Samarqand.Ko’ksaroy
Temurning farmoniga binoan 1371-1372 yillari Samarqand Hisorining g’arbiy qismida tabiiy tepalikda qal’a bunyod etildi. Mo’g’ullar bosqiniga qadar eski qal’a Afrosiyobda joylashgan edi. Yangi qal’a handaq va devor bilan o’rab olindi (devor qoldiqlari XIX asrgacha saqlangan). Qal’a ichkarisida ma’muriy binolar, qurolsozlik ustaxonalari va aslahaxona, xazina, hukumat qamoqxonasi joylashgan edi. Binolar orasida Ko’ksaroy- hukumat saroyi(devon) balandroq edi. Temurning keyinchalik esa Ulig’bekning ham asosiy hukumat qarorhohi Shahrisabzdagi Oqsaroyda emas, balki Samarqanddagi Ko’ksaroy edi. To’rt qavatdan iborat ushbu me’moriy obidaning “Ko’ksaroy” atalishi esa shubhasiz uning tashqi bezagida ko’k-zangori koshinning keng qo’llanilganligidan. Bu yerda hukumat mirzaxonalari, g’azna bilan bir qatorda zindon ham bo’lib, u yerda garovga olingan aslzodalar saqlanar edi. Temur davrida amir deb e’lon qilingan qog’irchoq xon Suyurg’otmish o’g’lon ham shu yerda yashar, amma oltin qafasidanchiqib hech qayerga ketishga haq-huquqi yo’q edi. Saroy to’rt qavatli bo’lgan, chamasi, qal’a devoir balandligidan ko’tarilibturgani uchun ham o’ziga xos soqchilik minorasi xizmatini ham o’tagan.
Turkiston. Ahmad Yassaviy maqbarasi.
Amir Temur ssltanatining ko’chmanchi qozoq aholisi ko’p yashaydigan shimoliy qismidagi Yassi (keyinroq Turkiston deb atalgan) shahrida qurilgan diniy yodgorlik maqsadlarga mo’ljallangan murakkab majmuadir. U dunyo tomonlariga mo’ljallab to’gri to’rtburchak shaklida qurilgan. Yo’laklar vositasida o’zaro bog’langan to’qqiz xonaga bo’lingan. Markazida chuqur gumbazli peshtoqli miyonsaroy, undan keyin jamoatxona qozonli xona (uning o’rtasida ulkan qozon – “Nazr-niyoz qozoni”borligi uchun shunday atalgan). Undan keyin dahma-go’rxona, undan g’arbroqda masjid, sharqda Oqsaroy deb atalgan ziyoratxona joylashgan. Qozonli xonaning ikki tomonidagi ikki qavatda kichik hujralar, kutubxona, kichik Oqsaroy bor. Peshtoqning ikki tomonida – oshxona quduqxona joylashgan. Devorning u yer bu yerida ikkinchi qavatga va tomga chiqiladigan zinalar bor. Bino tarhi ixcham, yig’inchoq bo’lib, kutiladigan turli maqsadlarga javob beradi. Jamoatxona o’rtasiga qo’yilgan ulkan qozon hoshiyasida turli yozuv va naqshlar bo’lib, u o’sha davrdagi misgarlik san’atining mo’jizasi hisoblanadi. Juma va hayit kunlari bu doshqozonda halim qilinib, osh damlanib, ziyoratchilarga tortilgan. Bu jamoatxona ehtimol, honaqoh vazifasini ham bajargan bo’lishi mumkin. Me’morchilik yechimi nuqta’i nazaridan bino gumbazlari tizimining turli tumanligi bilan ajralib turadi. Qozonli xona va gorxona qo’sh gumbazli, tashqi gumbazlar binoning umumiy tuzilishi bilan uyg’unlashgan bo’lib, baland poygumbazga tayanib turadi, ichki gumbazlar muqarnaslar qatori bilan bezalgan. Boshqa xonalardagi gumbazlar tutashuvchi toqlarga tayanadi, xochsimon ravoqlar, qalqonsimon bag’allar O’rta Osiyo me’morchiligida yangi yechim bo’lib, XV asrda taraqqiy ettirilgan. Maqbaraning tasgqi manzarali bezagi asosan uch tarzida (bitmagan bosh tarzidan tashqari) va ikki katta gumbazda mujassamlashgan. Devorlardagi bezak asosan kufiy yozuvida bajarilgan girihlar to’ridan iborat, devorlar yuqorisida uzunasiga ketgan yozuvli sharafa bor. Maqbaraga tutash shimoliy peshtoqdagi tahmon ko’p rangli yorqin girixlar koshinlar bilan bezalgan. Ikki bosh gumbazga alohida e’tibor qaratilgan – ularning tagidagi poygumbazlarga butun balandligi bo’yicha gir aylantirib kufiy yozuvi bitilgan, uning ustida ham yozuvli sharafa bor, katta kulohiy gumbazning poygumbazi zangori g’isht bilan qoplangan, kichik cho’qqi, xuddi Go’ri Amirdek guldor garov qilib terilgan. Ichki xonalarning hashami ancha oddiy, ehtimol, u ham huddi bosh peshtoq kabi tugallanmagan bo’lsa kerak. Qozonli xonaning izorasida koshin qoldiqlqri saqlangan, masjiddagi mehrob rang-barang parchin bilan qoplangan, asosiy xonalarning ayrim joylarida gilam nusxa naqsh qoldiqlari ko’rinib turadi. Go’xona va qozonli xona eshiklari o’ymakorlik bilan bezatilgan, darvozadagi eshik zulfini qirma usulida ishlangan. Xullas, maqbara bezagida muqarnas, koshinkorlik, o’ymakorlik bezaklari qollanilgan. Binodagi yozuvlarda uni yaratgan me’mor va ustalarning nomlari saqlanib qolgan. Yozuvlarning birida usta Yusuf Sheroziy nomi va 1398-1399 yili ko’rsatilgan. Boshqa yozuvda “Shamsabid al-Vahib Sherozi al-banna(quruvchi)” degan yozuv bor. Bir necha eronlik ustalarning nomlari badiiy bronza buyumlarda ko’rsatilgan. Hali aytilgan darvoza zulfini shular jumlasidan: ularni Izaddin binni Tojiddin Isfahoniy yasagan. Shu bilan birga, yozuvda ular “Temur Ko’ragoniyning topshirig’iga binoan shayh Ahmad Yassaviyning sharafli go’rxonsasi uchun” yasalganligi ko’rsatilgan. Shunday qilib, nomlari keltirilgan me’morlar va binoni bezashda qatnashgan ustalar Temur yurishlarida keltirilgan eronlik mutaxassislar ekan. Lekin Ahmad Yassaviy maqbarasining umumiy tuzilishi va me’morlik uslubi Eron memorchiligida bevosita uchramaydi. Binobarin, u Temur davrida O’rta Osiyoda shakllangan va Temuriylar bunyodkorligida XIV asrda yanada taraqqiy ettirilgan yangi me’morchilik uslubidagi inshootdir. Ahmad Yassaviy maqbarasi musulmon Sharqining me’moriy yodgorliklari orasida eng noyobidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |