidan darak beradi, deb baholangan. Shu, ichki ishlar idoralari xodimlari o‘z faoliyatlarida shaxslararo idrok etish xususiyatlarini inobatga olishlari, ijtimoiy idrok effektlarining salbiy ta’sirlarini yo‘q qilishga, o‘zida va tergov qilinayotgan voqeaga daxldor shaxslarda ijtimoiy maylning paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasliklari juda muhim. Masalan, tergovchi tanib oluvchini tanib olishga tayyorlash chog‘ida «Hozir sizni tunagan jinoyatchini tanib olishingiz kerak» kabi iboralardan qochishi lozim. Bunday iboralar jinoyatchini idrok etishga mayllik yuzaga kelishiga olib keladi, agar tanib olinayotgan shaxsning qiyofasi «jinoyatchi» stereotipiga mos kelmasa, bu tanib olish natijalarining noto‘g‘ri chiqishiga olib kelishi mumkin. Bunday hollarda «Hozir siz ko‘rsatilgan shaxslar orasida sizning pul solingan hamyoningizni tortib olgan odamni tanib olishingiz kerak» kabi neytral iboralardan foydalanish kerak. Bu maylning salbiy ta’siri imkoniyatini kamaytiradi1.§. ICHKI ISHLAR IDORALARI XODIMLARINING FUQAROLAR BILAN PSIXOLOGIK ALOQA O‘RNATISH USULLARI
Muloqot turlarining keng ravishda amalga tatbiq qilinishi ushbu jarayonda insonning holatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Xohlagan axborotni muloqot jarayonida to‘liq berish, uning to‘g‘ri qabul qilinganligi haqidagi signal qoniqish holatini vujudga keltiradi va muloqot jarayonini faollashtiradi.
Har bir muloqotda bir necha maqsad ko‘zda tutilishi mumkin. Masalan, tergovchi shaxsning voqealarga aloqadorligi qay darajada ekanligidan kelib chiqqan holda dalillarni yana bir marotaba tekshirib ko‘rish, o‘zidagi mavjud dalillarni boyitish maqsadini ko‘zlashi mumkin. Muloqot doimo inson tabiati bilan bog‘liq bo‘ladi, masalan, shaxs janjalkash bo‘lishi mumkin, janjal ziddiyatlar natijasida yuzaga keladi. Bunda shaxsning ziddiyatni keltirib chiqaradigan holatlarini o‘rganish kerak bo‘ladi.
Ichki ishlar idoralari xodimi odamlar bilan muloqot qilishi uchun chuqur bilim va quyidagi ijtimoiy-psixologik fazilatlarga ega bo‘lishi kerak.
notanish shaxslar bilan tezda muloqotga kirishish, ularga ma’qul bo‘lish;
boshqa shaxslarning gapini eshitish qobiliyatiga ega bo‘lish;
odamlarga psixologik ta’sir ko‘rsata bilish;
muloqot jarayonida psixologik to‘siqlarni bartaraf etish va hokazo.
Ichki ishlar idoralari xodimlarining kommunikativ faoliyati maxsus
jihatlarga ega bo‘lib, u bir qator psixologik xususiyatlarni, birinchidan, ichki muloqotning o‘ziga xos tomonlarini, ikkinchidan, uning qiyinligini ko‘rsatadi.
Ushbu muloqotning muhim xususiyati uning kasbiy yo‘nalganligidir. Zero, xodimlar jinoyat qilgan shaxslarni, guvohlar va jabrlanuvchilarni aniqlash maqsadida boshqa shaxslar bilan muloqotda bo‘ladilar. Organ xodimlari haqiqatni ochishga harakat qilsalar, jinoyatchilar, aksincha, jinoyatni yashirishga, yolg‘on ma’lumot berishga, jinoiy javobgarlikdan qutilishga intiladilar.
Tergovchi protsessual qonunlar doirasida harakat qiladi, ya’ni jinoyatchi shaxsga nisbatan bo‘lgan salbiy munosabatiga qaramasdan muloqot qilishga majbur.
Muloqot jarayonida obyektning o‘ziga xos tomonlari borligini ham hisobga olish lozim. Shuni aytish joizki, ko‘p holatlarda jinoyatchi shaxslar jamiyatdagi axloqsiz, odobsiz va vijdonsiz kishilar bo‘ladilar. Natijada muloqot jarayonida har xil psixologik to‘siqlar paydo bo‘lib, ko‘proq ular sun’iy ravishda vujudga keltiriladi.
Muloqot jarayonida quyidagi psixologik to‘siqlar vujudga kelishi mumkin:
motivatsion to‘siqlar;
aqliy to‘siqlar (intelektual);
emotsional to‘siqlar;
tarbiyaviy jarayondagi to‘siqlar.
Motivatsion to‘siqlar shaxsning muloqotga kirishishdan bosh tortishi, muomalani to‘g‘ri, aniq ko‘rinishda olib borilishini xohlamasligida namoyon bo‘ladi.
Aqliy to‘siqlar shaxsning xodimga nisbatan bilim doirasining kengligi, mantiqiy fikrlashining chuqurligi va huquqiy savodxonligi yuqori bo‘lgan taqdirda vujudga keladi.
Emotsional to‘siqlar muloqotga kirishuvchilarning psixologik va emotsional-irodaviy holatlaridan kelib chiqadi (tajovuzkorlik, qo‘rquv, asabiylashish, xo‘rlanish va boshqalar).
Tarbiyaviy jarayonlardagi to‘siqlarga ichki ishlar idoralari xodimlari tarbiyasi «qiyin» o‘smirlar, nosog‘lom oilalar va muqaddam sudlangan shaxslar bilan profilaktik chora-tadbirlar olib borayotgan vaqtda uchraydi.
Psixologik aloqa o‘rnatishning bir necha bosqichlari mavjud:
bo‘lajak muloqotni bashorat qilish;
aloqani yengillashtiruvchi tashqi omillarni yaratish;
tashqi kommunikativ sifatlarning namoyon bo‘lishi;
umumiy va betaraf qiziqish doiralarini aniqlash;
muomaladagi og‘ishlarni bartaraf etish;
individual ta’sir ko‘rsatish.
Do'stlaringiz bilan baham: |