www.ziyouz.com
kutubxonasi
66
U kaftini ochib duo qildi.
— Iloyim omadingni bersin! — Sumkasini ko‘tarib uch-to‘rt qadam nari bordi-da, to‘xtab
o‘girilib qaradi.— Agar-chi, uka, shu ish amalga oshib qolsa-chi, har kuni soqolingni
o‘zim op qo‘yaman. Tekinga.
— Qaysi ish?
Naim sartarosh qaytib keldi.
— Iye, halitdan buyon qulog‘ingga tanbur chertdimmi? Gazetingda mani maqtab
chiqarsang, Olim parovozga o‘xshab persanalniy pensa oladigan bo‘lsam, soqolingni har
kuni o‘zim op qo‘yaman. Eshitdingmi, og‘ritmasdan olaman.
Men uch-to‘rt kungacha bu gaplarni eslab kulib yurdimu keyin unutib yubordim. Ammo
Naim sartarosh unutmagan ekan. Qaysi kuni avtobus bekatida meni ko‘rib qoldi. Ataylab
poylab turgan ekan shekilli, mahkam ushlab oldi.
— Anu narsani yozdingmi-yo‘qmi? — dedi ochiqdan-ochiq dag‘dag‘a bilan.
— Yozdim.
— Ha, mana, bu boshqa gap. — Naim sartaroshning yuzi yorishib ketdi, — Yigit kishining
gapi bitta bo‘ladi. Qachon chiqadi endi?
— Erta-indin chiqib qolsa kerak. Hozir tekshirishyapti, — dedim nihoyatda xotirjam
ohangda. — Agar rost bo‘lsa, maqolani chiqarib sizga personalniy pensiya tayin
qilisharkan. Agar noto‘g‘ri bo‘lsa, sudga berisharkan.
Naim sartarosh bir lahza ko‘zlarini pirpiratib angrayib qoldi.
— Labbay! So‘tga! Kimni so‘tga beradi?
— Siz bilan meni. Yolg‘on gapirganingiz uchun sizni, yolg‘on yozganim uchun meni. —
Shunday dedimu burilib ketaverdim.
Bir lahzadan keyin orqadan Naim sartaroshning ingichka ovozi eshitildi.
— Hoy uka, to‘xtang! Hoy o‘g‘lim.
To‘xtab, burilib qaradim.
— Nima gap?
— Manga qarang, uka, — dedi u entikib. — Keling, o‘sha narsa chiqmasa chiqmay qo‘ya
qolsin.
— Iya, nega endi?! Men yozib topshirib qo‘ygan maqolani qaytib ololmayman.
Uch-to‘rt qadam bosgan edim, Naim sartarosh pildirab kelib yo‘limni to‘sdi.
— Manga qarang, o‘g‘lim, shu narsani bosdi-bosdi qilib yuborsangiz-chi, har kuni
soqolingizni ikki martadan op qo‘yaman. Shundoq qiling, jon uka.
— Iya, nega axir? Persanalniy pensiya olsangiz yomonmi?
— Xo‘p deng, jon uka. Och qornim, tinch qulog‘im. Shu ishni tinchitib yuboring. Man
so‘zimning ustidan chiqadigan odamman. Aytdim-ku, har kuni ikki martadan soqolingizni
olib qo‘yaman. Uyingizga borib olaman.
Men juda qiyin muammo ro‘parasida qolgan odamday, yelkamni qisdim.
— Mayli, bir urinib ko‘raman. Ammo bu juda mushkul ish-da...
Sartarosh o‘sha kuni meni uyimgacha kuzatib qo‘ydi. Kuzatib qo‘ydi-yu, bari bir
tinchimadi. Kechasi allamahalda eshik taqillab qoldi. Chiqsam, sartarosh qiyiqchaga
o‘rog‘liq bir narsani ko‘tarib turibdi.
— Nima bu? — dedim hayron bo‘lib.
— Issig‘ida yeb ola qoling! — U tugunchani uzatdi. Moshkichiri. O‘z qo‘lim bilan
pishirdim.
— E, Moskvadagi moshkichiridan deng?
— Moskovni moshkichirisi qatta endi, uka! Unga qora qo‘chqorning po‘stdumbasi
solinardi. Bunisining mazasi yo‘qroq. Shundoq bo‘lsayam, ilindim. Oling, qo‘lim
qaytmasin.
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |