Ilmiy kuzatishlar muayyan nazariya yoki farazni tasdiqlash, to’ldirishni, yoki bo’lmasa rad etishni maqsad qilgan holda olib boriladi. Ilmiy kuzatishning maishiy turmushdagi kuzatishdan tub farq qiladigan xususiyatlaridan yana biri uning nazariy, ilmiy asoslaridir. Kundalik turmushdagi kuzatish kishilarning hayot tajribasiga asoslanib olib borilsa, ilmiy kuzatish ilmiy bilimlar asosida olib boriladi.
Ijtimoiy fanlarda kuzatish usulining qo’llanilishi uning tabiiy fanlarda qo’llanilishidan ancha farq qiladi. Tabiatda tadqiqotchining kuchli his-tuyg’ularini uyg’otadigan voqealar yuz bermaydi. Jamiyatda yuz berayotgan hodisalarni kuzatayotganda esa tadqiqotchi his-tuyg’ularga berilib ketishi, bo’layotgan hodisalarga ijobiy yoki salbiy munosabatda bo’lishi va bu hol tadqiqot natijalariga, xulosalarning ilmiy va ob’ektiv bo’lishiga ta’sir o’tkazishi mumkin. Shuning uchun ijtimoiy hodisalarni kuzatishga harakat qilayotgan tadqiqotchi o’z his-tuyg’ularini tizginlay olishi, xulosa chiqarish paytida shu his-tuyg’ulardan yuqoriroqqa ko’tarila olish qobiliyatiga ega bo’lishi lozim.
Sotsiologik kuzatish olib borishning shart va talablari quyidagilar:
Kuzatish kerakli saviyada va darajada tashkil qilinishi kerak. Bu shart sotsiologik tadqiqotlar taraqqiyoti bilan bog’liq bo’lib natijalarning ob’ektivligini ta’minlashga qaratilgan. Kuzatish olib borilganda shunday holatlar vujudga keladiki, ularni texnika vositalarida tasvirga tushirilmasa yoki ovozlar yozib olinmasa, bu holatlarni tabiiy holda qaytarish mumkin emas. Shuning uchun kuzatishni texnik jihatdan ta’minlash ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Kuzatishning muntazamliligi. Bu shart ham tadqiqot natijalarining ob’ektivligini ta’minlashga qaratilgan. Kuzatish muntazam olib borilmay, o’ldajo’lda va ahyon-ahyonda olib borilsa tadqiqot ob’ekti uchun xarakterli holatlar kuzatilmay qolishi va oqibatda kuzatish natijalari ob’ektiv bo’lmay qolishi mumkin.
Kuzatuvchining xolisligi. Bu shart ta’minlanmasa, tadqiqot jarayonida kuzatuvchi o’zi o’rganayotgan jarayonlarga ijobiy yoki salbiy munosabat bildirishi va buning oqibatida voqealarni sub’ektiv talqin qilishi mumkin.
Kuzatilayotgan ob’ekt to’g’risida mumkin qadar ko’proq ma’lumot to’plash. Ob’ekt qanchalik batafsil kuzatilsa, chiqarilgan xulosalarning haqiqatda shunchalik yaqin bo’lishi uchun imkoniyat yaratiladi. Xulosalar etarli bo’lmagan ma’lumot asosida chiqarilsa, ob’ektning ma’lum xususiyatlari kuzatuvchi e’tiboriga tushmay qolgan bo’lishi mumkin. Bu esa xulosalarning noto’g’ri bo’lishiga olib keladi.
Kuzatishning borishini va natijalarini batafsil qayd qilib borish. Agar shunday qilinmasa, xulosa chiqarish paytida kuzatishning muayyan natijalari e’tibordan chetda qolishi mumkin. Bu esa xulosaning chala yoki noto’g’ri bo’lishiga olib keladi. Yuqorida aytilganidek, kuzatish jarayonini qayd qilib borishda texnika vositalari katta yordam berishi mumkin.
Sotsiologik kuzatishlarni shartli ravishda ikki turga bo’lish mumkin:
Chetdan kuzatish.
Ichkaridan kuzatish.
Ob’ekt chetdan kuzatilganda undagi jarayonlarning ishtirokchilari o’zlari kuzatish ob’ekti ekanliklaridan mutlaqo bexabar bo’ladilar. Masalan, xaridorlar xulqini o’rganmoqchi bo’lgan tadqiqotchi sotish zalida yoki peshtaxta ortida turib xaridorlarni ko’proq qaysi buyum qiziqtirayotgani, ularning belgilangan narxlarga munosabati va boshqalarni kuzatishi mumkin. Bunda xaridorlar o’zlarining kuzatish ob’ekti bo’lganliklarini bilmaydilar. Agar ular o’zlari sotsiologik kuzatish ob’ekti bo’lganliklarini bilib qolsalar, ularning xulqida ma’lum o’zgarishlar yuz berishi, demak, bu xulq tabiiy bo’lmay qolishi mumkin
Chetdan turib kuzatayotgan tadqiqotchi o’rganilayotgan ob’ektga hech qanday ta’sir ko’rsatmaydi va uni tabiiy holda o’rganadi. Ichkaridan kuzatilganda tadqiqotchi ikki xil usuldan foydalanishi mumkin:
Ochiq kuzatish.
Yashirin yoki xufya kuzatish.
Ilmiy bilishning boshqa usullari singari kuzatish usulining ham afzalliklari va kamchiliklari mavjud. Bu usulning eng asosiy afzalliklaridan biri shuki, u tadqiq qilinayotgan ob’ektdagi jarayonlarning kechishiga ta’sir o’tkazmay yoki juda kam ta’sir o’tkazgan holda o’rganish imkonini beradi. Sotsiologik kuzatish ilmiy empirik bilish usuli sifatida va mohiyat e’tibori bilan murakkab jarayon bo’lgani uchun reja asosida olib boriladi. Kuzatish rejasi usulning xususiyatlari va asosiy bosqichlarini nazarda tutgan holda tuziladi.