www.ziyouz.com
kutubxonasi
51
oyog‘imga o‘ralashib yugurdi. Ellik qadamcha yurgandan keyin qoqigullar ochilib yotgan
qirg‘oqda kutib o‘tirdim. Ana, bizning non oqib kelyapti! Tandirdan yangi chiqqan nonni
oqizoq qilib yemagan bo‘lsangiz, yeb ko‘ring. Meni aytdi dersiz, maza qilasiz!
Bir oyoqlab suvga tushib, nonimni tutib oldimu ushatib yedim. Ana rohatu mana rohat!
Usti muzday, ichi issiq. Bir burdasini o‘zim yeyman, bir burdasini kuchugimga beraman.
Kuchugim nonini mendan oldin yeb bo‘ladi. Yeb bo‘ladi-da, boshini goh u tomonga, goh
bu tomonga tashlab mo‘ltirab qo‘limga qaraydi. Dumini likillatib-likillatib qo‘yadi.
Ikkalamiz maza qilib ovqatlandik. Keyin shundoq sohilga yotib, tip-tiniq suv ichdim.
Kuchugim ham oldingi oyoqlari bilan cho‘kka tushib, qip-qizil tili bilan shapillatib rosa
ichdi.
Uyga qaytsak, dadam bodom tagida turib, endi xaltasini ochayotgan ekan. Urre!
— Manavi senga! — dedi dadam oyimga qarab. Xaltadan poshnasi past yaltiroq amirkon
kavush chiqdi. Oyim eski kalishini yechib, kiyib ko‘rgan edi, kavush lop-loyiq keldi. U
yoq-bu yoqqa yurib ko‘ruvdi, kavushi g‘archillab ketdi.
— Iya, g‘archiyam bor ekan, — dedi oyim yosh boladek quvonib. — Baraka toping,
anchadan buyon shunaqasini orzu qilib yuruvdim.
— Qizing qani? — dadam g‘olibona qiyofada yana xaltaga qo‘l suqdi.
Tutundan bo‘g‘ilgan opam oshxonadan ko‘zini ishqalab chiqdi.
— Manavini o‘rab ko‘r-chi! — Dadam guldor shoyi ro‘molni opamga uzatdi. Opamning
ko‘zlari quvonchdan porlab ketdi.
— Rahmat, — dedi uyalinqirab.
Katta akamga yo‘l-yo‘l ko‘ylak, kichik akamga chiyduxoba shim tegdi. Endi bizning
navbat! Yo‘q, dadam xaltasiga qo‘l suqqan edi, bu safar ukamning sovg‘asi chiqdi.
Dengizchilar kiyadigan ko‘ylak! Chetida tasmasiyam bor.
— Menga-chi? — dedim hovliqib.
— Sengayam bor, o‘g‘lim! — deb dadam xaltasidan qizil duxoba do‘ppi chiqardi. Ko‘zim
yonib ketdi. — Qani, — dedi u do‘ppini boshimga kiygizib. — E-e, boshdan ham bergan-
da, senga, o‘g‘lim!
Rostdan ham do‘ppi boshimni bir chekkasida qolib ketdi.
— Ziyoni yo‘q! — dadam do‘ppini tizzasining ko‘ziga kiygizib, bir chetidan tortdi.
Allanima «tirr» etdi. Qo‘rquv ichida do‘ppiga qaradim. Yo‘q, yirtilmabdi. Dadam
qaytadan kiygizgan edi, boshimni xiyol qissayam, loyiq kelgandek bo‘ldi. — Boshdan
ham bor-da, o‘zi, o‘g‘lim. — Dadam yana kuldi.
Kichik akam hozirjavoblik bilan gap suqdi.
— Boshi katta bo‘lgani bilan aqli yo‘q.
Opam uning yelkasiga bir tushirdi.
— Yoshi senga yetsa, sendan aqlliroq bo‘ladi.
— O‘zingiz-chi? — Oyim dadamning ko‘ziga termildi. — O‘zingizga hech nima
olmadingizmi?
Dadam qo‘l siltadi:
— Keyin... Keyin olinar. Nima, men yosh bolamidim...
Aka-ukalar bir zumda ko‘chaga otildik. Bo‘lmasa-chi, qanaqa yasanib olganimizni
hamma ko‘rib qo‘ysin-da.
...Ertalab kimdir sekin yelkamga turtayotganini payqab uyg‘onib ketdim. Hali ko‘zimni
ochmasimdanoq dimog‘imga o‘sma hidi urildi. Qarasam, tepamda oyim jilmayib turibdi.
Qoshi qalin, qop-qora (oyim pardoz qilmas, ammo «qosh suv ichadi» deb o‘sma
qo‘yardi).
— Jim, — dedi u barmog‘ini labiga bosib. — Ukang uyg‘onib qolmasin. Tez yuvin.
Tushundim. Demak, tog‘amnikiga boramiz. Ukamni tashlab ketamiz. Bo‘lmasa, oyimni
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |