Hurmatli xonimlar va janoblar!
O‘zbekiston 14 ta asosiy universal xalqaro huquqiy hujjatlarni imzolagan bo‘lib, xalqaro terrorchilikka qarshi kurashish yo‘lidagi global sa’y-harakatlarda faol ishtirok etmoqda.
Mazkur sohadagi davlat siyosati keng qamrovlilik, inklyuzivlik va izchillik yondashuvlariga tayanadi. Barchamizga ma’lumki, bunday yondashuv huquqni muhofaza qilish choralari bilan bir qatorda preventiv va profilaktik choralarni birgalikda olib borishni, BMTning Global aksilterror strategiyasining asosiy yo‘nalishlarini ro‘yobga chiqarishda nafaqat davlat organlari, balki fuqarolik jamiyati institutlari ham faol qatnashishini nazarda tutadi.
Bu ishda jamiyatda o‘zaro anglashuv muhitini qaror toptirish va muloqotni rivojlantirish, nizolarning oldini olish, ma’naviy-ma’rifiy tarbiya, ta’limni, shu jumladan professional ta’limni ilgari surish, bandlikni ta’minlash, aholining zaif qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish eng ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi. Madaniyatlararo va dinlararo muloqot, ayollar va yoshlarning huquqlari va imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekistonda terrorizmga qarshi kurashishning fundamental asosi, bu – inson huquqlari va erkinliklarini, qonun ustuvorligini ta’minlashdir. Ishonchimiz komilki, terrorizmga qarshi kurash va inson huquqlarini himoya qilish bir-birini inkor etuvchi emas, balki to‘ldiruvchi va mustahkamlovchi maqsadlardir.
Aminmanki, bugun siz Qo‘shma harakatlar rejasi doirasidagi hamkorligimizni har tomonlama tahlil qilishingiz va uni yangi muhim yo‘nalishlar bilan to‘ldirishingiz mumkin.
Shu nuqtai nazardan, terrorizm va ekstremizmga qarshi birgalikda kurashish samaradorligini oshirish bo‘yicha qator tashabbuslarni ko‘rib chiqishni taklif etamiz.
Birinchi. Shunisi aniqki, mintaqada aksilterror strategiyani amalga oshirishni muvaffaqiyatli davom ettirish Qo‘shma harakatlar rejasi ijrosining borishini doimiy monitoring qilish va tanqidiy baholash, Markaziy Osiyo mamlakatlarining hamjihatlikdagi harakatlarini muvofiqlashtirish mexanizmlarini кучайтиришни taqozo etadi.
Shu munosabat bilan, mintaqamizda BMT Aksilterror boshqarmasining ofisini ochish zarurati allaqachon vujudga kelgan deb hisoblaymiz.
Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi kurashish yo‘lida o‘zaro muvofiqlashgan hamkorlikdan maksimal darajada uyg‘un samaraga erishish uchun uning xavfsizlik muammolarini hal qilish bilan shug‘ullanuvchi yetakchi xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan yaqin aloqalarini ta’minlashni taklif etamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |