www.ziyouz.com
kutubxonasi
59
— Anqayma, adashib qolasan!
Yoymachilar to‘g‘ridan-to‘g‘ri yerga o‘tirib olishgan. Angishvonadan tortib elakkacha,
sichqon tutadigan qopqondan tortib isiriqqacha hammasi bor. Qo‘ltiqtayoqli askar jikkak
chol bilan savdolashib sumak olyapti. Kun salqin bo‘lishiga qaramay, ko‘ylakchan bo‘lib
olgan ozg‘in bola bir pachka papirosni ko‘z-ko‘z qilib, bor ovozi bilan baqiradi.
— Papirosi nord, chekmanglar chort!
Shovqin-suronlaru turli hidlardan boshim aylanib ketdi. Unisi turtadi, bunisi surtadi, bu
ham yetmagandek oyimga dag‘dag‘a qilishadi.
— Hov echki! Ko‘zingga qara!
Nihoyat mol bozoriga keldik. Ana bozoru mana bozor! Ko‘ziga qon to‘lgan, burnidan
temir halqa o‘tkazilgan buqalar, dumbasining og‘irligidan yurolmay qolgan, shoxi qayrilib
ketgan qo‘chqorlar, biri olib, biri qo‘yib, paydar-pay hangrayotgan eshaklar... Ayniqsa,
anavi qorasi zo‘r ekan. Bir hangrashda ketma-ket ulab, yetti marta hangradi. Tag‘in har
hangraganda quloqlari dikkayib, dumi xoda bo‘lib ketadi. Burun kataklari kerilib, ikki
biqini kirib-chiqib, kirib-chiqib turadi. Oxiriga borganda o‘pkasi to‘lgandek, ovozi
xazinlashib qoladi-yu, ammo o‘sha zahoti bir pishqirib oladi-da, yangi kuch bilan
qaytadan hangray boshlaydi. Oyoq ostini tezak bosib ketgan. Shuning uchun bozorni
Tezakop desa kerak-da. (Bu nom Oq podshoning savdogari Tezikov ismi bilan
bog‘liqligini keyin bilganman.) Kech qolganimiz uchun bizga eng chekkadan — tovuq
bozorining yonidan joy tegdi. Biroq bu yerda ham ko‘p turolmadik. Janjalning ustidan
chiqib qoldik. Shundoqqina oldimizda tarashadek ozg‘in, peshonasi tirishgan, tajangligi
aftidan ko‘rinib turgan kishi qizil babax xo‘rozning oyog‘idan bog‘langan ipdan tutib,
cho‘kkalab o‘tirar, dam-badam nos otib, o‘zicha allakimni so‘kar edi. Baquvvat oyoqlari
uzun-uzun xo‘roz esa bo‘ynini cho‘zib, atrofga olazarak qarar, chamasi boshqa xo‘rozlar
bilan urishishga bahona qidirardi. Shu payt ayvoni katta oq kalaminka shapka kiygan,
cho‘michdek burnining teshigidan juni chiqib turgan kishi xo‘rozning tepasida to‘xtadi.
— Cho‘cha chan pul, aka mullo? — dedi oyog‘i bilan xo‘rozga imo qilib.
Tajang kishi asabiylik bilan boshini ko‘tardi. Nosini tupurib, kaftining orqasiga labini
artdi.
— Shu jo‘jami! — dedi ingichka, tajang ovozda. — Ko‘zmi, po‘stakning teshigimi!
Burni cho‘michdek xaridor pinagini buzmadi.
— Chan pul cho‘cha? — dedi yana.
— Bu jo‘jamas, xo‘roz! — Tajang kishi o‘rnidan turib ketdi. — Babax xo‘roz! Bir tepsa
odamni yiqitadi!
Burni cho‘michdek xaridor yana pinagini buzmadi.
— Ha, endu cho‘cha-da! Chan pul o‘zu?
Shunda kutilmagan voqea bo‘ldi. Tajang kishi babax xo‘rozni oyog‘idan yulqib ko‘tardi-
yu, xaridorning boshiga tushirdi.
— Mana senga «cho‘cha!» — dedi baqirib.
Xo‘rozning qiyqirig‘i bilan xaridorning dodlashi baravar eshitildi. Boshidagi ayvoni keng
shapkasi uchib, tezak ustiga tushdi. Xo‘rozning qizil patlari hammayoqqa to‘zib ketdi.
Xaridor silliq boshini changallagancha odamlar orasiga sho‘ng‘idi. Zum o‘tmay,
shopmo‘ylov militsionerni boshlab keldi.
— Mana shu! — dedi xo‘rozni amallab buti orasiga tiqayotgan tajang kishini ko‘rsatib. —
Boshimga urde! Ho‘kizdek xeroz bilan urde! Tuyadek xeroz bilan urde! Bosh yorilg-o-on!
— Nima gap, grajdanlar? — Shopmo‘ylov militsioner cho‘ntagidan hushtak olib, lunjini
shishirgancha churillatdi.
Tomoshaning davomini ko‘rishni juda xohlardimu oyim qo‘ymadi.
— Yur, keta qolaylik, — dedi sekingina. — Bizniyam boshimiz baloga qolib yurmasin.
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |