Dastlabki mashg‘ulotlardan boshlab jamoaga musiqa san’ati, ijrochilik, taniqli sozandalar, tanlovlar haqida tushunchalar, ma’lumotlar berib
borilishi, dirijyorning ifoda usuli, repertuar, asarlar tahlil bilan tanishtirish ham muhim vazifalardandir. Orkestr repetitsiyalarida og‘zaki nutqdan foydalanib ijrodagi hato, kamchiliklarni tuzatish imkonidan foydalanish zarur. Rahbar – dirijyor jamoaning ijro sifati uchun mas’ul bo‘lishi bilan birga ularning diqqat – e’tiborini o‘ziga qaratishi, hamma talablarni bajarishga o‘rgatmog‘i lozim. Shunga erishish uchun tajribali dirijyor faoliyati, maslahatidan foydalanish zarur, hamda dirijyorlik mahoratini oshirish ustida muntazam mashq qilish ham ahamiyatlidir. Shuningdek, u har qaysi cholg‘ular guruhi oldiga aniq vazifa qo‘yishi, tushuntirishi, mashg‘ulot davomida to‘g‘ri o‘tirish, sozni to‘g‘ri ushlash, tekis va chiroyli tovush chiqarish madaniyati kabilarni kuzatib borishi lozim.
Repetitsiyalar dirijyor – rahbarning badiiy jamoa – orkestr bilan olib borgan ko‘p tarmoqli ishning yakuni – konsert chiqishidir. Jamoaning ijodiy yutuq va kamchiliklarini ko‘rsatadigan konsertlar havaskor ijrochilarning yanada puxta tayyorlanishlariga yordam beradi, turtki bo‘ladi. Buning uchun har bir konsert chiqishlar rahbar va jamoa tomonidan tahlil qilib borilishi, xuloslar qilinishi ijobiy natijalarga yetaklaydi. Konsert orkestr hayotidagi mas’uliyatli jarayon, jamoaning birinchi konserti o‘zi tahsil olayotgan jamoa va rahbarlari oldida bo‘lishi lozim. Bunda orkestr rahbari jamoa vazifasi, bajarilgan ishlar, orkestr tarkibi, o‘zlashtirishlari, erishilgan yutuqlar, kelajakdagi vazifalar, rejalar haqida ma’lumot beradi. Undan so‘ng boshqa tinglovchilar musiqa shinavandalari orasida konsert berishga o‘tilishi mumkin.
Konsert chiqishlarini tahlil etishda jamoaning tartib – intizomga rioya qilishi, kiyimlarning bir xilligi, sahnaga kirib – chiqish madaniyati kabi tashkiliy masalalarga e’tibor hamda ijrochilik bilan bog‘liq vazifalar: soz, orkestrning guruhlanishidagi ovozlari mutanosibligi, cholg‘ular sifati, ijro malakalari, ya’ni holat, shtrix, applikatura, dinamik tuslar, badiiy ijro, dirijyor ko‘rsatmalariga rioya qilish va talabiga javob berish, musiqiy asarni talqin etish, repertuarning xilma-xilligi, saviyasi, tarbiyaviy ahamiyati va boshqalarga e’tibor qaratib, har bir sozanda o‘z fikrini erkin bayon qilishiga erishish kerak. Ularning tahlillari, fikrlari, taklif va istaklarini tinglab rahbar yakun yasaydi, ya’ni ularning qaysi fikrlari to‘g‘ri kim adashyapti. Bunday tahlillarni muntazam o‘tkazib borish jamoa a’zolarini konsert chiqishlariga e’tiborli bo‘lish, diqqat bilan tinglash, asarlarni eslab qolish, uning mazmuni, ijro usullari, badiiyligi kabi nozik tomonlarga ahamiyat berishni shakllantiradi. Kelgusida boshqa jamoalarning konsert dasturlarini bilan chiqishlarini shunday tarzda tahlil qilish tajribasi paydo bo‘ladi. Bularning hammasi orkestrda ijodiy muhit yaratish, kamchiliklarga tez barham berish, yutuqlarni ko‘paytirish, boshqa badiiy jamoalar (professional yoki havaskorlik orkestr, ansambllar)ning yaxshi tomonlarini qabul qilish, o‘zlashtirish odat tusiga kiradi. Konsert dasturlarini tinglab tomosha qilish ham mashg‘ulot sifatida qaralishi lozim, u ham tajriba maktabi vazifasini o‘taydi. Bularga amal qilish orkestr jamoasining ijro mahorati, bilimi, malakasining tez fursatda o‘sishiga zamin yaratadi
Do'stlaringiz bilan baham: |