Kooperatsiya – bir mahsulot yaratish uchun turli korxonalarning hamkorligi bo’lib, bunda ularning tarmoq holda joylashuvi kuzatiladi. Bunda qatnashuvchi korxonalar soni vujudga kelayotgan mahsulotning murakkabligiga boliq bo’ladi.
Kombinatsiya – kooperatsiyaga o’xshab korxonalar birlashmasidan iborat. Bunda tarqoq holda joylashgan birlik emas, balki ularning hududiy umumiyligi tushuniladi. Kooperatsiyada mahsulot bir bo’lsa, kombinatsiyada aksincha, xom ashyo bir bo’lib, undan olingan mahsulot turlicha bo’ladi. Kombinatlashuv ma’lum turdagi xomashyoni chuqur texnologik qayta ishlagan holda mahsulotlar ishlab chiqarishni anglatadi.
Bozor iqtisodiyoti munosabatlariga o’tish sharoitida ishlab chiqarishni tashkil etishning barcha shakllaridan to’gri va oqilona foydalanish zarur.
Ishlab chiqarish kuchlarini oqilona, samarali joylashtirishning asosiy mazmuni va mohiyati mahsulotlarni ishlab chiqarish uchun ketadigan xarajatlarni maksimal darajada kamaytirishga, ma’lum hududlarda xomashyoni qazib olishdan boshlab, tayyor mahsulot ishlab chiqarguncha bo’lgan barcha ishlab chiqarish jarayonlarini joylashtirishda o’z aksini topadi. Bunda albatta, ishlab chiqarishni joylashtirish omillarini e’tiborga olish alohida ahamiyatga ega.
Iqtisodiyot tarmoqlari ma’lum shart-sharoitlar va omillarni hisobga olgan holda joylashtiriladi va hududiy tashkil etiladi. Ishlab chiqarishni joylashtirish omillari deganda, ma’lum bir guruh xo’jalik ob’ektlariga, tarmoqqa yoki mamlakat xo’jaligi tarkibini hududiy tashkil etilishiga, iqtisodiy rayonlarga, shuningdek, hududiy-ishlab chiqarish majmualarning (klasterlarni) oqilona va samarali joylashishiga ta’sir etuvchi majmuali shart-sharoitlar tushuniladi. Bu omillarni yaxshi bilish ishlab chiqarishning hududiy tarkibi va tizimining rivojlanish qonuniyatlarini o’rganishga asos bo’ladi.
Ishlab chiqarish tarmoqlarini joylashtirishda xom ashyo, yoqilgi, elektr energiya, suv, iqlim, mehnat resurslari, iste’mol va transport, iqtisodiy-geografik o’rin kabi omillar e’tiborga olinadi. Shuningdek, ekologiya, ITT va bozor iqtisodiyoti omillarining bu boradagi ahamiyati ham oshib bormoqda.
Ushbu omillarni tabiiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik guruhlarga birlashtirish mumkin. Ularning mohiyati va ta’sirchanligi jamiyat rivojlanishi bilan o’zgarib turadi. Ayni paytda ijtimoiy va ekologik omillar ishlab chiqarishni bozor iqtisodiyoti munosabatlari asosida tashkil etishda ustuvor o’ringa ega bo’lmoqda.
Ishlab chiqarish tarmoqlarini joylashtirishda barcha shart-sharoitlar hisobga olinishi lozim, lekin ma’lum tarmoqni hududiy tashkil etishda barcha omillar emas,
balki ulardan ayrimlarigina etakchi rol’ o’ynaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |