Toshkentda gap tarqaldi: “Karimov Oliy kengash raisini tepa-tepa xonasidan quvibdi. Uning
baqirib qochganini atrofdagilar tomosha qilishibdi”.
Bo’lmagan gap deb o’yladim. Og’izga kelganini gapiraverisharkan-da! Lekin ishonmaganni
ishontirish uchun-mi voqealar takror bo’lar ekan.
Devondagi ishimning birinchi kuni Karimov bilan gaplashib bo’lganimizdan keyin, Zelemxon
Haydarov beshinchi qavatga olib tushib, ishlaydigan xonani ko’rsatdi. Allaqachon xonani
tayyorlab, eshigiga ismimni ham yozib qo’yishgan ekan.
-Bu qavatda faqat maslahatchilar va yordamchilar joylashgan,-dedi Zelemxon aka va ish
boshlashim mumkin ekanligini aytib, chiqib ketdi.
Oliy majlis binosiga ketdim. Ko’p o’tmay Kraynov qidirayotganini aytishdi. “Katta
so’rayaptilar”, dedi u.
Prezident devoniga kelsam, qabulxonada Bosh vazir o’rinbosari Ismoil Jo’rabekov,
Surxondaryoning rahbari Hakim Berdiev va yana bir ikki-kishi kutib turishgan ekan. Mavlon
Umrzoqov esa, tez-tez pastga, beshinchi qavatga borib kelayotgan edi.
Shu payt birdan eshik ochilib taqaru-tuqur tovushlar eshitildi. Ichkaridan avval Oliy majlis raisi
Shavkat Yo’ldoshev yugurib chiqdi. Orqasidan prezident. Karimov yugurgancha bir sakrab uni
tepmoqchi bo’lar va u tezroq qochayotgani uchun Karimovning oyog’i havoda muallaq aylanib
qolardi. Koridorning oxiriga yetib borganda Yo’ldoshevni yaxshilab tepdi, shekilli, u beshinchi
qavatga olib tushadigan zinapoyali eshikka urilib ketdi. Shundan keyin orqaga qaytib, barmog’ini
mening qornimga niqtagancha׃
-Ha, geroy!,-dediyu ichkariga kirib ketdi.
Nima bo’layotganini tushuna olmay qoldim. Qarasam, atrofimda hech kim yo’q. Hamma
qayoqqadir g’oyib bo’lgan. Keyin Kraynov shkafga o’xshatib qurilgan devorning pastqamgina
eshigidan chiqib keldi. Uning xonasi shu erda ekan. Orqasidan qolganlar ham chiqishdi. Bunday
paytda Karimovning ko’ziga ko’rinmaslik shart ekan. Men esa bilmay qoidani buzib qo’yibman.
Shu bois ham Karimov “Ha, geroy!” deb o’tgan.
Qaysi bir ma’noda ko’nglim cho’kib ketdi. Lekin Yo’ldoshevning orqasiga tepgani uchun emas.
Farg’ona voqealarida qo’li qonga botgan bu odam har daqiqada bir tomonga o’zgaradigan, juda
qo’pol, printsipsiz bir kishi edi. U deputatlarga past nazar bilan qarar va ularni kamsitishga
urinardi.
Shu bois unga rahmim kelmadi. Ammo unga bo’lgan munosabat boshqalarga ham, jumladan
menga ham bo’lsa-chi, degan bir fikr qalbimni tirnadi.
Do'stlaringiz bilan baham: