2. Ikkiyoqlama yozuvning nazorat qilish xususiyatlari. Sintetik va analitik schyotlar bo‘yicha aylanma qaydnomalar, joriy hisobni to‘g‘ri olib borilganligini bilish maqsadida, hisobot davri tugagandan keyin ma’lumotlari jamlab chiqilgan va qoldiqlari topilgan sintetik va analitik schyotlarning ma’lumotlari asosida tuziladi.
Sintetik schyotlar oborot qaydnomasi o‘zida quyidagi ma’lumotlarni aks ettiradi: schyotlar nomi va shifri; hisobot davrining boshiga qoldiq; hisobot davrining oboroti; hisobot davrining oxiriga qoldiq. Hisobot davri boshiga qoldiq summalar, o‘tgan davrdagi sintetik schyotlar bo‘yicha oborot qaydnomaning oxirgi qoldig‘idan, schyotlarning hisobot davridagi oboroti va oxiriga qoldiq summalari sintetik schyotlardan ko‘chirib yoziladi. Quyida sintetik schyotlar oborot qaydnomasini tuzilishi keltirilgan. Jadval ma’lumotlaridan ko‘rinib turibdiki, sintetik schyotlar oborot qaydnomasida summalari bir-biriga teng uch juft ustun mavjud (12-jadval).
Birinchi juft tenglik: oborot qaydnomasining to‘rtinchi ustun summalarining jami, beshinchi ustun summalarining jamiga tengligi. Bu tenglik o‘tgan hisobot davrining balansidan yoki xo‘jalik mablag‘lari va ularning tashkil topish manbaalarining tengligidan kelib chiqadi. Chunki, schyotlarning oy boshiga qoldig‘i o‘tgan hisobot davrining balansidan olib yoziladi. Agar bu ustunlar tengligi buzilsa, unda yo‘l qo‘yilgan xatolik quyidagicha topiladi:
Oborot qaydnomasining to‘rtinchi, beshinchi ustun jamlari yana bir bor jamlab chiqiladi. Agar arifmetik qo‘shishda xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, xatolik topiladi;
Schyotlarning oy boshiga qoldig‘ini oborot qaydnomasiga ko‘chirib yozish tekshirib ko‘riladi. Agar schyotlarning oy boshiga qoldig‘ini oborot qaydnomasiga ko‘chirib yozishda xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, xatolik topiladi;
O‘tgan hisobot davri balansidan schyotlarning oy boshiga qoldig‘ini ko‘chirib yozilganligi tekshirib ko‘riladi. Agar schyotlarning oy boshiga qoldig‘ini o‘tgan hisobot davr balansidan ko‘chirib yozishda xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, xatolik topiladi.
Ikkinchi juft tenglik: oborot qaydnomasining oltinchi ustun summalarining jami, yettinchi ustun summalarining jamiga tengligi. Bu tenglik xo‘jalik operatsiyalarini buxgalteriya hisobi schyotlarida ikki yoqlama yozish usulidan kelib chiqadi. Bunda har bir xo‘jalik operatsiyasi bir schyotning debetiga, ikkinchi bir schyotning kreditiga teng summalarda yoziladi. Shuning uchun barcha schyotlarning debet oborotlari summasining jami ularning kredit oborotlari summasining jamiga teng bo‘ladi. Agar oltinchi va yettinchi ustun tengliklari buzilsa, unda yo‘l qo‘yilgan xatolik quyidagicha topiladi:
1. Oborot qaydnomasining oltinchi va yettinchi ustun jamlari yana bir bor jamlab chiqiladi. Agar arifmetik qo‘shishda xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, xatolik topiladi;
2. Schyotlarning oy davomidagi debet va kredit oborotlarini oborot qaydnomasiga ko‘chirib yozib tekshirib ko‘riladi. Agar schyotlarning oy davomidagi debet va kredit oborotlarini oborot qaydnomasiga ko‘chirib yozishda xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, xatolik topiladi;
3. Buxgalteriya hisobi schyotlarining debet va kredit oborotlarining jami qayta hisoblab ko‘riladi. Agar schyotlarning oborotlarini jamlashda arifmetik xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, xatolik topiladi;
4. Xo‘jalik operatsiyalari bo‘yicha tuzilgan provodkalarni buxgalteriya hisobi schyotlariga teng summalarda yozib chiqish tekshirib ko‘riladi. Agar provodkalarni buxgalteriya hisobi schyotlariga yozib chiqishda xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, xatolik topiladi.
Uchinchi juft tenglik: oborot qaydnomasining sakkizinchi ustun summalarining jami, to‘qqizinchi ustun summalarining jamiga tengligi. Bu tenglik birinchi va ikkinchi juft tengliklaridan kelib chiqadi. Agar oborot qaydnomasida sakkizinchi hamda to‘qqizinchi ustun tengliklari buzilsa, unda yo‘l qo‘yilgan xatolik quyidagicha topiladi:
1. Oborot qaydnomasining sakkizinchi hamda to‘qqizinchi ustun jamlari yana bir bor jamlab chiqiladi. Agar arifmetik qo‘shishda xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, xatolik topiladi;
2. Schyotlarning oy oxiriga qoldig‘ini oborot qaydnomasiga ko‘chirib yozish tekshirib ko‘riladi. Agar schyotlarning oy oxiriga qoldig‘ini oborot qaydnomasiga ko‘chirib yozishda xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, xatolik topiladi. Schyotlarning oy oxiriga qoldig‘i summalari to‘g‘ri topilganligi qayta tekshirib ko‘riladi. Agar schyotlarning oy oxiriga qoldig‘ini hisoblashda xatolikka yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, xatolik topiladi.
Sintetik hisob schyotlari bo‘yicha oborot qaydnomalarini tuzishdan oldin, ayrim sintetik schyotlar bo‘yicha ochilgan va yuritilgan analitik schyotlar bilan o‘sha sintetik schyot ma’lumotlarining mosligini tekshirib ko‘rish maqsadida sintetik schyotlarga tegishli bo‘lgan analitik schyotlar bo‘yicha oborot qaydnoma tuzib chiqiladi. Analitik schyotlarning oborot qaydnomasi hisobot davrining boshiga qoldiq, hisobot davrida kirim, hisobot davrida chiqim, hisobot davrining oxiriga qoldiq kabi ma’lumotlarni natural va qiymat o‘lchovlarda aks ettiradi (13-jadval). Bunda analitik schyotlar oborot qaydnomasining oy boshiga qoldiq ustunining jami, sintetik schyotning oy boshiga qoldig‘iga, kirim ustunining jami, sintetik schyotning debet oborotiga, chiqim ustunining jami, sintetik schyotning kredit oborotga, oy oxiriga qoldiq ustunining jami, sintetik schyotning oy oxiridagi qoldig‘iga teng bo‘lishi kerak. Shuningdek, korxonada foydalanilayotgan hisobchilik shaklining xususiyatiga qarab, shaxmatsimon oborot qaydnomalaridan ham foydalaniladi. Shaxmatsimon oborot qaydnomalar hisobot davri davomida sodir bo‘lgan xo‘jalik muomalalarini mazmunini, schyotlarning o‘zaro bog‘lanishini, ularning qoldiqlarini va oborotlar yig‘indisini aks ettiradi. Shaxmatsimon oborot qaydnomalaridan buxgalteriya hisobini tashkil qilishda foydalanadigan schyotlar miqdori cheklangan, unchalik katta bo‘lmagan mikrofirmalarda va byudjet korxonalari faoliyalarida foydalaniladi.
Xulosa qilib aytishimiz mumkinki, oborot qaydnomalari boshqaruv qarorlarini qabul qilish hamda moliyaviy hisobotlarni tuzishda foydalaniladigan joriy hisob umumlashtirish va tekshirish vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |