9-mavzu. TURKUMLI ( SIKLLI) SHAKLLAR
1 .Umumiy tavsif.
Yagona badiiy g‘oya bilan bog‘lanib, bir necha shaklan mustaqil qismlardan tashkil topgan musiqiy shakl turkumli(siklli) shakl deb yuritiladi (sikl sо‘zi grekcha bо‘lib doira, aylana degan ma’noni ifoda etadi). Turkumli shakl umumiy g‘oya ostida birlashtirilgan u yoki bu doiradagi musiqiy obrazlarni (sur’atlar, janrlar) qamrab oladi. Siklning barcha qismlari yopiq (tugal) bо‘lib, reprizali ijro nazarda tutilmaydi.
Qismlarning mustaqilligi ularni alohida-alohida ijro etish mumkinligida о‘z ifodasini topadi (masalan, Yevropada dafn marosimlari paytida Shopenning “Dafn marshi” ijro etiladi, aslida esa u kompozitorning b-moll sonatasi uchinchi qismi sanaladi).
Turkumli shaklda qismlar mavzuga kо‘ra turlicha bо‘ladi. Butun turkum shaklni ijro etishda uning qismlari orasida tanaffuslar qilinadi, nota yozuvida qayd etilmasa-da, ularning davomiyligi ijrochi tomonidan belgilanadi.
Cholg‘u musiqasida ikkita asosiy turkumli shakl yuzaga kelgan: syuita va sonata-simfonik sikl.
Do'stlaringiz bilan baham: |