Shahrisabz. Oqsaroy.
Oqsaroy Temurning devoni joylashgan saroy haqida yasavvur beradi. Oqsaroy nomi uning oqish rangli bo’lganligidan bo’lsa kerak, lekin “oq” istilohining ko’chma – ulug’vor ma’nolari ham mavjud. Bu saroyning tamal toshi munajjimlar bashorat qilgan “saodatli” soatda Temur 1379-yilda Xorazmga qilgan yurishidan qaytganida qo’yildi. U Xorazmdan olib qaytgan katta o’ljadan tashqari Shahrisabzga quruvchi ustalarni ham jo’natdi. Saroy qurilishida xorazmlaklardan tashqari mahalliy ustalar, shuningdek Temurning boshqa fath qilingan mamlakatlardan keltirgan binokarlari qatnashdi. Saroyning qurilishi 1380 yili boshlanib, 1386 yili tugallangan, lekin pardozlash ishlari 1404 yilgacha davom etgan. Uning rasmiy vazifasi haqida Bobur qisqacha ta’riflab, Temurbek Keshda ulug’vor bino qurdi,devonining majlislari uchun ulkan peshtoq, devon tojibeklari bilan devon beklarning majlisi uchun o’ng va so’l tomonlarda ikkita kichik peshtoq barpo qildi, arzga keluvchilar uchun binoning bir tomonida kichikroq tokchalar qoldirdi, deb yozadi. Oqsaroydan bizgacha bosh peshtoqdan faqat katta gul ustun (rukn)larigina saqlanib qolgan. lekin Klavixo saroyning mufassal tavsifini yozib qoldirgan: “Saroyda nihoyatda uzun yo’lak va nihoyatda baland darvoza bor, o’ng va chap tomondan kiraverishda gishtin ravoqlar o’rnatilib, xilma-xil naqshlar shaklida terilgan koshinlar bilan bezatilgan. Bu ravoqlar ostida esa go’yo eshiksiz kishik korxonalar bor – poli koshin bilan qoplangan bu tokchalarsenyor saroyda bo’lganida odamlar o’tirishi uchun qilingan”. Klavixo kundaligidagi tavsifi va Sharq mualliflari, ayniqsa Zahiriddin Muhammad Boburning to’liq bo’lmagan ma’lumotlaridan shu narsa ma’lum bo’ladiki, bosh tarzidagi peshtoq bino devoir sathidan bir oz oldinroqqa chiqarilgan, u yerdan hovuzli keng hovliga o’tilgan. Bu yerda asosiy yo’nalish bo’ylab kiraverish qarshisida ulkan peshtoq tiklangan bo’lib, uning ortida maxsus qabul marosimlari xonasi joylashgan. Peshtoq bag’ali (tokcha)larida sher va quyoshning qadama naqsh bilan ishlangan bo’rtma tasviri, shuningdek Temurning uchta halqa ko’rinishidagi nishoni tushirilgan. Hovlining ko’ndalang yo’nalishi bo’ylab har ikki tomondagi peshtoq ortida devonlar joylashgan edi. Saroy peshtoqining bezagi ko’plab bitiklarning aksariyati yo’qolib ketgan, lekin ayrimlari avvalroq ko’chirib olinib, avlodlar xotirasida saqlanib qolingan. Ular pand-nasihat ruhidagi hikmatlar yoki saroyni va uning ijodkori Temurni ulug’lovchi she’rlardan iborat.
Do'stlaringiz bilan baham: |