Qobiliyatning tuzilishi. Shaxs egallashi shart hisoblangan faoliyat, u xoh ta’lim, xoh mehnat, xoh o‘yin, xoh sport bo‘lishidan qat’i nazar, uning bilish jarayonlariga, aqliy xislatlariga, emotsional irodaviy jabhalariga, sensomotor sohasiga, xarakterologik xususiyatlariga muayyan talablarni qo‘yadi va ularning hamkorlikdagi sa’y-harakati tufayli muvaffaqiyatlarga erishiladi. Psixologik ma’lumotlarga qaraganda, insondagi yuksak ko'rsatkichga erishgan sifat harchand ustuvorlikka ega bo‘lmasin, u talablarni qondirish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Ayrim hollarda alohida namoyon bo‘lgan psixik xususiyat (xislat) faoliyatning yuksak mahsuldorligi va samaradorligini ta’minlash qurbiga ega, u qobiliyat uddalay oladigan imkoniyat bilan bab-baravar, kuch-quvvat tariqasida vujudga keladi, degan faraz o‘zini oqlamaydi. Shuning uchun qobiliyat murakkab tuzilishga ega bo‘lgan psixik sifatlar (xislatlar) majmuasidir, deyish juda o‘rinlidir.
Intellekt va qobiliyat - bu ommaviy, o‘zimiz o‘ylab topgan konsepsiya, odamlarni bir-biridan farq qilishini tushuntirish maqsadida o‘ylab topilgan. Oqilona o‘zini tutish, o‘rab turgan muhitga moslashish qobiliyatini, o‘z hayotiy tajribasi asosida masalalami hal qilishni hamda aniq fikrlashni o‘z ichiga oladi. Biz hammamiz bilamizki, ba’zi insonlarda qobiliyat va iste’dod ilm-fanga, boshqalarda esa tasviriy san’atda, musiqada yoki raqsda namoyon bo‘ladi. Balki siz eng oson matematik masalalar bilan gangitib qo‘ysa bo‘ladigan iste’dodli rassomni yoki adabiy diskussiyasiga qobiliyati bo‘lmagan ajoyib matematik - talabani bilarsiz shu sababli ham insonlarning aqliy qobiliyatlari ulami bitta “intellekt” so‘zi bilan belgilash uchun juda xilma-xil ekanligi bizlarni hayratga soladi. Faktorli tahlil. Barcha o‘ziga xos aqliy qobiliyatlar orqali o‘tadigan umumiy qobiliyat faktori mavjudligini aniqlash uchun psixologlar ularning o‘zaro ta’sirini o‘rganishadi. “Takrorlash tahlili” nomli statistika metodi izlanishlarga umumiy qobiliyatli o‘lchash uchun testlarga kerakli savollami tanlash imkonini beradi. Misol uchun lug‘at bilan bog‘liq savollami oson ishlaydigan insonlar matnni ham yaxshi tushunishadi. Bu to‘plam verbal intellekt faktorini aniqlashga yordam beradi. Boshqa savollar to‘plamlari ham makon faktori va mulohaza faktorini o‘z ichiga oladi.
Iste’dod va geniylik. Qobiliyat taraqqiyotining yuksak bosqichi iste’dod deb ataladi. Uning ijtimoiy-tarixiy, tabiiy nuqtayi nazardan talqini qobiliyat taraqqiyotining yuksak bosqichi ekanligidan dalolat beradi. Psixologiyada iste’dod (talant -yunoncha noyob narsa, irsiy, tabiiy xislat degan ma’noni anglatadi) muayyan faoliyatning muvaffaqiyatli va ijodiy ravishda bajarilishini ta’minlaydigan qobiliyat hamda iste’dodlar majmuasidan (yig‘indisi) iborat individual xususiyatdir. Psixologik adabiyotlarda unga turlicha ta’rif berilishiga qaramay, ularda asosiy belgilar ta’kidlab o‘tiladi, chunonchi, shaxsga qandaydir murakkab mehnat faoliyatining muvaffaqiyatli, mustaqil va original tarzda bajarish imkonini beradigan qobiliyatlar majmuasiga iste’dod deyiladi. Iste’dodning asosiy belgilari quyidagilar: a) muvaffaqiyatni ta’minlash; b) faoliyatni mustaqil bajarish; c) originallik unsurining mavjudligi; d) qobiliyat hamda iste’dodlar yig‘indisidan iborat ekanligi; e) individual-psixologik xususiyatga egaligi; f) ijtimoiy turmushni o‘zgartiruvchi, yaratuvchi imkoniyatga egaligi kabilar.
Psixologik ma’lumotlarni umumlashtirgan holda alohida ta’kidlab o‘tish iste’dod tuzilishini oson tushunish imkoniyatini yaratadi, iste’dod shaxs psixik xislatlarining shunday murakkab birikmasidirki, uni: a) alohida, yagona maxsus qobiliyat bilan; b)xotiraning yuksak mahsuldorligi orqali; c) hatto noyob (kamyob, nodir) sifat tariqasida o‘lchab bo‘lmaydi. Shaxsda u yoki bu qobiliyatning mavjud emasligi hamda yetarli darajada taraqqiy etmaganligi iste’dodning murakkab tarkibiga kiruvchi boshqa qobiliyatlarning jadal takomillashuvi orqali ularning o‘rnini bosishi (kompensatsiya qilishi) mumkin. Qobiliyatlilik shaxsda mehnat, tinimsiz izlanish tufayli vujudga keladi va rivojlanadi. Iste’dod garchi insonga tabiatan berilgan bo‘lsa-da, agar ijtimoiy muhit bo‘lmasa, o‘z ustida ishlamasa, shaxsdagi qobiliyat va iste’dodlar yoladi. Iste’dodning eng yuqori darajasi bo‘lgan geniylikning shaxslardagi jihatlari haqida ham to‘xtalib o‘tsak. Geniy shaxslar fan sohalariga, hayot voqealariga ijodiy yondashib ularni yanada boyitadilar. Bunday shaxslar o‘ta mehnatsevar va kuchli irodali bo‘ladi. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, geniylik darajasiga ko‘tarilgan shaxs o‘z faoliyatida ahamiyatga molik katta yutuqlarni qo‘lga kiritilishiga sabab bo‘ladi. Kelgusi avlod uchun xizmat qiladigan ixtirolar, nazariyalar yaratadilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |