www.ziyouz.com
kutubxonasi
48
paltosida, kechagi piymasida edi.
Dadam bilan oyim bir seskanib tushishdi. Hozir janjal bo‘lishini bilib, mening ham
yuragim orqaga tortib ketdi. Biroq hech qanaqa janjal bo‘lmadi. Dalavoy ostonada turib,
negadir jilmaydi.
— Assalomalaykum! — dedi baland ovozda. Shunda uning judayam qo‘rqinchli odam
emasligini payqadim. Dadam rangiga qon yugurib, asta o‘rnidan turdi.
— Keling, keling, — dedi-da, borib ko‘rishdi. Oyim darrov dasturxonga jiyda, yong‘oq
keltirib qo‘ydi. Dalavoy bu safar piymasini yechib chiqdi. Onam yangi ko‘rpacha
bo‘lmagani uchun sandal to‘ridagi ko‘rpachaning orqasini o‘girib, qaytadan yozdi. Dadam
mehmonning orqasiga yostiq qo‘ydi. Dalavoy piyolani aylantirib-aylantirib, choy
ho‘plarkan, menga qarab ko‘zini qisdi.
— Qalay, polvon!
Uyalganimdan yerga qarab oldim. Shunda undan allaqanday qo‘lansa hid kelayotganini
payqadim.
— O‘zizam ja haligidaqa odamsiz-da oka! — Dalavoy dadamga yuzlanib, baralla ovozda
kuldi. — Qilar ishni qip qo‘yib, tag‘in odamni so‘kib o‘tiribsiz, oka.
Dadam uzrli qiyofada yelkasini qisdi.
— Endi, ukam, jahl chiqqanda, aql ketadi...
— O‘ziyam ja, kattasini ag‘daribsiz-da, oka! — Dalavoy negadir yana kuldi. — Ha, endi
shunaqa ekan, bir og‘iz aytmaysizmi, shu ishni shundoq qilmoqchiman, deb. Axir jahon
bedarvoza emas, tartib bor, zakun bor...
Dadam xijolat chekib, dasturxon chetini himara boshladi.
— Endi, ukam, biz bir po‘ristoy odammiz. Bunaqa qonunlarni tushunmasak, bu yoqda
bolalar sovuqda qoldi.
— Shu-da endi, oka! — Dalavoyning milki qizarib ketgan kulrang ko‘zlarida samimiy
tabassum o‘ynadi. Dadamning yelkasiga qoqdi. — Bir og‘iz maslahat solsangizu
hammasini zakonniy qilardik.
Boyadan beri indamay choy quyib uzatayotgan onam endi gapga aralashdi.
— Bu odam bilmabdilar-da, jon ukam, gunohlaridan kecha qoling.
Dalavoy oyimga qaramadi, dadamga tikilgancha, jiddiy tortdi.
— Endi, oka, biz bir joyning odamimiz, ot tepkisi otga o‘tmaydi.
— Rahmat, ukam, — dadam yana boshini xam qildi. — Siz bizlarni siylasangiz, sizni
Xudo siylasin.
— Men-ku shu yerning odamiman, — Dalavoy ovozini pasaytirdi. — Ammo o‘rtoq
Toshevning oldida, shu ish shundoq bo‘lgani chatoq bo‘ldi. Katta odam. Qamatmaguncha
qo‘ymayman deyapti. Ikkalamizni askarblyat qildi, deyapti.
Oyimning rangi bir zumda o‘zgarib ketdi. Dadam bo‘lsa, taqdirga tan bergandek, hamon
boshini quyi solib o‘tirardi.
— O‘rtoq Toshevga yotig‘i bilan tushuntirdim, — Dalavoy ovozini yanayam pasaytirdi. —
O‘zimizning odam gunohidan o‘ta qoling, dedim. Hozircha ko‘nmay turibdi-yu, ko‘nadi.
Ko‘nmay qayoqqa borardi. «Qurug‘i»dan obkeb beraman, dedim.
Birdan oyimning yuzi yorishdi. Dik etib o‘rnidan turdi-da, hujraga kirib ketdi. Dalavoy
onamning ketidan qarab qoldi. Dadam bo‘lsa hamon dasturxon qatini o‘ynab o‘tirar,
barmoqlari bilinar-bilinmas titrar edi. O‘sha zahoti onam xalta ko‘tarib chiqdi. Bu —
kechasi Achinska olmay ketgan o‘sha turshak to‘la xalta edi.
— Mana, opovsi, — dedi oyim xaltani Dalavoyning oldiga qo‘yib. — Qoq-quruq. Qantak
o‘rikning turshagi. Adasi o‘z qo‘llari bilan quritganlar. Bittasiyam yerga tushmagan.
Dalavoy goh onamga, goh xaltaga qarab, talmovsirab turdi-da, birdan qah-qah otib kulib
yubordi. Bir zumda kulrang ko‘zlaridan yosh tirqirab chiqdi. U ko‘rpachani mushtlab-
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |