www.ziyouz.com
kutubxonasi
64
— Yuribmiz tuproqdan tashqari! — deydi Naim sartarosh yo‘lida davom etib. —
Ovsiningiz ham tuzuk. Beli og‘rib yotibdi.
Oyim sidqidildan maslahat beradi.
— Kepak qizdirib bossinlar. Uch kunda san ko‘r-man ko‘r bo‘lib ketadilar.
— Bosdim. Tuproqqayam ko‘mdim. Foydasi yo‘q,— Naim sartarosh sumkasini beparvo
silkitib qo‘yadi. — Yoshligidayam belangi edi o‘zi. Aslida boshqasiga uylansam bo‘larkan.
Onam «notavon ko‘ngilga qo‘tir jomashov» degandek miyig‘ida kulib qo‘yadi. Ammo
indamaydi. «Bir mo‘min»ning ko‘nglini sindirgisi kelmaydi.
Naim sartaroshning eski fanerlardan yamab yasalgan do‘koniyam yigirma yil ilgari
qandoq bo‘lsa, hozir ham o‘shandoq — mahalla choyxonasiga yopishib qo‘nqayib turibdi.
Faqat vaqt o‘tishi bilan toliqib bir tomonga qiyshayib qolgan. Besh yil burun avtobus
bekatining ro‘parasida yangi oynaband sartaroshxona ochildi. Ammo Naim sartarosh
unga o‘tmadi. «Man tahoratsiz tig‘ ushlaydigan yosh bolalar bilan ishlamayman», deb
turib oldi. Mahalladagilar ham uning fe’lini bilishgani uchun indamay qo‘ya qolishdi.
Shu Naim sartaroshning deng, birdaniga meni jini suyib qoldi. Bir kuni ertalab darvoza
oldidagi skameykada o‘tirsam, sumkasini ko‘tarib o‘tib qoldi. Salom berdim. U menga
qaramay, «valey» deb o‘tib ketdi-yu, nariroqqa borib to‘xtadi. Siyrak sarg‘ish kipriklarini
pirpiratib tikilib turdi-da, yangroq, ingichka ovozda so‘radi:
— Hay, manga qara — o‘zingmisan?
Men indamay bosh silkitdim. Naim sartarosh ko‘p yillik qadrdonini birdan topib olgandek
quvonib ketdi. Tez-tez yurib yonimga keldi. Sumkasini skameykaning bir chekkasiga
qo‘ydi-da, qo‘sh qo‘llab so‘rashdi. Yuziga fotiha tortib, silliq iyagini silab qo‘ydi.
— Bu deyman, do‘kongayam chiqmaysan, — dedi yana ham ingichkaroq tovushda.
— Endi, xizmatchilik...
— Yozuvchi bo‘psan, gazetda ishlavotsan, deb eshitdim, shu rostmi? — Naim sartarosh
mening qobiliyatimni chamalab ko‘rmoqchi bo‘lgandek, boshdan-oyoq bir sidra qarab
chiqdi.
— Ha, shunaqa, — dedim bosh silkib.
U sumkasini nariroq surib yonimga o‘tirdi. Uzun kamzulining cho‘ntagidan qizg‘ish
nosqovog‘ini chiqarib nos otdi.
— Bu diyman, uka, gazetlaringga bizniyam yozsa bo‘lavuradimi? Yo buniyam «ohoni»
bormi?
— Qanaqa «ohoni?»
Sartarosh ko‘zini qisib qiqirlab kuldi.
— O‘zingni soddalikka solma, uka. Man hammasini bilaman. «Ohoni» bo‘lmasa Olim
parovozni gazeta maqtab chiqarmidi? Birinchi bo‘lib parovoz haydaganmish. Yolg‘on!
Qachon qarasa, ko‘mirga botib yuradigan rabochiy edi. Ha, xo‘p, boringki haydagan
bo‘lsin. Ha, nima qipti? Hakim naynov-chi! Birinchi o‘qituvchilardan emish. Man
bilmasam ekan uni! Jinko‘chalik otin oyining qo‘lida birga o‘qiganmiz. O‘lguday zehni
past bola edi. Olti oygacha «Haftiyak»ni tushirolmagan. Tag‘in bular persanalniy
pensaner emish!
Naim sartarosh dunyoning adolatsizligidan tutaqib ketgandek jahl bilan nosini tupurdi,
silliq iyagini silab qo‘ydi.
— Bular davlatga xizmat qilgan bo‘lsa, bizziyam o‘tqazib qo‘ygan joyimiz bor. Bular
Maskovga borgan bo‘lsa, manam borganman. Ularni ko‘tar-ko‘tar qilasanlaru mani
yozmaysanlar, shunaqami? Mani suyanchig‘im yo‘q-da, a?!
Qarasam, Naim sartarosh rostdan xafa bo‘lyapti. To‘g‘risi, uning o‘tmishiga o‘zim ham
qiziqib qoldim.
— Nega yozmas ekanman. Yozaman. Moskvaga qachon borgandingiz?
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |