Subtropik mintaqa. Materikning 30° va 40° j.k. lar oralig‘i subtropik iqlim
mintaqasiga qaraydi. Bu mintaqaning iqlimi yozda tropik havo massalari ta’sirida
va qishda mo‘tadil havo massalari ta’sirida tarkib topadi. Subtropik mintaqada ham
tropik mintaqadagiga o‘xshash ichki iqlim tafovutlari mavjud bo‘lib, ular sharqdan
g‘arbga tomon namoyon bo‘ladi. Materikning janubi-sharqiy qismi, Urugvay
hududi, Braziliya yassi tog‘ligining janubiy chekka qismi, Parana va Urugvay daryo
oralig‘i, Pampaning sharqiy qismi yil davomida bir me’yorda sernam bo‘lib
turadigan nam subtropik iqlim oblastiga qaraydi. O‘rtacha yillik yog‘in miqdori
1000-2000 mm ni tashkil etadi. Yozi issiq, qishi yumshoq bo‘ladi, qish oyining
o‘rtacha harorati +10°C atrofida. Janubdan sovuq havo massalari kirib kelganda
havo harorati 0° C dan ham pasayadi. Subtropik mintaqada materik ichki qismiga
kirib borgan sari (Pampaning g‘arbiy qismi) kontinentallik orta boradi, yog‘in faqat
yozda yog‘adi. Atlantika okeanidan nam havo massalari kam yetib kelganligi tufayli
yillik yog‘in miqdori 500 mm dan oshmaydi. Havo harorati nam subtropik iqlim
oblastiga o‘xshash. Materikning eng g‘arbiy qismida, Tinch okean sohilining 30°va
37° j.k. lari oralig‘ida o‘rta dengizbo‘yi tipidagi qishi yumshoq, sernam va yozi
quruq subtropik iqlim tarkib topgan.
Mo‘tadil mintaqa. Materikning 40° j.k. dan janubdagi tor qismida mo‘tadil
iqlim mintaqasi joylashgan. Bu mintaqa o‘zining iqlim xususiyatlari bilan
shimoldagi iqlim mintaqalaridan keskin farq qiladi. Uning hududida ikkita iqlim
oblasti ajratiladi. Mintaqaning g‘arbiy qismida, Tinch okean sohilida mo‘tadil
dengiz iqlimi shakllangan. Bu yerda qish nisbatan iliq, havo harorati +4°+6°C, ob-
havo ko‘pincha bulutli va shamolli bo‘ladi. Yoz oylari salqin, sernam, tez-tez
yomg‘ir yog‘ib turadi, havo harorati +15°C dan yuqori ko‘tarilmaydi. O‘rtacha yillik
yog‘in miqdori 2000-3000 mm ni tashkil etadi.
Mintaqaning sharqiy qismida iqlim g‘arbiy qismiga nisbatan keskin
kontinentalligi bilan farq qiladi. Chunki Patagoniya yassi tog‘ligi ustida mo‘tadil
kenglikning kontinental havo massalari vujudga keladigan markaz mavjud. Bundan
tashqari atmosfera yog‘inlari bu yerga g‘arbiy shamollar yordamida keladi. Biroq
Patagoniya g‘arbdan And tog‘lari bilan to‘silganligi tufayli nam havo massalari
bemalol o‘ta olmaydi. Shu sababli bu hududda yog‘in miqdori 250-300 mm dan
oshmaydi. Bu yerda qish sovuq, yoz esa iliq va quruq bo‘ladi. Antarktikadan
keladigan sovuq havo massalari tufayli qishda qattiq sovuqlar bo‘lib turadi.
Patagoniyada minimal harorat -35°C kuzatilgan. O‘rtacha oylik harorat 0° C dan
yuqori.