www.ziyouz.com
kutubxonasi
52
qiynab yuboradi. Besh qadam yuradi-da, opiching, deb xarxasha qiladi. Yo‘l uzoq.
Ukam, boshi devor tomonda, bir oyog‘i mening qornim ustida maza qilib uxlab yotibdi.
Hali turgandan keyin «lo‘lilik» qilib opamning dodini beradi.
Yuvinib kelib, apil-tapil choy ichdim.
— Bolani ehtiyot qil, — oyim ayvon burchagida o‘tirib, to‘nkarilgan piyoladan o‘sma
botirib qoshiga tortayotgan opamga tayinladi.
— Xavotir olmang. — Opam boshini u yoq-bu yoqqa egib, bir cheti siniq ko‘zguga qiyo-
qiyo qararkan, jilmaydi. — O‘zim qarab turaman.
Opam juda mehribon. Oyim yo‘g‘ida hammamiz opamning pinjiga tiqilamiz...
Guzarga chiqqanimizdan keyin, eng katta niyatimni sekin aytdim:
— Oyi, kinoga tushsam maylimi? Tarzanga?
U g‘archli kavushiga chang qo‘ndirmaslik uchun tuproq ko‘chadan avaylab borarkan,
orqasiga qaramasdan so‘radi:
— Kim bilan tushasan?
— Sobir bilan.
— Tog‘angnikiga bormaymiz.
Hafsalam pir bo‘lib to‘xtab qoldim. Bundan chiqdi, ammamnikiga borarkanmiz-da.
Ammamnikida men tengi o‘rtog‘im yo‘q.
— Ammamnikiga ketyapmizmi? — dedim qovoq-tumshug‘im osilib.
Oyim burilib qaradi:
— Yo‘q, opangnikiga.
— Opam uyda-ku? — dedim hayron bo‘lib. — Yana qanaqa opamnikiga boramiz?
— O‘qchiga. Katta opangnikiga.
Qiziq, qanaqa katta opam? O‘zi bitta opam bor-ku.
— Yur, — dedi oyim shoshirib. — Kun isib ketmasidan Beshyog‘ochga yetib olaylik.
Oyimga ergashib borarkanman, allanimani g‘ira-shira tushungandek bo‘ldim. Besh-olti
kun oldin ammam kelgan edi. U oyim bilan pichir-pichir gaplashgan, «o‘gay... yig‘ladi...
O‘qchi...» degan so‘zlar qulog‘imga chalingan edi. Demak, O‘qchi degan joyga
ketyapmiz.
O‘qchi degani ikki tomoni boloxonali uylar bilan o‘ralgan tor ko‘cha ekan. Bizning
tomonlarda allaqachon hammayoq ko‘karib ketgan, bu yerda bo‘lsa ko‘cha zax, ikki
chetda qop-qora suv jilg‘a bo‘lib oqib yotibdi. Ancha yurdik. Tez-tez temirchilik
do‘konlari uchraydi. Bayram bo‘lsayam, ba’zilari ochiq. Devordagi mixlarga ketmon,
tesha, xaskash ilib qo‘yilgan. Sandonda olov gurillaydi. Taraq-turuq avjida: yaqiniga
borib bo‘lmaydi. Oxiri tagidan qoramoydek loyqa suv oqib yotgan, chetidagi panjaralari
liqillab turgan yog‘och ko‘prikdan o‘tdik. Oyim dam-badam to‘xtaydi. Hali u eshikni
taqillatadi, hali bunisini.
— Hoy, o‘rgilay, Bashoratxonning uyi shumi? Eri peravodniy...
Birov yo‘q, deydi, birovi yelka qisib eshikni berkitadi, bir xili eshikni umuman ochmaydi.
Shu qadar charchadimki, oyog‘imni qimirlatishga madorim qolmadi. Xuddi, hov birda,
uydagi opamga sovchi kelganida Qa’niga borganimizdek. Kelmasam bo‘larkan. Qaytaga
uyda Xo‘ja bilanmi, Vali bilanmi maza qilib chillak o‘ynab yurgan bo‘lardim. Kun isib
ketgan, suv ichgim kelardi. Oyimning o‘zi ham ko‘cha chetidagi vodoprovoddan ikki
marta suv ichdi. Suv ichish oson bo‘lsayam mayli ekan. Odamlar paqirini ko‘tarib,
qatorlashib navbat kutib turadi... Bayram bo‘lgani uchunmi, yasangan-tusangan
o‘tkinchilar tuzuk-quruq gaplashmaydi. Hamma qayoqqadir shoshadi.
Bir mahal paranji-chachvonli xotinga duch keldik. Oyim yana o‘sha yalinchoq ohangda
so‘radi:
— Hoy, baraka topgur, Bashoratxonni tanimaysizmi?
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |