Ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirish va hududiy rivojlanish qonuniyatlariga quyidagilar kiradi:
Ishlab chiqarishni hududiy oqilona tashkil etish qonuniyati. Unga muvofiq:
ishlab chiqarish korxonalarini ITTning yutuqlari asosida, iloji boricha manbalarga yaqin joylashtirish kerak. Masalan, suvni ko’p talab qiladigan tarmoqlarni imkon qadar yirik va samarali suv manbalariga yaqin joylashtirish maqsadga muvofiq;
mehnatni ko’p talab qiluvchi (sermehnat) tarmoqlarni esa mehnat resurslari shakllangan markazlarga yaqinroq;
kundalik iste’mol qilinuvchi mahsulot ishlab chiqarish korxonalarini istemolchilarga yaqinroq joylashtirish kerak va h.k.lar.
Ishlab chiqarishning hududiy ixtisoslashuvi va kooperatsiyalashuvi qonuniyati. Bunda biron bir hudud ichida ixtisoslashuv va korxonalar o’rtasida eng takomillashgan ishlab chiqarish aloqalarini o’rnatish hamda ularni tashqi iqtisodiy aloqalarda keng ishtiroki ko’zda tutilgan.
Hududlarning majmuali rivojlanish qonuniyati. Hududning (respublika, viloyat, iqtisodiy tuman) kompleks rivojlanishi deganda, xo’jalikdagi mutanosiblik, ishlab chiqarish korxonalarining mahalliy tabiiy va iqtisodiy sharoitga mosligi, ixtisoslashgan tarmoqlar, infratuzilmasini, turli ko’lamdagi shaharlarning rivojlanishi, tabiiy muhitni muhofaza qilish, ulardan oqilona foydalanish va hokazolar nazarda tutiladi.
Ishlab chiqarishni hududlarda iloji boricha bir me’yorda joylashtirish yoki hududlarning ixtisodiy va ijtimoiy rivojlanishini tenglashtirish qonuniyati. Unga ko’ra respublikamiz hududlarining iqtisodiy rivojlanishini bir-biriga tenglashtirish, ya’ni mamlakatimizda ishlab chiqarish kuchlarini bir me’yorda joylashtirib, kelajakda aholi turmush darajasini oshirish asosiy maqsad qilib olinadi.
Ishlab chiqarish kuchlarini joylashtirishda yuqoridagi qonuniyatlar asosida yondashilsa xalq xo’jaligining barcha tarmoqlarida mehnat unumdorligi oshadi, iqtisodiy samaradorlikka erishiladi.
Ishlab chiqarishni tashkil etishning barcha shakllari – mujassamlashuv, ixtisoslashuv, kooperatsiya va kombinatsiya ayni paytda ijtimoiy va hududiy jihatlarga ega. Bunda ishlab chiqarishning hududiy tomoni etakchi rol’ o’ynaydi. Shunga qaramasdan bir-biri bilan bog’liq bo’lgan bu jarayonlarni uyushtirgan holda o’rganish, tahlil qilish, biridan ikkinchisiga o’ta bilish geografik fikrlashning muhim hususiyatidir.
Mujassamlashuv yoki ishlab chiqarishning to’planishi geografik jihatdan eng avvalo, moddiy sohalar – sanoat, qishloq xo’jalik, transportda yaqqol nomoyon bo’ladi. Fan ob’ektini aynan shu tarmoqlarning hududiy tashkil etilishi, joylashish xususiyatlari belgilab beradi. Ijtimoiy ob’ektlarning hududiy tashkil etilishi esa xalq xo’jaligining barcha tarmoqlarida turlicha bo’ladi.
Mujassamlashuv darajasining yuqori yokia pastligi ayni paytda ma’lum bir sohaning rivojlanganlik darajasini belgilaydi.
Ixtisoslashuv mehnat taqsimoti va iqtisodiy rayonlarning tarkib topishi bilan chambarchas boliqdir. Uning uch bosqichi – korxona, shahar va tuman miqyosidagi ixtisoslashuvi, shuningdek, uch turi – qism (detal); texnologik yoki yarim mahsulot va predmet (tovar mahsulot ishlab chiqarish) ixtisoslashuvi mavjud. Ixtisoslashuv bosqichlari korxona, shahar va tumanlarning mehnat taqsimotidagi o’rnini belgilab beradi, turlari esa, bir-biri bilan uzviy bog’gliq bo’lib, turli hududiy bosqichda o’zgacha xususiyatga ega bo’ladi. Ixtisoslashuv natijada xalq xo’jaligi tarmoqlari vujudga keladi, iqtisodiy rayonlar, shaharlarning funktsional turlari shakllanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |