Bilimga yo’naltirilgan yondashuvida bilim insoniyatning butun tarixiy tajribalarida to’plangan boy ma’naviy boylik sifatida diqqat markazda bo’ladi. Biroq bu yondashuvning ma’lum salbiy jihatlari ham bor. Bilim bunda mutlaq darajaga ega bo’ladi. Shu sababli shaxs jilovlanadi va ikkinchi darajaga o’tib qoladi. Bu esa akademizmga berilishning ilmiy asosini qoidalashtirishga olib keladi.
Hozirgi davrda ta’limni insonparvarlashtirish va ta’lim mazmuning mohiyatini shaxsga yo’naltirilgan yondashuvini maydonga olib chiqdi. Bu yondashuv markazida shaxs turadi. Bunday yondashuv ta’lim mazmunini erkin tanlash imkoniyatini beradi. Shaxsga yo’naltirilgan yondashuvni amalga oshirish jarayonida shaxsning ta’limiy, ma’naviy, madaniy va hayotiy talablari qondiriladi. Eng muhimi, shaxsga nisbatan insonparvarlik munosabati namoyon bo’ladi, madaniy-ta’limiy sharoitda o’qish individualligi va mustaqil harakat qila olish imkoniyati shakllanadi.
Shaxsga yo’naltirilgan yondashuv insonning tabiiy, ijtimoiy va madaniy xususiyatlari birligi rivojlanishiga qaratilgan bo’ladi. Bunday yondashuv namoyandalari I.Ya. Larner, M.N. Skatkin, V.S. Lednev, B.M. Bim-Bada, A.V. Petrovskiylardir.
Ta’lim mazmuni tarixiy xarakter ham kasb etadi.
Jamiyat rivojlanishining har bir bosqichida ta’lim mazmuni muayyan maqsad va vazifalarga ega bo’ladi. Ta’lim mazmuni davr talabi, nazariy bilim va ishlab chiqarish taraqqiyoti darajasiga mos ravishda o’zgarib turadi.
Ta’lim mazmuni ijtimoiy hodisa sifatida maydonga keladi va u o’zining boshlang’ich davrida amaliy ahamiyat kasb etgan, ya’ni insonlarning hayotiy ehtiyojlari uchun zarur hisoblangan bilimga bo’lgan talabini qondirgan.
Ijtimoiy taraqqiyot ta’limning madaniyatshunoslik funksiyasini yuzaga keltirdi.
Ta’limning rivojlanishiga boshqa ijtimoiy omillar ham ta’sir ko’rsatdi, natijada hukmron sinflar umummadaniy va takomillashib boruvchi bilimga o’z monopoliyasini o’rnata boshladilar, aholining asosiy qatlamlari esa kundalik turmushda zarur bo’ladigan amaliy bilimlarnigina egalladilar.
XVIII-XIX asrlar uyg’onish davrida insonparvarlik g’oyasi qaror topdi. V. de Feltre “Maktab quvonchi” asarida erkin jismoniy va aqliy rivojlanish haqida yozgan edi. J.J. Russo bola rivojlanishida uning tabiatidagi spontan holatlarini kuzatish lozimligini uqtiradi I.I. Pestalossi insonni faol hayotga tortish orqali shakllantiradigan barcha ahamiyatga molik kuchlarni to’la rivojlantirish g’oyasini olg’a suradi. Ushbu g’oya ta’sirida Fransiya, Shveysariyada yangi maktablar, AQSh, Germaniya, Avstriyada elitar maktablar paydo bo’ladi, ularda shaxsning ta’lim va tarbiyasi tabiatda erkin rivojlanish, bola va kattalar orasidagi tabiiy munosabatlar bilan bog’lanadi.
Ta’lim mazmunining asosiy nazariyalari XVIII asr oxiri va XIX asr boshlarida paydo bo’ldi. Pedagogika fani ta’lim mazmunining material va formal nazariyasini belgilab beradi. Ta’lim mazmunining material nazariyasi ayrim manbalarda didaktik materializm yoki qomusiylik deb yuritildi.
Bu nazariyaning asosiy maqsadi fanning turli sohalaridan mumkin qadar ko’p miqdorda bilim berishdir. Bunday qarashni Ya.A. Komenskiy ham yoqlagan va o’zining darsligida o’quvchilarga zarur bo’lgan barcha bilimlarni joylashtirishga ko’p yillik hayotini bag’ishladi. Ya.A. Komenskiyning zamondoshi ingliz shoiri va tarixchisi Djon Milton (1608-1674) ham ta’lim mazmunini shunday tushungan.
Formal nazariya yoki didaktik formalizm ta’lim mazmunini qobiliyatlar va bilishga bo’lgan qiziqishni o’stirish vositasi sifatida tushuntiradi. Didaktik formalizmning nazariy asosini bir faoliyat sohasida olingan bilim va ko’nikmalarni ikkinchisiga ko’chirish holati tashkil etadi.
Qadimgi yunon olimi Geraklit didaktik formalizm tarafdori bo’lgan, uningcha, “Ko’p bilim aql o’rgata olmaydi”. Siseron ham shunday fikrdadir.
Yangi davrga kelib, Pestalossi I. Kant falsafasi va neogumanizm g’oyasiga asoslangan holda, didaktik formalizm nazariyasini olg’a suradi. Uning fikricha, o’qitishning bosh maqsadi “o’quvchining to’g’ri fikrlash yoki formal ta’limi”ni kuchaytirishdan iborat. Bunga yaqin fikrlarni A. Disterverg o’zining “Nemis o’qituvchilariga qo’llanma”sida (1850) ham bayon qilgan edi.
Ta’lim mazmuni formal nazariyasi o’qituvchilarining xizmatlari shunda ediki, ular ta’lim oluvchilarning qobiliyati, bilishga qiziqishlari, ularning diqqati, xotirasi, tasavvuri, tafakkurini o’stirish zarurligiga diqqatni qaratdilar. Bu nazariyaning ojizligi esa ularning ta’lim dasturlarida ko’proq ko’rgazmali predmetlar (til, matematika) aks etgan edi.
Har ikkala nazariya K.D. Ushinskiy tomonidan qattiq tanqid qilindi. U shunday yozgan edi: “Aqlning formal rivojlanishi bu muhim bo’lmagan belgi, chunki aql haqiqiy real bilimlarda rivojlanadi” (K.D. Ushinskiy - Asarlar to’plami - 8-jild, 661-b.)
K.D. Ushinskiy maktab insonni bilimlar bilan boyitishi va ayni zamonda bu boylikdan foydalanishni o’rgatishi lozim. U didaktik formalizm va didaktik materializm birligi g’oyasini yoqlab chiqdi.
XIX va XX asr oralig’ida AQShda didaktik utilitarizm konsepsiyasi paydo bo’ldi. Bu g’oya amerikalik pedagog Dj. Dyuiga tegishlidir. Yevropada bunday qarashda taniqli nemis pedagogi R. Kershenshteyn fikr bayon qilgan.
Dj. Dyuining aytishicha, alohida olingan o’quv fanlari mazmuni orasidagi aloqalarning manbai ta’lim oluvchilarning individual va ijtimoiy faoliyati hisoblanadi. Bu faoliyat turlari optimal dasturni o’quv fanlarining ketma-ketligi va uzviyligi asosida emas, balki o’quvchining erkinligida, uning tajribalari bilan bog’langan xulqining yangi munosabatlari va tiplarini shakllantirish asosida ta’minlaydi.
Didaktik utilitarizm amerika maktablarining ham ta’lim mazmuniga, ham o’quv ishlari metodlariga kuchli ta’sir etdi, buning natijasi o’laroq ta’lim oluvchilarga maksimal darajada erkinlik berildi, jumladan, majburiy va fakultativ fanlar sifatida ajratilgan o’quv fanlarini tanlab o’qitishga ijozat berildi. O’quv-tarbiya jarayoni o’quvchilarning individual talablari (tanlovlari)ga moslashtirildi.
Polshalik olim V. Okun funksional materializm deb nomlanuvchi ta’lim mazmuni nazariyasini ishlab chiqdi. Bu nazariyaning asosida esa bilimning faoliyat bilan integral aloqasi qoidasi yotar edi. Bu nazariyada jamiyatning ta’limga qo’yiladigan talablari va o’quvchilarning individual tanlovlari birligi sezilib turadi.
50-yillar o’rtalarida dasturlashtirilgan ta’limning yuzaga kelishi munosabati bilan ta’lim mazmunining operasional strukturizasiya nazariyasi ishlab chiqildi. Bu nazariya qay tarzda o’qitish kerak degan savolga javob berishga qaratilgan. Bu nazariya tarafdorlari o’quv fanlari mazmuni va ular orasidagi bog’lanishni sinchiklab tahlil qilish zarurligini uqtiradilar. Bu tahlil programmalashtirilayotgan matnni oldindan aniq va konkret belgilash imkonini beradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |