www.ziyouz.com
kutubxonasi
53
Paranjili xotin to‘xtadi. Chachvonini yuzidan olgan edi, qo‘rqib ketdim. Bunaqangi cho‘tir
xotinni birinchi ko‘rishim edi. Negadir xayolimga cho‘tirini berkitish uchun paranji yopinib
yursa kerak, degan o‘y keldi.
— Qanaqa Bashor? — dedi u ro‘molcha bilan ter bosgan yuzini artib.
— Bashoratxon-da! — Oyim kuyib-pishib tushuntirdi. — Eri peravodniy. Ashxobodda yer
qimirlaganda kasallarni poyezdda olib kelgan.
— Uyini bilmaysizmi? — cho‘tir xotin achinib bosh chayqadi. — Dunyoda nima ko‘p,
Bashor ko‘p.
— Yo‘q. Egachim aytuvdilar, — deb oyim yana tushuntirdi. — Shundoq ko‘prikdan
o‘tgandan keyin topasiz, devdilar.
— Bu ko‘chada nima ko‘p, ko‘prik ko‘p, aylanay,— cho‘tir xotin yelkasini nochor qisdi.
— Hayronman, — dedi oyim umidsizlik bilan. — Nechta eshikni taqillatdim, hech yerda
yo‘q.
Bo‘lmadi, cho‘tir xotindan ham ish chiqmadi. Tag‘in ikkita katta-kichik ko‘prikdan o‘tdik.
Yurib-yurib, choyxona oldidan chiqib qoldik. Bayram sharofati bilan choyxona ayniqsa
gavjum bo‘lib ketgan, so‘rilarda erkaklar chordana qurib, sabzi to‘g‘rab o‘tirishar,
to‘rqovoqlardagi bedanalar avjiga chiqib sayrar, havoda jizza hidi kezar edi.
— Bor, bolam, — dedi oyim yalinib, — erkaklarning oldiga men bormay qo‘ya qolay.
So‘ragin, peravodniyni uyi qaysi, degin, Bashor degan xotini bor, degin, xo‘pmi?
So‘ri oldiga bordimu, to‘xtab qoldim. Har kim o‘zi bilan o‘zi ovora, qayrilib ham
qaramaydi. Askiya.... Qiyqiriq... Sho‘ppayib turib-turib qaytib keldim. Oyim urishmadi.
Yana ketaverdik.
Kattakon tilla zirak taqqan, yalpoq gulli ko‘rpabop matodan ko‘ylak kiygan, qalin qoshli
juvon duch kelganida oyim tag‘in so‘radi:
— Hoy, opovsi, Bashoratxonni...
— Man namedonam! — dedi ayol yelka qisib.
Oxiri oyim ham holdan toydi. Ko‘cha chetidagi yapasqi xarsang ustiga o‘tirib, tugunini
yechdi. Kecha yopgan arpa nonidan olib olgan ekan. Shundan bittasini ushatib, ona-bola
yedik. Tag‘in chanqay boshladim.
— Oyi, suv, — dedim hiqillab.
— Shoshma, bolam, sabr qil. — Oyim yupatdi. — Topamiz. Hozir topib olamiz.
Non quvvat berdimi, yana avvalgidek yo‘lga tushdik.
Bir mahal onam to‘xtab qoldi.
— Voy, o‘lsin, tag‘in Beshyog‘ochga chiqib qolibmiz-ku.
Qarasam, rostdan ham Beshyog‘och! Bundan chiqdi, aylanib-aylanib yana shu yerga
kelib qolibmiz-da. Bozor oldidagi maydonda odam ko‘p edi. Yasangan qizlar, papiros
tutatgan yigitlar... Daraxt soyasida bir oyoqli kishi qo‘ltiqtayoqqa suyanib turibdi. Oldida
eski kursi, kursidagi savatda obaki. U ingichka bo‘ynining tomirini o‘ynatib, ovozi boricha
baqirardi:
— Obaki dandon
Lablari xandon
Chaynama, shimi,
Chaynama-a-a!
Birpasda chanqoq ham esimdan chiqib ketdi.
— Obaki obering, — dedim yalinib.
Oyim bir zum ikkilanib turdi-da, qo‘limdan yetakladi:
— Yur.
Parvardaga o‘xshatib kesilgan obakini og‘zimga soldimu maza qilib so‘ra boshladim.
Saqichga o‘xshagan yumshoq, ammo juda shirin.
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |