Ikkinchi. Bugun dunyoning deyarli barcha mamlakatlari kibermakondagi terrorizm bilan to‘qnashmoqda. Internet radikal g‘oyalarni tarqatish, odamlarni yollash, terrorchilik harakatlarini moliyaviy ta’minlash, rejalashtirish va sodir etish vositasiga aylanmoqda.
Bunday sharoitda davlatlarimizning terrorizm maqsadlarida raqamli texnologiyalardan foydalanishga qarshi samarali kurashish sohasidagi salohiyatini rivojlantirish g‘oyatda muhim ahamiyatga ega.
BMTning Aksilterror boshqarmasini 2020 yilda qabul qilingan Markaziy Osiyoda kiberxavfsizlik va yangi texnologiyalar bo‘yicha dasturlarini bajarish bo‘yicha sa’y-harakatlarni faollashtirishga chaqirib qolamiz.
Ushbu dastur doirasida kiberterrorizm sohasida tajriba va ma’lumotlar, tadqiqotlar va eng yaxshi tajribalar almashinuvini rivojlantirishga qaratilgan Markaziy Osiyoda kiberterrorizm bo‘yicha Yagona elektron тизимни yaratish zarur deb hisoblaymiz.
Bundan tashqari, kibermakonda xavfsizlikka tahdidlarning transchegaraviy xarakterga ega ekanligi axborot makonida ekstremizm va terrorizmning turli ko‘rinishlariga qarshi samarali kurashish imkonini beruvchi yagona xalqaro huquqiy mexanizmlarni yaratishni taqozo etmoqda. Bu masala yuzasidan muloqot tashkil etish va uni muvofiqlashtirishda BMT ko‘magiga umid bildiramiz.
Uchinchi. So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo mamlakatlari harbiy mojarolar hududidan 1500 nafardan ziyod o‘z fuqarolarini vatanga qaytardi, ularni reabilitatsiya va reintegratsiya qilishda o‘ziga xos yondashuvlarni ishlab chiqdi.
Shu munosabat bilan BMTning Aksilterror boshqarmasi shafeligida Markaziy Osiyo mamlakatlarining yetakchi mutaxassislari orasidan Mintaqaviy ekspert kengash ta’sis etishni taklif qilamiz. Radikal g‘oyalar ta’siriga tushib qolgan fuqarolarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish dasturlarini takomillashtirish hamda mamlakatlarimizda terrorizm targ‘ibotiga qarshi kurashish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish kengashning asosiy vazifasi bo‘ladi.
To‘rtinchi. Terrorizm va ekstremizmga qarshi muvaffaqiyatli kurashishning eng muhim sharti samarali yoshlarga oid siyosatdir. BMTning Yoshlar strategiyasida qayd etilganidek, yoshlarda o‘zini bir necha bor oqlaydigan bebaho va g‘oyatda muhim resurs mujassamlashgan.
Mamlakatlarimiz kelajagi yosh avlod qanday inson bo‘lib kamol topishi, qanday ta’lim va tarbiya olishi, biz ular uchun qanday sharoitlar va “ijtimoiy liftlar” yaratib berishimizga bog‘liq.
Shu kabi barcha masalalarni har tomonlama muhokama qilish uchun 2023 yilda Samarqand shahrida, ilgari taklif qilganimizdek, doimiy faoliyat yuritadigan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari Yoshlari kengashini chaqirishni taklif qilamiz. Uchrashuvlar yakuni bo‘yicha mamlakatlarimiz yoshlari o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni kengaytirish, yosh avlodning o‘z iqtidorini namoyon qilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularda ekstremizm va terrorizm g‘oyalariga qarshi mustahkam immunitetni shakllantirish yo‘nalishlarida tajriba almashishga doir batafsil Harakatlar rejasini ishlab chiqish zarur.
Beshinchi. Xabaringiz bor, BMTning Global aksilterror strategiyasida bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, jamiyatning barcha qatlamlari ishtirokida dinlararo va madaniyatlararo muloqot g‘oyalari va tamoyillarini ilgari surish muhim o‘rin tutadi.
2018 yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan BMTning Bosh Assambleyasi maxsus “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qildi. Rezolyutsiyada sayyoramizda tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash yo‘lida savodsizlik va jaholatga barham berish, bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat va o‘zaro anglashuvni qaror toptirish alohida ta’kidlangan.
Do'stlaringiz bilan baham: |