I.3. YUzlashtirish tergov harakatining vazifasi va uni o‘tkazishning protsessual tartibi
YUzlashtirish bu-ilgari so‘roq qilingan ikki shaxs ko‘rsatuvlari o‘rtasida jiddiy qarama-qarshiliklar bo‘lganda ularning sababini aniqlash uchun o‘tkaziladigan tergov harakatidir.
YUzlashtirish tergov harakatining huquqiy asoslari va o‘tkazish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 122-124-moddalarida aksini topib, qamrab 13-bobida ko‘rsatilgan.
YUzlashtirish tergov harakatida avval so‘roq qilingan ikki shaxs yuzlashtirilib, basharti ularning aynan bir xil fakt va holatlarga nisbatan bergan ko‘rsatuvlarida jiddiy qarama-qarshiliklar bo‘lsa, bir vaqtning o‘zida har ikkalasining ishtirokida ko‘rsatuvlar olinadi. Bu qarama-qarshiliklarning sabablarini aniqlash uchun yuzlashtirishda gumon qilinuvchi, sudlanuvchi, ayblanuvchi, jabrlanuvchi va guvoh so‘roq qilinishi mumkin. YUzlashtirish tergov harakati ko‘rsatuvlarni, jumladan dalillarni tekshirishga qaratilgan tergov harakatidir.
Jinoyat-protsessual qonun faqat ikki shaxsni yuzlashtirib so‘roq qilishga ruxsat beradi. YUzlashtirib so‘roq qilishning muhim xususiyati bunda yuzlashtirilayotgan shaxslar ilgari so‘roq qilingan bo‘lishi lozim. Bu esa yuzlashtirib so‘roq qilishning muvaffaqiyatli o‘tkazilishini ta’minlashda qulaydir. Jinoyat protsessi nazariyasida mavjud bo‘lgan yuzlashtirish tergov harakatining bir vaqtning o‘zida ikki va undan ortiq shaxslar o‘rtasida o‘tkazishi mumkinligi to‘g‘risidagi fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi. Tergov amaliyoti jinoyat protsessida uch va undan ortiq shaxs o‘rtasida yuzlashtirish tergov harakatini amalga oshirishning imkoni ham yo‘qligi tasdiqlaydi.
Agarda bir necha (uch va undan ortiq) shaxslarning so‘roqda bergan ko‘rsatuvlarida haqiqiy qarama-qarshiliklar mavjud bo‘lsa, ular o‘rtasida har ikki shaxs o‘rtasida yuzlashtirish o‘tkazish lozim.
Mazkur tergov harakati navbati bilan ikki shaxs (har biri ikkinchisining ishtirokida) so‘roq qilishda namoyon bo‘lib, so‘roqdan so‘ng yuzlashtirish tergov harakatini amalga oshiruvchi shaxs ruxsati bilan ularga o‘zaro savol berish imkoni beriladi.
Aksariyat hollarda yuzlashtirish tergov harakati so‘roq qilingan shaxslar ko‘rsatuvlarida jiddiy qarama-qarshiliklar mavjudligini aniqlagan tergovchi tashabbusi bilan o‘tkaziladi. Qonun nafaqat tergovchi, shuningdek, jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilari (jabrlanuvchi, ayblanuvchi, himoyachi va b.) tashabbusi bilan o‘tkazilishini taqiqlamaydi.
Bizga ma’lumki, shaxs bo‘lib o‘tgan voqea xususida o‘zining sub’ektiv taassurotlarini aytib beradi. Ob’ektiv holat va voqealar inson ongida bir xilda aks etmasligi tabiiydir. Muayyan haqiqiy holatni aniqlash uchun surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud (sudya) aniq faktlar yoki ma’lumotlarga tayanadi. Albatta, bu mavjud qarama-qarshiliklarni bartaraf qilishni talab qiladi. Ko‘rsatuvlardagi qarama-qarshiliklar ishning mazmunan hal etilishiga ta’sir etishiga ko‘ra jiddiy yoki ahamiyatsiz qarama-qarshiliklar bo‘lishi mumkin.
Jiddiy qarama-qarshiliklar bu-isbot qilish predmetiga kiruvchi holatlar mazmuni yuzasidan qo‘rsatuvlarda mavjud bo‘ladigan nomutanosiblik, ma’lumotlarning bir-birini rad etishi hisoblanadi. Ular jinoyat ishi bo‘yicha aniqlanayotgan hodisalarning tavsif xususiyati, muayyan ob’ktning qabul qilininish shart-sharoitlari, shakllangan va aytib berilgan ma’lumotning hajmi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Qarama-qarshiliklar ba’zida ob’ektga to‘la ravishda, boshqa hollarda esa uning muayyan tarkibiy qism va bo‘laklariga, ichki va tashqi tuzilishiga tegishli bo‘lishi mumkin. Qarama-qarshiliklarning sababi bo‘lib, faktlarni qasddan buzib ko‘rsatish, shuningdek, voqelikni noto‘g‘ri qabul qilish, yomon xotira yoxud real holatni noaniq bayon qilish bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
YUzlashtirish tergov harakatini o‘tkazishda jinoyat protsessida ishtirok etuvchi shaxslarni so‘roq qilishning umumiy qoidalari tatbiq etiladi. YUzlashtirish tergov harakatini o‘tkazuvchi surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud yuzlashtirish harakatida ishtirok etishi lozim bo‘lgan shaxslarga yuzlashtirish tergov harakati o‘tkaziladigan joy, vaqti to‘g‘risida xabarnoma yuboradi.
YUzlashtirish tergov harakatida ilgarigi ko‘rsatuvlar yangi yuzlashtirilayotgan shaxslarni so‘roq qilish orqali tekshirilishi bois uni o‘tkazish chog‘ida Jinoyat–protsessual kodeksning 96-108-moddalarida nazarda tutilgan so‘roq qilishning umumiy qoidalariga ham rioya qilinadi.
YUzlashtirib so‘roq qilish oldidan surishtiruvchi, tergovchi yoki sud majlisida raislik qiluvchi har bir so‘roq qilinuvchidan navbat bilan ularning o‘zaro tanishligi yoki tanish emasligini, o‘zaro munosabatlari qanday ekanligini so‘raydi va javoblarini tinglaydi. SHundan so‘ng har bir so‘roq qilinuvchiga navbat bilan qarama-qarshilik kelib chiqqan holatlar to‘g‘risidagi savollarga javob berish taklif qilinadi. Basharti qarama-qarshilik bir nechta masalaga yoki bir nechta holatga taalluqli bo‘lsa, yuzlashtirishda har ikki so‘roq qilinuvchi bir masala yoki bir holat bo‘yicha ko‘rsatuv bergach, ularga keyingi masala yoki keyingi holat to‘g‘risidagi savollar berilishi mumkin.
YUzlashtirish chog‘ida so‘roq qilinayotgan shaxs surishtiruvchi, tergovchi yoki sud majlisida raislik qiluvchining ruxsati bilan boshqa so‘roq qilinuvchiga savol berishi mumkin. Sud majlisida so‘roq qilinuvchilarning har ikkalasiga xalq maslahatchilari, shuningdek, taraflar savol berishlari mumkin. Surishtiruvchi, tergovchi va sud majlisida raislik qiluvchi ish uchun jiddiy ahamiyatga ega bo‘lmagan yoki yuzlashtirishda aniqlashtirilayotgan qarama-qarshilikka taalluqli bo‘lmagan savollarni chetlatishga haqlidir.
YUzlashtirish chog‘ida so‘roq bayonnomasi yoki so‘roq qilinayotgan shaxslar avvalgi so‘roqlarda bergan ko‘rsatuvlarning fonogrammalari shu shaxslar yuzlashtirilib, ularning ko‘rsatuvlari bayonnomaga kiritilganidan keyingina o‘qib berilishi yoki eshittirilishiga yo‘l qo‘yiladi.
YUzlashtirish tergov harakatining asosiy vazifasi ayblanuvchi, gumon qilinuvchi, guvoh va jabrlanuvchilarning ko‘rsatuvlari taqdim etgan dalillaridagi jiddiy qarama qarshiliklarni va nomuta-nosib jihatlarni aniqlash hamda ularni bartaraf qilishdan iborat.
YUzlashtirish tergov harakatining afzalligi shundan iboratki, yuzlashtirishda ishtirok etayotgan shaxslar ilgari bergan ko‘rsatuvlarini o‘zlari aniqlashtiradilar. Bu ularga surishtiruvchi, tergovchi, prokuror, sud tomonidan savollar berish va yuzlashtirilayotgan shaxslarning javoblari bilan amalga oshiriladi. Bundan tashkari, yuzlashtirilayotgan shaxslar ilgarigi bergan ko‘rsatuvlarini o‘zgartirishlari, ayrim faktlarni eslashlari, ba’zi holatlarga oid yangi ma’lumotlarni berishlari mumkin. Ko‘pincha so‘roq qilinuvchilardan biri oldin bergan ko‘rsatuvlarini rad qilib ularni o‘zgartiradi, ishga oid yangi faktlarni va ma’lumotlarni beradi. Bunday holda ushbu shaxsni yuzlashtirish tergov harakatidan so‘ng qayta so‘roq qilish ijobiy natija beradi.
YUzlashtirish tergov harakatini aynan bir fakt yuzasidan bir necha shaxslar o‘rtasida o‘tkaziladigan hollarda, tergovchi tegishli jinoyat protsessi ishtirokchilarining o‘zaro munosabatlari hamda xarakterining o‘ziga xosliklarini hisobga olgan holda yuzlashtirish tergov harakatining o‘tkazilish taktikasini belgilashi lozim. Ushbu jihatlar yuzlashtirishda kimni birinchi bo‘lib so‘roq qilishni aniqlashga yordam beradi. YUzlashtirib so‘roq qilish orqali tekshiriladigan faktlar ko‘p bo‘lsa, u holda har biri bo‘yicha xronologik yoki mantiqiy ketma-ketlikda so‘roq qilinadi.
YUzlashtirish savol-javob tarzida o‘tkaziladi. Har bir savolga ikkala ishtirokchi ham javob beradi. Keyin ishtirokchilar aniqlashtirish tartibida savol-javob qilishlari mumkin. Faqat bu tergovchi nazorati ostida o‘tkazilishi shart.
YUzlashtirish jarayonining ikkinchi ishtirokchisining haqqoniy va ishonchli ko‘rsatuvlari ta’sirida ko‘pincha boshqa ishtirokchi, ya’ni noto‘g‘ri ko‘rsatuv berayotgan shaxs isbotlangan faktlarni tan olmaslik mumkin emasligini anglab etadi. Noto‘g‘ri ko‘rsatuv berayotgan shaxs ikkinchi ishtirokchi ko‘rsatuvlarini eshitib, ko‘rgan yoki eshitgan narsalarini ketma–ket eslaydi hamda o‘z ko‘rsatuvidagi xatolarini tuzatadi. Ba’zan yuzlashtirilayotgan ishtirokchilarning ikkalasi ham so‘roq qilish davomida kelib chiqqan qarama-qarshiliklarni tushunib etib, ularni bartarf qilishga harakat qiladi. SHunda ham qarama-qarshiliklar bartaraf etilmasa, ularni aniqlash so‘roq qilish hamda boshqa tergov harakatlari bilan davom ettiriladi.
YUzlashtirilayotgan shaxslardan biri voyaga etmagan shaxs bo‘lsa, ushbu tergov harakatini o‘tkazishda uning o‘qituvchisi, ota-onasi, yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakili, agar voyaga etmagan shaxs ayblanuvchi tariqasida yuzlashtirilayotgan bo‘lsa himoyachi ham ishtirok etishi shart. YUzlashtirishda zarur bo‘lsa ekspert, shuningdek tarjimon ham tergovchi ruxsati bilan ishtirok etishi mumkin.
YUzlashtirishdagi so‘roqni uch qismga bo‘lish mumkin.
Birinchi qismda so‘roq qilinayotganlarning o‘zaro tanishligi yoki tanish emasligi va o‘zaro munosabatlari qanday ekanligi aniqlanadi (adovat, do‘stlik, qarindoshlik munosabatlari va hokazo).
Ikkinchi qismda so‘roq qilinuvchi har bir shaxsga navbatma-navbat erkin hikoya qilish shaklida o‘tkazilayotgan yuzlashtirish aniqlaydigan holatlar bo‘yicha ko‘rsatuvlar berish taklif etiladi. So‘roq qilinuvchilarning qaysi biri avval bergan ko‘rsatuvlari so‘roq qiluvchida ko‘proq ishonch tug‘dirgan bo‘lsa, shunga birinchi bo‘lib so‘z beriladi.
Uchinchi qism so‘roq qiluvchining savollariga so‘roq qilinuvchilar navbat bilan bergan javoblariga bag‘ishlanadi.
So‘roq qilish ketma-ketligini jinoyat ishi materiallarini hisobga olib tergovchi tomonidan belgilanadi.
YUzlashtirish jarayonida so‘roq qilinadigan shaxslarning tergovchining ruxsatisiz bir-birlari bilan hech qanday muloqot imo-ishora qilish o‘zaro qandaydir kelishuvga kelish, birini ikkinchisiga tazyiq o‘tkazish taqiqlanadi.
Agar yuzlashtirish ishtirokchilari guvoh va jabrlanuvchi bo‘lsalar, u holda ular ko‘rsatuv berishni rad etganlik yoki undan bosh tortganlik va bila turib yolg‘on ko‘rsatuv berganlik uchun javobgarlik to‘g‘risida ogohlantiriladilar va bu haqda bayonnomaga yozib qo‘yiladi.
Ko‘rsatuv berish tugaganidan keyin oldingi so‘roqlardagi tergovchi yuzlashtirish ishtirokchilarining har biriga savollar berishi mumkin. YUzlashtirish ishtirokchilari bir-biriga faqat tergovchining ruxsati bilan savollar berishlari mumkin. Ularning savollari va ularga berilgan javoblar bayonnomaga kiritiladi (JPK, 123-modda). YUzlashtirish ishtirokchilarining ko‘rsatuvlarini oshkor qilishga faqatgina ular yuzlashtirishda bergan va bayonnomaga yozilgan ko‘rsatuvlardan keyin yo‘l qo‘yiladi. Ko‘rsatuvlar berilib, bayonnomada qayd etilgach, tergovchi o‘z ixtiyoriga muvofiq ilgari berilgan ko‘rsatuvlarni e’lon qilishi ham mumkin, chunki ko‘p hollarda ushbu harakat natijasida ko‘rsatuvlar solishtirilib, ular o‘rtasidagi ziddiyatlar bartaraf etilishi mumkin.
Tergovchi tomonidan yuzlashtirishda ishtirok etuvchi shaxslarga ta’sir qilish darajasini pasaytirish maqsadida, agar ushbu shaxslar o‘zlarining avvalgi ko‘rsatuvlaridan bosh tortgan bo‘lsalar ularning ilgari bergan ko‘rsatuvlari tergovchi tomonidan o‘qib eshittirilishi mumkin. Tergovchi yuzlashtirishda ham bayonnomada qayd etilgan ilgarigi ko‘rsatuvlarini o‘qib eshttirishi yoki ularning ovozli yozuvlarini (fonogrammasini) to‘liq yoki qisman o‘qib eshittirishi mumkin.
YUzlashtirishda ayblanuvchi va gumon qilinuvchi yolg‘on ko‘rsatuv bergani uchun javobgarlikka tortilmaydi. Guvoh va jabrlanuvchi yolg‘on ko‘rsatuv bergani uchun javobgarlikka tortiladi.
Agar yuzlashtirishda gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi ko‘rsatuv berishni rad etsalar, avvalgi so‘roqlardagi ko‘rsatuvlarni oshkor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
YUzlashtirish natijalari har xil bo‘lishi mumkin:
1) har bir ishtirokchi o‘z ko‘rsatuvlarini tasdiqlashi;
2) oldin yolg‘on ko‘rsatuvlar bergan shaxs ularni o‘zgartirishi va to‘liq yoki qisman to‘g‘ri ko‘rsatuvlar berishi;
3) oldin to‘g‘ri ko‘rsatuvlar bergan shaxs endi yolg‘on ko‘rsatuv berishi;
4) yuzlashtirish ishtirokchilaridan biri ko‘rsatuv berishdan bosh tortishi;
5) ikkala ishtirokchi ham ko‘rsatuv berishdan bosh tortishi.
Bunda shuni nazarda tutish kerakki, yuzlashtirishning har qanday natijasi ham ko‘rsatuvlardagi qarama–qarshiliklarning bartaraf etilishiga olib keladi, bu esa yangi dalillar to‘plash bo‘yicha protsessual faoliyatda samara beradi.
YUzlashtirishning butun jarayoni bayonnomaga kiritiladi. Bayonnomadagi yozuvlar ko‘rsatuvlar berilgan tartibni aks ettirishi kerak (JPK, 124-modda). Bayonnomada quyidagilar, ya’ni: yuzlashtirish qaerda, qachon, qanday muddat ichida, kim tomonidan olib borilganligi kim yuzlashtirishda so‘roq qilinuvchi sifatida ishtirok etganligi, agar yuzlashtirish qatnashchilari guvohlar yoki jabrlanuvchilar bo‘lsa, ularni yolg‘on ko‘rsatuv berishlari yoki ko‘rsatuv berishdan bosh tortish masalalari bo‘yicha ogohlantirilganligi qayd etiladi. YUzlashtirish o‘tkazishda ovoz yozish vositalaridan foydalanish yoki yuzlashtirish jarayonini videoyozuvga olish maqsadga muvofiqdir.
YUzlashtirish protsessida himoyachi ham ishtirok etishi mumkin. YUzlashtirish bayonnomasi yuzlashtirib so‘roq qilishning har bir ishtirokchisi va tergovchi tomonidan imzolanadi. YUzlashtirib so‘roq qilingan shaxslar o‘z ko‘rsatuvlari ostiga hamda bayonnomaning oxiriga imzo qo‘yadilar.
Voyaga etmagan shaxs ishtirokida yuzlashtirish o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilayotganda tergovchi ushbu harakatning o‘ziga xosligini e’tiborga olishi, shuningdek, uni voyaga etmagan guvoh (jabrlanuvchi)ni so‘roq qilishni belgilaydigan tartibga muvofiq o‘tkazishini nazardan chetda qoldirmasligi kerak. Bu tartib so‘roqda pedagoglarning, voyaga etmaganning yaqin qarindoshlari yoki qonuniy vakillarining ishtirokini, shuningdek, voyaga etmagan ayblanuvchi himoyachisining tergov harakatlarida ishtirokini yuzlashtirishga nisbatan ham tatbiq etilishini nazarda tutadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |