2-bosqish (20 daqiqa)
USHBU HАFTА “АXBOROT VА MURАBBIYLIK SOАTI” MАSHG‘ULOTLАRINI O‘TKАZISH UCHUN TАYYORLАNGАN YORDАMCHI MАTERIАLLАR
Mavzu: AYOL BORKI OLAM MUNAVVAR!
Ayol deganda ko‘z o‘ngimizda avvalo, ulug‘ va tabarruk ona siymosi gavdalanadi. Inson hayot siri-asrorlari va saboqlarini, yaxshilik va ezguliklarni ana shu ulug‘ zotdan o‘rganadi. Ayollar azaldan mehr-shavqat va sadoqat timsoli bo‘lib kelgan. Ayol qalbi bahor gullariday nozik, quyoshning taftiday iliq. Bahor fasli ham 8-mart Xalqaro xotin-qizlar ayyomi bilan boshlanadi.
Ayol-borliq ko‘zgusi. Uning nafis go‘zalligi olamni charog‘on etadi, chunki uning niyati pok, o‘zi pok. Barchalarimizga ayonki, onalarni, ayol zotini e’zozlash el-yurtimiz uchun azal-azaldan ezgu qadriyat bo‘lib kelgan. Biz mehr-muhabbat va odamiylikning ilk saboqlarini aziz onalarimizdan, ularning beshigimiz uzra parvona bo‘lib aytgan alla ohanglaridan olamiz. Darhaqiqat, biz hayotimiz mazmuni bo‘lgan sevgi va sadoqat, mehr-muhabbat, nazokat va latofat kabi eng nozik, sirli tuyg‘ularni yaratganimizning beqiyos mo‘jizasi bo‘lmish ayol zotisiz aslo tasaffur eta olmaymiz. Ayol deganda ko‘z oldimizga eng avvalo mo‘tabar onamiz, qadrli buvijonlarimiz, munis opa-singillarimiz keladi. Ularga qancha e’tibor, g‘amxo‘rlik qilsak, quvontirishga urunsak baribir ozdir. Chunki, mana shu ayollar dunyoda yangidan-yangi chaqaloq yig‘isi eshitilishiga sabab bo‘layotgan zotlardir. Dunyoda shunday bir zot borki, uni har kuni e’zozlasak ham, dillarini hushnud qilishga urunsak ham uning haqqini ado eta olmaymiz. Bu mo‘tabar zot-onadir.
Muqaddas islom dinimizda onaga yaxshilik qilish borasida juda ko‘p buyruqlar va onani dilini og‘ritmaslik haqida ko‘pgina qaytariqlar mavjuddir. Birgina misol keltiramiz. Alloh, taolo «Isro» surasining 23-oyatida marhamat qilib aytadi: “Robbingiz faqat Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni va ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. Agar huzuringda ularning birlari yoki ikkovlari ham keksalikka etsalar, bas, ularga “uf” dema, ularga ozor berma va ularga yaxshi so‘z ayt!” Bu jumlaning “uf” so‘ziga bog‘liq ikki hil ma’nosi bor. Birinchi ma’nosi - ota-onaga yomon so‘z aytib, bexurmat qilma, degani bo‘lsa, ikkinchi ma’nosi ota-onang oldida “uf” dema, ular, bolam og‘ir holga tushibdi, deb ozorlanadilar, deganidir. “...ularga ozor berma va ularga yaxshi so‘z ayt!” Ota-onangga xech bir ozorni ravo ko‘rma! Qanday yaxshi so‘z bo‘lsa, o‘shani ota-onangga ravo ko‘r! Rasululloh (s.a.v.) ham ota-onaga yaxshilik qilishga ko‘p bora buyurganlar. Bundan tashqari bir necha hadislarda onaning haqqi otaning haqqiga qaraganda ko‘proq ekanini ham aytganlar. Baxz ibn Hakimdan rivoyat qilinadi: “Yo, Rasululloh, kimga yaxshilik qilay?”,- dedim. “Onangga”,- dedilar. “So‘ngra kimga?”,-dedim. “Onangga”, - dedilar. “So‘ngra kimga?” - dedim. “Onangga”, - dedilar. “So‘ngra kimga?” - dedim. “Otanga va so‘ng yaqin bo‘lgan qarindoshlaringga”, - dedilar”.
Mana shu hadisi sha’rifda Rasuli Akram alayhissolatu vassalom “Kimga yaxshilik qilay?” deb so‘ragan sahobiyga ketma-ket uch marta “Onangga yaxshilik qil” deb turib, to‘rtinchisida “Otangga” deyishlaridan ulamolarimiz hukm chiqarib: “Onaning haqqi otanikiga nisbatan uch marta yuqori turadi”, deyishadi. Ushbu hadisi sharifdan olinadigan foydalar quyidagilardan iborat:
1.Farzandning yaxshilik qilishiga eng sazovor shaxs ona ekani.
2.Farzandning yaxshilik qilishiga onadan keyin eng sazovor shaxs ota ekani.
3.Onaning haqqi otanikidan uch marta ko‘p ekani. Chunki, ona bolaning dunyoga kelishida, unib-o‘sishida juda katta mashaqqat chekkan zot bo‘ladi.
Muhtarama ayol ya’ni ona oilaning muqaddasligini ta’minlovchi, oilaning ijtimoiy, ma’naviy-axloqiy muhitini bunyod etuvchi hamda yaratuvchanlik xosiyatiga ega bo‘lgan mukarram inson sifatida ta’riflanadi, taniladi va ehtirom ko‘rsatiladi. O‘ylab ko‘rsangiz kurrai zaminda yashovchi mavjud insoniyatning barchasi e’tibor qaratishga majbur bo‘lgan muhtaram va mo‘’tabar zot – bu onaizordir. Darhaqiqat, yaratilmish mavjudotlarning eng oliy va mo‘’tabarlaridan biri mukarram ayol – ona hisoblanadi. Onaning ta’rifi, uning qadr-qimmati, rizosi, mehr-muruvvati dunyodagi hech narsaga barobar kelmaydi. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning dunyo ezgu amallarining mukofoti bo‘lmish jannatning onalar oyog‘i ostida bo‘lishi to‘g‘risidagi xabarlari onalik martabasi yuqori ekanligini yaqqol ko‘rsatib beradi. Bu kabi yuqori darajalar, maqtovlar ona oilaning tinch-farovonligi, munavvarligi, oila a’zolarining baxt-saodatini barqaror saqlovchi ustun ekanidandir. Demak, ona – ayol oila hayotining barcha bo‘g‘inlarida, ayniqsa, bolalar tarbiyasida sabr-toqatda, farzandlarning parvarishidan tortib toki axloqiy, aqliy, ma’naviy tarbiyasida eng mas’uliyat sohibasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Demak, onadek gavhar ma’voni ehtirom qilish barcha insoniyatga ham farz ham qarzdir. Bu muqaddas burchni ta’riflab shoirlar sultoni Hazrat Navoiy bobomizning baytlarini yana bir karra eslash qanchalik maroqlidir.
Boshni fido ayla, ato qoshig‘a, So‘ngra rahmning silasin qarz bil,
Jismni qil sadqa ano boshig‘a. Rahm o‘shul toifag‘a farz bil.
Ikki jahoningg‘a tilarsen fazo, Soyiri nos ichra ulug‘ to kichik,
Hosil et ushbu ikkisidin rizo. Yoxud aro erda vasat chargalik.
Tun-kunungga aylagali nur fosh, Kimki ulug‘roq anga xizmat kerak,
Birisin oy angla, birisin quyosh. Ulki kichikroq anga shafqat kerak
So‘zlaridin chekma qalam tashqari, Kimniki qilsang mutavassit xayol,
Xatlaridin qo‘yma qadam tashqari. Asra aning hurmatida e’tidol.
Bo‘lsun adab birla bori xizmating,
Xam qil adab “dol”i kibi qomating
Ayolning umr mazmuni, bosib o‘tgan hayot yo‘li ham uzun. Zuhro, Layli, Shirin, Zulayho, Barchinlar xalq mehr-e’zozi va orzulari bo‘lib yo‘g‘rilgan, sadoqat va go‘zallik ramzi bo‘lib kelganliklari bizlarga ayon. To‘maris - ayol jasoratini namoyon qilganini, turmush o‘rtog‘iga maslahatchi va madadkor, shoirai zamon sifatida tanilgan Nodirabegim ham ayol sadoqati, go‘zalligini tarannum etganini yaxshi bilamiz. Zebunniso, Gulbadanbegim, Mahzuna, Uvaysiy singari alloma ayollarimiz ona-yurt erki va tinchligi yo‘lida kurashib, bizlarga ibrat namunasi bo‘lib keldilar. Jamiyatimizda ana shu ulug‘, buyuk onalarimizning izdoshlari el-yurt tinchligi yo‘lida samarali mehnat qilayotganliklari dillarni xushnud etadi. Har jabhada ayolning, xotin-qizlarning o‘rni sezilib turibdiki, yurtimizda fayz-baraka, yuksalish rivojida ularning hissalari katta. Oilada tutgan o‘rinlari beqiyos. Dunyoda muqaddas degan nomga eng munosib zot ham ayoldir. Haqiqatu adolatga, go‘zalligu nafosatga, latofatu sadoqatga ayol qalbi makon. Vatanni mo‘’tabar zot - Onaga qiyos etganlar. Mo‘’tabar, muqaddas so‘ziga Ona degan zotni qo‘shib aytsangiz, u mag‘rur jaranglaydi. Shoir haq:
Bu yorug‘ olamda Vatan bittadir,
Bittadir dunyoda Ona degan nom.
Ayol nazokat iffat sohibasi, muhabbat kuychisi, fidoiylik va yaratuvchanlik timsolidir. Ayol haqida gap ketganda har birimizning hayolimizga birinchi navbatda munis onalarimiz-u go‘zal opa singillarimiz kelishi tabiiy. Ular bor hayotimiz charog‘on, umrimiz mazmunli, ular borki kelajagimiz bardavom ko‘ngillarimiz obod va uylarimiz saranjom-sarishtadir. Shuning uchun ular bilan bog‘liq bo‘lgan har bir jabha, har bir kun o‘zining naqadar ulug‘vorligi, nafisligi va o‘z navbatida ularga bo‘lgan mehr-muhabbatni yuksakligi bilan alohida e’tiborga molik. Hozirda yurtimizda ayollarga qaratilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rliklar ham tahsinga loyiq ishdir. Vatanimizda yashayotgan ayollarga ular xohlagan barcha shart-sharoitlar mavjuddir. Mamlakatimizda ayollarga bo‘lgan yuksak hurmat-e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy isboti sifatida keyingi yillarda xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi roli va ta’sirini kuchaytirish, ularning huquqiy, ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qator milliy va xalqaro hujjatlar qabul qilinganini alohida qayd etish lozim.
Bunday g‘amxo‘rlikdan ruhlangan ayollarimiz vatan uchun yanada ko‘proq o‘z hissalarini qo‘shishga va mana shu muqaddas zaminni, undagi musaffo osmonni asrashga harakat qilmoqdalar. Bugungi kunda ayollarimiz barcha sohalarda erkin ishlash imkoniyatiga egadirlar. Xoh u maorif bo‘lsin, xoh u sanoat sohasi bo‘lsin, yoki siyosiy-ijtimoiy, tadbirkorlik va fermerlik sohasi bo‘lsin barchasida ayollarimiz mehnat qilish huquqiga egadirlar. Qisqa qilib aytganda, bizning yurt ayollar qadr topgan yurt desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shunday bo‘lsada, har qanday ayol suyukli yor, mehribon ona, fayzli xonadon bekasi sifatida o‘rni, e’zozini topgandagina o‘zini chinakam baxtli his etadi. Ayollarimizni mana shunday chinakam baxtga ega bo‘lishlari uchun biz erkaklar ham mas’ulmiz.
Yosh qizlarimiz o‘zlarining ilm-fandagi yutuqlari bilan, ayollarimiz turli sohadagi mehnat faoliyatlari bilan, munis onaxonlarimiz esa o‘zlarining duolari bilan yurtimiz tinchligi va farovonligi uchun hissa qo‘shmoqdalar. Mo‘’tabar keksa onaxonlarimizning qilayotgan duolari yurtimizni har qanday balo-qazolardan asrayotgan bo‘lsa ajab emas. Chunki onalarning qilgan duolari yaratganning huzurida shaksiz ijobatdir.
Ma’lumki, hozirgi vaqtda mamlakatimiz aholisining qariyb 50 foizini xotin-qizlar tashkil etadi. Lekin ularning barcha sohalardagi samarali mehnati, farzandlar tarbiyasi, oila hayotidagi ulkan xizmatlarini hisobga olib aytadigan bo‘lsak, jamiyatdagi o‘rni, O‘zbekistonimiz erishayotgan yutuqlardagi beqiyos hissasini hech narsa bilan o‘lchab, baholab bo‘lmaydi. Bugungi kunda davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 400 ga yaqin ayollarimiz rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Xotin-qizlarning ulushi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida 82 foizdan ziyodni, ilm-fan, ta’lim-tarbiya, madaniyat va san’at sohalarida 72 foizni, qishloq xo‘jaligida 45 foizdan ortiqni, sanoatda 38 foizni tashkil etmoqda. Va ayollarning sidqidildan qilayotgan mehnatlari davlatimiz, xalqimiz tomonidan munosib taqdirlanmoqda. Mustaqillik yillarida 2 ming 180 nafardan ortiq xotin-qizlarimiz yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgani ham shundan dalolat beradi. Ularning orasida o‘nlab O‘zbekiston Qahramonlari, Fan arboblari, Xalq o‘qituvchilari, Xalq shoirlari, Xalq artistlari borligi barchamiz uchun quvonchli holat. Bugungi davrimizda turli jabhalarda astoydil mehnat qilayotgan ana shunday jonkuyar, oqila, mehr-oqibatli ayollarimizni, ularning davomchilari bo‘lgan iste’dodli qizlarimizni ko‘pligi O‘zbekiston insoniy salohiyatining oltin fondini tashkil etadi, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi. Hozirgi kunda mamlakatimizda kichik biznes sub’ektlarining o‘zidayoq 120 000 dan ziyodini, xususan fermer xo‘jaliklarining 4 ming 550 dan ortig‘ini xotin-qizlar boshqarmoqda. Hozirgi kunda iqtisodiyotda band bo‘lgan xotin-qizlarimizning ulushi 45 foizga etganini hamda ular orasida aholi turmush farovonligini oshirishda ibrat ko‘rsatib, davlatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo‘lgan ayollarning safi tobora kengayib borayotganligini, minglab ayollarimiz tadbirkorlik sohasining turli yo‘nalishlarida ishlab chiqarish korxonalarini ochib, xotin-qizlar uchun yangi ish o‘rinlari yaratayotganligini qayd etib o‘tdilar. Mamlakatimizda oilaviy biznesni, xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hayotimiz gultoji bo‘lgan opa-singillarimizning turmush farovonligini yuksaltirish, tashabbuskor va ishbilarmon ayollarning g‘oya va intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-avgustdagi “O‘zbekiston Qahramoni” unvonini berish to‘g‘risidagi imzolangan Farmoniga ko‘ra, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan taqdirlanganlarning orasida ham erkaklar bilan yelkama–yelka turib mehnat qilib respublikamiz iqtisodiyotining rivojlanishiga hissasini qo‘shayotgan ayollarimizning ya’ni, Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani “Nurli obod” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Murotova Lola Ne’matovnaning ham borligi e’tiborga molik. O‘zbekiston tarixida ilk marta ayol kishi Senat raisi bo‘ldi. Uning nomzodini Konstitutsiyaning 86-moddasiga muvofiq prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan tavsiya qilinishining o‘zi ham prezidentimiz qolaversa mamlakatimiz tomonidan ayollarga yuksak ishonch bildirilayotganligining nishonasidir. Nafaqat mamlakatimizda, balki dunyo miqyosida ham ayollar rahbarlarning salmog‘i anchagina. Juladan; bugungi kunda 55 mamlakat parlamentini ayollar boshqaradi. Tanzila Norboyeva bu ro‘yxatda 56 bo‘lib qayd etilgan. O‘zbekistonda Xotin-qizlarning gender kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida Xotin-qizlarning gender tengligini himoya qilish bo‘yicha Xotin-qizlar qo‘mitasi ko‘magidagi komissiya tashkil etilishi ko‘zda tutilgan. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Quyidagilar Xotin-qizlarning gender tengligini himoya qilish bo‘yicha komissiyaning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
-mamlakatda gender tenglikni ta’minlashga va ayollarning ijtimoiy turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan davlat siyosatini amalga oshirishda faol ishtirok etish;
-davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan ayollarning gender tengligi buzilishiga oid murojaatlarini ko‘rib chiqish;
-kasbiy segregatsiya, ish haqi o‘rtasidagi farq, aholining iqtisodiy faol qatlami orasida ayollarning ulushini ko‘paytirish masalalari bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
-ayollar huquqlari kamsitilishining barcha shakllariga barham berish bo‘yicha umume’tirof etilgan xalqaro normalarni milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
- ayollarning huquqiy madaniyatini oshirishga qaratilgan choralarni belgilash va samarali amalga oshirilishini ta’minlash hamda keng qamrovli targ‘ibot ishlarini tashkil etish.
Ta’kidlab o‘tamizki, bugungi kunda O‘zbekiston 70 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, shu jumladan BMTning 10ta shartnomaviy hujjatiga qo‘shilgan hamda inson huquqlari bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan barcha majburiyatlarni bajarib kelmoqda. Xalqaro normalar va huquqiy standartlarga muvofiq ayollarning huquqlarini ta’minlash maqsadida mamlakat xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya (CEDAW)ga ham qo‘shildi. Xotin-qizlarning gender tengligini ta’minlash hozirgi jadallik bilan rivojlanib borayotgan zamonda muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki juda ko‘plab kasblarda ayollar mehnatiga ehtiyoj bor. Shuningdek ayollar o‘zlarining zakovati, idrokliligi, mas’uliyatliligi bilan ham mehnat faoliyatlarida amaliy foydali xodim ekanliklarini namoyon etadilar. Shunday bo‘lishiga qaramay ayollar erkaklarning chap qovurg‘asidan yaratilganliklarini inobatga oladigan bo‘lsak ularga ba’zi masalalarda ko‘mak, qo‘llab-quvvatlash kerak bo‘ladi. Bu borada ham mamlakatimizda ko‘plab ishlar amalga oshirilmoqda, nafaqat mamlakat ichida balki xorijiy mamlakatlarda istiqomat qilayotgan murakkab vaziyatda qolgan ayollarga, xorijiy mamlakatlarda turmushga chiqqan ayollarga, balki o‘sha erlarda ishlash uchun ketgan xotin-qizlarga ham yordam berishda Xotin-qizlar qo‘mitasi Tashqi ishlar vazirligi hamda xorijdagi diplomatik korpus vakolatxonasi bilan hamkorlikda bir qancha amaliy ishlar tashkillashtirilmoqda. Lekin yana shuni ta’kidlab o‘tish kerakki ayol har qancha go‘zal, oqila, tadbirkor, ilmli bo‘lmasin oiladagi roli uning birinchi raqamli vazifasidir. Chunki hayot qonuni buni taqozo etadi, ya’nikim u farzandlarni dunyoga keltirishi, ularga onalik mehrini berib parvarishlashi, turmush o‘rtog‘iga qanot bo‘lishi va saranjom-sarishta beka bo‘lmog‘i lozim. Yuqoridagi fazilatlarga go‘zal, oqila, tadbirkorlik xususiyatlari qo‘shilganligi sababli ham ayollar nechog‘lik ulug‘lanishini yoddan chiqarmaslik lozim!
Fransuz yozuvchisi Stanislav Buffler: “Yer kurrasida bitta ayol bor ekan, nimadir yangi gap aytishga imkon topiladi” degan ekan. Ha, biz har kuni, har soniyada ayollarimiz haqida yangi-yangi ta’riflarni aytishimiz mumkin. Barcha ayollarimizga baxt, tole, sog‘liq va go‘zallik tilab qolamiz. Ayol muqaddasdir, ular borki, hayotimiz charog‘on, ular oilalarimizga qut-baraka, omad yetaklab keladilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |