www.ziyouz.com
kutubxonasi
57
ko‘ylak kiygan Bashor opamni darrov tanidim. Opam kuchukni ko‘rib, darvozadan kiriboq
to‘xtab qoldi. Dadam bir zum tikilib qaradi-da, garangsibroq o‘rnidan turdi. Kuchukni
haydash bahonasida opam tomon chopdim. Opam uch-to‘rt qadam bosdi-yu, ko‘zida
yosh bilan hayqirib yubordi:
— Adajon!
Dadam bir qalqib ketgandek bo‘ldi.
— Iye, iye, — dedi ovozi titrab. Keyin oshxonaga qarab qichqirdi. — Hoy, bu yoqqa chiq,
qizing keldi!
Bashor opam dadamning quchog‘iga o‘zini otdi.
— Yig‘lama, ona qizim, yig‘lama. — Dadam Bashor opamning sochini silar ekan, ko‘zlari
namlandi. (Uning ko‘zida hech qachon yosh ko‘rmagan edim.) — Bormisan, oppoq qizim.
Opam dadamning bag‘ridan chiqishi bilanoq oyim quchoqlab oldi.
— Voy o‘zimning qochqoq qizimdan aylanay! — dedi Bashor opamning yuzidan o‘pib. —
Voy, o‘zimning to‘ng‘ich qizimdan o‘rgilay!
Boyadan beri nariroqda bola ko‘tarib iljayib turgan pochchamni endi ko‘rishdi. Dadam
pochcham bilan ham quchoqlashib ko‘rishdi. Singilcham birpasda qo‘lma-qo‘l bo‘lib
ketdi. Opam, aka-ukalar birinchi jiyanimizni «xomtalash» qilib yubordik.
O‘sha kuni dadam o‘z qo‘li bilan osh damladi. Hatto pochcham ikkovlari jinday-jinday
vino ham ichishdi.
...O‘shandan keyin bironta bayram shunchalik esimda qolgani yo‘q.
BOZOR
Akalaring bo‘lishi ham yaxshi, ham yomon. Yaxshiligi shuki, bolalardan kaltak
yemaysan. Arifmetikadan ikki olmaysan. Yomonligi shuki, nuqul akalaringning kiyimini
kiyasan. Masalan, mana bunday. Katta akamga etik oberishadi. Bir yilmi, ikki yilmi
o‘tgandan keyin katta akamning oyog‘i katta bo‘lib ketadi. Etik kichkina akamga o‘tadi.
Kichkina akamning oyog‘iyam bir joyda turavermaydida. O‘sadi, etik sig‘maydi. Ana endi
etik bizniki! Faqat bizga yetib kelguncha etikning tagi Naim sartaroshning iyagidek sip-
silliq bo‘lib ketadi. Aslida, buyam yomonmas. Qishda yaxmalak uchishga maza. Ammo
tagining ko‘chib ketgani yomon. Cho‘lda bir oy yurib chanqagan tuyadek suv demaganni
yamlamay yutadi. Bora-bora ukamga dabdalasi chiqqan etik tegadi. Telpak masalasi
ham shundoq. Katta akamdan kichkina akamga, kichkina akamdan menga, mendan
ukamga yetib borguncha, telpakmas, taqiri chiqqan bir parcha teri qoladi. Valiga maza!
Akasi yo‘q, ukasi yo‘q. Zebi xola unga doim yangi kiyim olib beradi. Shundoq deymanu,
dadamga ham qiyin. Hammamizni baravar yasantira olmaydi. To‘g‘ri, gohi-gohida biz
kichkinalarning ham g‘amini yeb turishadi. Kuz kunlaridan birida shunday quvonchli
voqea bo‘ldi. Kechasi hamma yotganda dadam bilan oyim maslahatlashib qolishdi.
Rostini aytsam, gap poylaydigan odatim bor. Poylamoqchi emasdimu, o‘zlari gaplashib
qolishdi. Eshitish kerakmi, kerak!
— Salqin tushib qoldi, — dedi oyim o‘ychan ohangda. — Bolalarning egnida yo‘q,
boshida yo‘q. Ayniqsa kichkinalarga qiyin.
Dadam anchagacha indamadi. Chamasi, qayerdan pul topishni o‘ylardi.
— Echkini sota qolamiz, — dedi nihoyat bir qarorga kelib.
— Takanimi? — Bu oyimning ovozi edi.
— E, uni qanchaga olardi? — dedi dadam hafsalasiz ohangda. — Narigisini sotamiz. Besh
yuzlarga obqolar.
Tushundim. Bundan chiqdi Qoraquloqni sotishmoqchi. Erta bahorda echkimiz
odatdagidek ikkita tuqqan edi: biri erkak, biri urg‘ochi. Urg‘ochisining o‘zi oq, qulog‘i
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |