www.ziyouz.com
kutubxonasi
58
qora. Aka-ukalar unga Qoraquloq deb ot qo‘yganmiz. Echkimga achindim. Yaxshi,
yuvoshgina edi. Chamamda, oyim ham shuni o‘ylardi shekilli, sekin gap qo‘shdi:
— Qochirib olsak bolalarga sut mo‘lroq bo‘larmidi?
— Boshqa iloji yo‘q-da! — dedi dadam tajangroq bo‘lib. — Jilla qursa, bittasiga pufayka
olib berish kerak. Bultur ham maktabga akasining choponini kiyib bordi.
Ha, demak, pufayka meniki bo‘ladi. Negaki, ukam hali maktabga bormaydi. Yengining
uchiga charm qoplanganidan olaman. Sinfimizda faqat Valida shunaqa pufayka bor. Zebi
xola naqd to‘rt yuz so‘mga obergan. Valining o‘zi aytgan.
— Bozor kuni Tezakopga olib tushaman, — dedi dadam ishonch bilan.
Biroq dadam juma kuni shamollab yotib qoldi. Shanba kuniyam o‘rnidan turolmadi.
Kechqurun yana echki sotishning maslahati bo‘ldi.
— O‘zing bora qol, — dedi dadam yotgan joyida.
Onam mung‘ayib qoldi.
— Voy, men bozorni bilamanmi? — dedi bo‘shashib. — Bir-ikki marta mol sotib yurgan
bo‘lmasam...
Dadamning jahli chiqib ketdi.
— Nima, bozorga tushadiganlarning shox-butog‘i bormi? Hammayam senga o‘xshagan
odam-da! Ja bo‘lmasa, bitta-yarimta dallolning qo‘liga o‘n so‘m bersang, sotib beradi.
Ammo besh yuzdan kamiga ko‘nma. Zotli mol, degin!
Ertasiga tong qorong‘isida oyim meni sekin turtib uyg‘otdi.
— Qani, tura qol, bolam, echkini haydashib borasan.
«Nimaga, qayoqqa», deb o‘tirmadim. Bilaman, akalarim haydashib borsayam bo‘lardi-
yu, unda pufaykadan quruq qolaman-da.
G‘ingshibroq bo‘lsayam turdim. Oyim echkini sog‘ib bo‘lguncha tong yorishdi. Keyin u
Qoraquloqni yetakladi, men tol xivich olib, orqasidan yo‘lga tushdim. Qoraquloq ham
uyqusirab turgan ekan shekilli, indamay ketaverdi. Faqat darvoza oldiga borganda onasi
bilan akasi tomonga qarab qisqagina ma’rab qo‘ydi: xayrlashdi chamamda.
Tuproq ko‘chadan boryapmiz. Oldinda oyim, ketidan echkim, uning ortidan men. Echkim
tuproqni changitib, dik-dik qilib boradi. Ora-chora ko‘chaga to‘kilgan yong‘oq xazonlarini
chimdib, kalta dumini likillatib-likillatib qo‘yadi. Xivich bilan urmasam ham o‘zi
ketaveradi. Men ko‘chaga to‘kilgan yong‘oqlarni terish bilan ovoraman. Kechasi shamol
bo‘lganga o‘xshaydi: rosa yong‘oq to‘kilibdi. Birpasda ikki cho‘ntagim to‘lib chiqdi. Oyim
ora-chora to‘xtab, norozilik bilan orqasiga qarab qo‘yadi.
— Yura qolsang-chi, hali-zamon bozor tarqab ketadi!
Tezakop deganiyam, juda olis ekan-da! Avval qora moy hidi anqib turgan temir yo‘ldan
o‘tdik. Keyin mashinalar g‘izillab borayotgan ko‘chalar chetidan yurdik. Oyog‘imda oyoq
qolmadi. Nihoyat bozorning temir panjarali darvozasidan ichkari kirdik. Voy-bu! Shuncha
odam qayoqdan kelgan? Hammayoq qiy-chuv, hamma shoshgan! Ana, bir chekkada
guvillab olov yonyapti. Qozondan qizigan yog‘ning oppoq tutuni chiqib turibdi. Vuy,
anavi baliqni! Mening bo‘yimday keladi-ya! Yog‘och ustundagi mixga jag‘idan ilib
qo‘yishibdi. Kir xalat kiygan mo‘ylovli kishi kapgirni o‘ynatib baqiradi:
— Kep qoling, laqqa baliq! Laqqa baliq! Qatidan qovurib beray?
Undan nariroqda kattakon doshqozonda osh damlab qo‘yilibdi. Zarchava solingan, sap-
sariq. Og‘zimning suvi kep ketdi. Iye, ana kabob! Qop-qora kabobpaz bidir-bidir qilib
xaridor chaqiradi.
— Yeganlar darmonda, yemaganlar armonda, dumba-jigar!
Qarang, hidiga odam mast bo‘ladi-ya!
— Oyi, hali kabob oberasiz-a? — deyman yalinib.
Oyim bo‘lsa, nuqul bitta gapni qaytaradi:
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |