Metallar olish uchun xom ashyo
Sanoat ishlab chiqarish tarmog‘lari ichida metallurgiya ko‘p materiallarni talab qiluvchi sanoatdir. Metallarni ishlab chiqarish uchun juda ko‘p miqdorda turli foydali qazilmalar, ikkilamchi metall saqlovchi xomashyolari va boshqa turdagi yordamchi ashyolar.
Masalan, rangli metallarni ishlab chiqarish uchun eng ko‘p miqdorda ruda xomashyosi sarflanadi. Rangli metallarning miqdori ruda tarkibida kam bo‘lganligi tufayli, tayyor mahsulot ishlab chiqarish uchun qayta ishlanadigan rudaning miqdori katta xajmni tashkil etadi. Qayta ishlanadigan rudaning miqdori, uning tarkibidagi qimmatbaho moddaning konsentratsiyasi bilan teskari proporsionaldir, ya’ni qayta ishlanadigan xomashyo qanchalik metall bo‘yicha kambag‘al bo‘lsa, shuncha metallurgik qayta ishlash jarayonida rudaning sarfi yuqori bo‘ladi. Masalan 1 tonna alyuminiy olish uchun 5 – 10 t alyuminiy rudasini, 1 mis olish uchun 200 t mis rudasini, 1 kg oltin olish uchun 7000 t oltin tarkibli rudani qayta ishlash kerak. SHundan ko‘rinib turubdiki, rangli metallurugiyaning ko‘p korxonalari o‘zining ishlab chiqarish dasturini amalga oshirish uchun bir yilda o‘n hatto yuz million tonna rudani qayta ishlashi kerak.
Ruda xomashyosidan tashqari rangli metallurgiya korxonalarida ko‘pincha boshqa foydali qazilmalar ham qayta ishlanadi – ko‘mir, tabiiy gaz, flyuslar (kvars, ohak va b.), o‘tga bardosh materiallarni ishlab chiqarish uchunmineral materiallar.
Boyitish va metallurgiya texnikasining zamonaviy rivojlanish darajasida, tarkibidan iqtisodiy samara bilan metallarni tayyor mahsulotga ajratib olishi imkoniyati bo‘lgan, tarkibida metallarni saqlovchi tog‘ jinslari ruda deb nomlanadi.
Rudalar, boshqa tog‘ jinslari kabi minerallardan (tabiiy kimyoviy birikmalar) tashkil topgan. Ruda tarkibidagi minerallarni odatda, qimmatbaho moddani saqlovchi rudali minerallarga va bo‘sh jins porodaga bo‘lishadi (porodani tashkil qiluvchi minerallar).
Rudaning tarkibini odatda kimyoviy tahlil bilan aniqlashadi. Ammo amaliy maqsadlar uchun faqat kimyoviy tarkibning o‘zi etarli emas. Kimyoviy tarkibdan tashkari, xomashyodagi minerallarning turini (mineralogik tarkib) va qayta ishlanadigan xomashyoning barcha komponentlarini minerallar bo‘yicha taqsimlanishini (fazoviy tarkib) bilish kerak. Mineralogik va fazoviy tarkibni bilish, xomashyo tarkibidagi barcha komponentlarni metallurgik qayta ishlashda qanday o‘zgarishlarga duch kelishi to‘g‘risida xulosa chiqarish va buning asosida tegishli texnologiyani tanlash va metallurgik hisoblashlarni to‘g‘ri olib borishga imkon beradi. Rudalarni metall saqlovchi tog‘ jinslari sifatida bir qator omillar bo‘yicha sinflashadi.
Amaliyotda, tarkibidan faqat bitta metall ajratib olinadigan rudalar, oddiy yoki monomineral rudalar deb nomlanadi. Bu turdagi rudalarga, temir rudalarning ayrim navlari misol bo‘lishi mumkin. Rangli metallarning barcha rudalari polimetallik (yoki kompleks) rudalardir va ular o‘zining tarkibida kamida ikkita ajratib olinadigan metallarni saqlaydi. Masalan, kimyoviy va mineralogik tarkib bo‘yicha mis, mis-nikelli, mis-ruxli va mis-qo‘rg‘oshin-ruxli rudalar juda murakkabdir, hozirgi kunda ularning tarkibidan 10-15 qimmatbaho moddalar ajratib olinadi.
Tarkibida metallsaqlovchi minerallarning turiga ko‘ra, rangli metallar rudalarini quyidagi asosiy guruhlarga bo‘lishadi:
1) sulfidli – tarkibida metallar oltingurug bilan birikkan xolda bo‘ladi (masalan, mis, mis-ruxli, mis-molibdenli, mis-nikelli va qo‘rg‘oshin-ruhli rudalar);
2) oksidlangan – tarkibida metall turli kislorodsaqlovchi birikmalar ko‘rinishida bo‘ladi: oksidlar, karbonatlar, gidroksidlar va h. (masalan, alyuminiy rudalari, oksidlangan nikel rudalari va h.)
3) tug‘ma – tarkibida metall erkin (metallik) holda bo‘ladi. Tabiatda tug‘ma holatda oltin, kumush, mis, platina, vismut va simob uchraydi.
4) aralash – tarkibida metallar sulfidli, oksidlangan va ayrim hollarda tug‘ma holatda bo‘ladi (masalan mis rudalari)
5) xloridli – tarkibida metallar xlorvodorodkislotasi ko‘rinishda bo‘ladi. Bu turdagi rudalarda magniy va bir qator engil va noyob metallar ajratib olinadi.
Ruda xomashyosidan tashqari ko‘p metallarni (alyuminiy, rux, qo‘rg‘oshin, nodir metallar) ishlab chiqarish uchun ikkilamchi xomashyodan foydalaniladi.
Ikkilamchi xomashyoga metallarga ishlov berish sanoatining chiqindilari, brak va ish muddati tugagan metallik delalar va buyumlar, turli ko‘rinishdagi metallik lom va h. kiradi.
Xozirgi kunda ikkilachi xomashyodan ko‘p miqdorda alyuminiy va asosiy og‘ir rangli metallar ishlab chiqariladi. Masalan, umumiy ishlab chiqarish xajmidan ikkilamchi xomashyodan 20-25% alyuminiy, 30-40% mis, 35-50% qo‘rg‘oshin, 25-30% rux va 20-25% qalash ishlab chiqariladi.
Metallurgik qayta ishlash jarayoniga ikkilamchi xomashyolarni jalb qilinishi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, metallarni sodda va arzon metallurgik usullar bilan olish imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |