1.4.Tuzlar
Dissotsilanganida metallarning kationlari (shuningdek, ammoniy kation NH4+) va kislota qoldiqlarining anionlari hosil bo’ladigan elektrolitlar tuzlar deyiladi. Ularning dissotsilanish tenglamasini ionlarning gidratlanishini hisobga olgan holda quyidagicha yozish kerak: NaCl(k)↔Na+(suvda)+Cl – (suvda)
K3PO4(k)↔3K+(suvda)+PO43 – (suvda)
Tarkibiga qarab tuzlarning quyidagicha turlari bo’ladi: o’rta tuzlar, nordon tuzlar, asosli tuzlar (gidroksituzlar), qo’sh tuzlar va kompleks tuzlar. Har qanday tuzni kislota bilan asosning o’zaro ta’sirlashish, ya’ni neytrallanish reaksiyasi mahsuloti sifatida tasavvur qilish mumkin[2,4,5].
O’rta tuzlar kisloya tarkibidagi vodorod atomlari metalga to’liq almashinishidan hosil bo’ladi. Masalan: 2NaOH+H2SO4=Na2SO4+2H2O
Na2SO4 ning dissotsilanish tenglamasini quyidagicha yozish mumkin: Na2SO4↔2Na++SO42-
Agar sulfat kislotani to’liq neytrallash uchun talab qilingandan kam asos olinsa, u holda eritma bug’latilganda nordon tuz kristallari cho’kmaga tushadi: NaOH+H2SO4=NaHSO4+H2O
Nordon tuzning dissotsilanishini ushbu tenglama bilan ifodalasa bo’ladi: KHSO4↔K++HSO4 –
Nordon tuzning anioni kuchsiz elektrolit sifatida yana dissotsilanadi: HSO4 - ↔H++SO42-
Nordon tuzlar ko’p asosli kislotalardan hosil bo’ladi. Bir asosli kislotalar nordon tuz hosil qilmaydi.
Asosli tuzlar (gidroksituzlar)ni asosidagi gidroksogruppalarning o’rnini kislota qoldiqlari to’liq olmasligidan hosil bo’lgan mahsulot sifatida tasavvur qilish mumkin. Masalan:
Mg(OH)2+HCl=Mg(OH)Cl+H2O
yoki ionli shaklda: Mg(OH)2+H+=Mg(OH)++Cl –
Asosli tuzning dissotsilanishini ushbu tenglama bilan ifodalash mumkin: Mg(OH)Cl↔Mg(OH)++Cl –
Asosli tuzning kationi oz darajada yana dissotsilanadi:
Mg(OH)+↔Mg2++OH –
Shunday qilib, asosli tuzlar ko’p (ikki va undan ko’p) kislotali asoslardan hosil bo’ladi. Bir kislotali asoslar asosli tuz hosil qilmaydi.
Qo’sh tuzlar ikkita turli xil metall ionlari bilan kislota qoldig’i ionlardan tarkib topgan bo’ladi. Masalan, KAl(SO4)2, (NH4)Fe(SO4)2. Bunday tuzlarning dissotsilanishini ushbu tenglamalar bilan ifodalash mumkin.
KAl(SO4)2↔K++Al3++2SO42-
(NH4)2Fe(SO4)2↔2NH4++Fe2++2SO42-
Qo’sh tuzlar metallarning ionlari bilan kislota qoldig’i ionlariga dissotsilanadi.
Kompleks tuzlar tarkibiga murakkab (kompleks) ionlar kiradi (formulalarda ular o’rta qavs ichiga olib yoziladi); tuz dissotsilanganda kompleks ion shundayligicha ajraladi. Masalan:
K4[Fe(CN)6]↔4K++[Fe(CN)6]4-
[Ag(NH3)2]Cl↔[Ag(NH3)2]++Cl –
O’z navbatida murakkab (kompleks) ionlar juda oz darjada yana dissotsilanadi: [Fe(CN)6]4 - ↔Fe2++6CN –
[Ag(NH3)]2+↔Ag++2NH3
Shunday qilib, kompleks tuzlar dissotsilanganda dastlab kompleks ionlar ajraladi, so’ngra shu ionlarning o’zi kuchsiz elektrolit sifatida ikkinchi marta dissotsilanadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |