www.ziyouz.com
kutubxonasi
44
chopon, telpak kiyib uxlardik. Tanchaga oyoq tiqqan bilan befoyda: sandal pisillaydi.
Ko‘rpa tekkan joyini chayondek chaqadi. Ichidan issiq o‘rniga sovuq chiqayotgandek.
Ustiga-ustak bir kuni kichik akam ko‘chadan hammayog‘i shalabbo bo‘lib keldi. Bolalar
bilan Qonqusda yaxmalak uchayotgan ekan, sirg‘anib muzning yorig‘idan anhorga tushib
ketibdi. O‘rtoqlari amallab tortib olishibdi-yu, yugurib uyga yetib kelguncha kiyimlari
tarashadek muzlab qopti. Oyim darrov uni ko‘rpaga o‘radi. Tog‘olcha bilan turshak
qaynatib ichirdi. Ammo kechqurunga borib, akamning isitmasi ko‘tarilib ketdi. Hadeb
yo‘taladi.
Kechasi uning alahlashidan men ham uyg‘onib ketdim. U nuqul o‘zini u yoqdan-bu yoqqa
tashlar, «olov yonib ketdi, olovni o‘chiring», deb tipirchilar edi.
Ertasiga ertalab dadam arrani egovladi. Katta akamni ergashtirib, tashqariga chiqib
ketdi. Men ham tagi ko‘chgan etigimni kiyib ularning ketidan yugurdim. Kun sovuq,
osmondan zahardek achchiq zarralar yog‘ilar edi. Dadam bilan akam qalin qorni g‘arch-
g‘urch bosib, tomorqaga chiqishdi. Shundoq devor yonida o‘sgan, yarmi qurigan
qayrag‘och tagiga borishdi. Qor ustiga qop yozib, cho‘kkalab o‘tirgancha, qayrag‘ochga
arra solishdi. Daraxt shoxidagi qorlar duv etib to‘kildi. Biroq, qayrag‘ochning po‘sti
muzlab qolgan — arra hadeb sirg‘anib ketadi. Hech iz tushmaydi. Unga sayin dadamning
jahli chiqadi. Arra bir oz botganidan keyin ish yana qiyinlashdi. Akam har arra
tortganida, butun gavdasi bilan nari borib, beri keladi. Arra hadeb kamalakdek
qiyshayadi. «Jing-jing» deb ovoz chiqaradi. Dadam yakkash dashnom beradi:
— Arrani siltab tortma. Jon bormi, o‘zi!
Akam sho‘rlik birpasda terlab ketdi. O‘zi terlab ketganu qo‘li sovqotadi. Dam-badam
kuh-kuhlab, kaftini isitadi. Burnini tortadi... Nihoyat, qayrag‘och gursillab yiqildi.
Tarvaqaylab o‘sgan shoxlar yerga urilishi bilan atrofga qor sachrab ketdi. Ana endi
mengayam ish topildi. Mayda shoxlarni tesha bilan chopa boshladim. Ish ayni qiziganda,
kutilmagan voqea ro‘y berdi. Biri oq, ikkinchisi qizg‘ish jiyron ot burnidan bug‘ chiqarib,
tepamizda gijinglab turar, boshini siltab-siltab, suvlig‘ini shiqirlatardi. Notanish odamlar
kelganini payqamay qolgan gurji kuchugim allaqayerdan paydo bo‘ldi-yu, aybini oqlash
uchun bo‘lsa kerak, qor ichida bir ko‘rinib, bir ko‘rinmay pildiragancha otlar atrofini
aylanib akillay boshladi. Otlar itga ko‘zini olaytirib qarab qo‘yar, pishqirib, pashsha
qo‘rigandek dumini silkitardi.
Jiyron mingan charm paltoli Dalavoyni darrov tanidim. Uni hamma tanir, hamma
qo‘rqardi. U hali nalugchi bo‘lmagan, lekin odamlar uni «nozik» joyda ishlaydi
deyishardi. Oq otli kishi esa pocha-po‘stin kiygan, tulki telpagini bostirib olgan, qovog‘i
soliq edi.
— Ishlar katta-ku! — dedi Dalavoy otdan tushmasdan.
Negadir dadamning rangi o‘chib ketdi. Arra qo‘lidan tushib qorga ko‘milib qoldi.
— Kelinglar, mehmonlar, — dedi esankirab.
Avval Dalavoy bilan, keyin pochapo‘stinli kishi bilan qo‘shqo‘llab ko‘rishdi. Ikkovlari ham
egarda o‘tirgancha, istar-istamas qo‘l cho‘zishdi.
— Qani uyga, — dedi dadam qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib. — Bir piyola choyimiz bor.
Dalavoy ingichka sarg‘ish mo‘ylovini chimchilab dadamga bir qarab qo‘ydi-yu,
mehmonga yuzlandi.
— Nima qildik, o‘rtoq Toshev? Borib turgan jinoyat-ku bu!
Dadam butunlay dovdirab qoldi.
— Nima gunoh qildim, ukam, — dedi Dalavoyga.— Aybim bo‘lsa ayting, benavotman.
— Tag‘in o‘zini go‘llikka soladi-ya! — Dalavoy tishi orasidan chirt etib tupurdi. —
Ruxsatingiz bormi? — dedi ovozi temirdek jaranglab.
— Nimaga? — Dadam madad kutgandek endi mehmonga yuzlandi. — Nimaga ruxsat
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |