www.ziyouz.com
kutubxonasi
40
tiqdi.
— Nima? — dedi Xayri opa pichirlab. — Nima? Asqar akam...
— Kuyoving amon... — Acha xola uning yuziga qaramasdan qo‘lidan ko‘zguni oldi. —
Ko‘zimga ko‘rinde. Kuyoving kasal bo‘lgon.
— Qachon, qachon ko‘raman? — Xayri opa Acha xolaning qo‘liga yopishdi. — Ayting,
nima ko‘rdingiz? Qachon ko‘raman?
Acha xola o‘ylanib qoldi:
— Yo‘l ko‘rdem, yo‘l! Kuyoving keladu. Oy to‘lganda, uxlamay osmonga qaro. Ko‘rason!
— Nafasingizdan aylanay, xolajon! — dedi Xayri opa iltijo qilib. — Tilingizdan aylanay.
Kuyovingiz kelsa, mana shu bilaguzugim sizniki. — U gapining rostligiga ishontirmoqchi
bo‘lgandek tilla bilaguzugini qo‘lidan yechib ko‘rsatdi. — Asqar akam menga boshqasini
olib beradilar.
O‘sha kuni uyimizda bayram bo‘ldi. To‘rt xotin o‘tirishib olma choy ichishdi. Oyim ertalab
yopgan zog‘ora nonini, Xayri opa tolqonini, Hoji buvi bir hovuch tut mayizini o‘rtaga
qo‘ydi.
O‘sha kuni yana bir sirni bilib oldim. Bir haftadan keyin oy to‘ladi. Uch qo‘shni oyga
tikilib xolaning romini amalda sinab ko‘rishadi.
Kutilgan kechada Hoji buvi bilan Xayri opa biznikiga chiqishdi. Dadam ishda edi.
Anchagacha u yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirishdi. Keyin bolalarga supaga joy solib
berishdi. Akalarim uxlab qolishdi. Men esa nima bo‘lishini kutib poylab yotar edim.
Nihoyat, uch ayol bodom tagidan yaydoq joyga borib, tizilishib o‘tirishdi. Chigirtkalar
chirillar, osoyishta osmonda to‘lin oy sutdek mayin, sutdek iliq nur sochar edi. Oyim,
Hoji buvi, Xayri opa oyga tikilgancha qotib qolishgan, hech qaysisi churq etmas, chamasi
har biri o‘zi izlagan odamni oydan topgisi kelar, oydan topishiga umid qilar, ishonar edi.
Oradan ancha vaqt o‘tdi. Hamon chigirtkalar chirillar, allaqayerda kaltakesak chirqillab
qolar, hovli burchagida ora-chora echki ma’rab qo‘yar, faqat oy, sehrli oy jimgina nur
sochar, uch ayol esa unsiz qotib qolishgan, o‘zi ham, soyasi ham qilt etmas, uchovi ham
shu o‘tirishda oyga tikilgancha haykalga aylanib qolgandek edi. Yotib-yotib zerikdim.
Boshimni ko‘taray desam oyimdan qo‘rqaman. Endi ko‘zim ilinayotgan ekan hayajonli
hayqiriqdan cho‘chib ketdim.
— Ana! Ana! Ko‘rdim!
Boshimni ko‘tardimu ikki qo‘lini oy tomonga cho‘zgancha iltijo qilayotgan Xayri opaga
ko‘zim tushdi.
— Ana! Asqar akam! Asqar akam! — Xayri opa nafasi qaytgandek sapchib o‘rnidan turdi.
— Ana qaranglar, boshini bog‘lab olibdi. Doka bilan boshini bog‘lab olibdi!
Boshini bog‘lab olgan Asqar akani ko‘rish umidida jonholatda oyga qaradim. Yo‘q,
oymomo hamon muallaq qotib turar, nim-qora dog‘lardan boshqa narsa ko‘rinmas edi.
— Voy, qani, qani? — oyim bilan Hoji buvi ham turib ketishdi. — Qani, biz
ko‘rmayapmiz-ku?
— Voy, ana-ku! Kulib turibdilar. — Xayri opa holdan toygandek ko‘ksini changalladi. —
Xudoga shukur, tirik ekansiz. — U birdan hiqillab yig‘lab yubordi. — Voy ko‘rdim-a, aniq-
taniq ko‘rdim-a...
— Aytmadimmi? — dedi oyim quvonib. — Acha xolaning foli to‘g‘ri chiqadi
demaganmidim. Nasib etsa, Asqarjon kelsa, shunaqa to‘ylar qilingki.
Xayri opaning o‘sma tortilgan qoshlari, rangsiz chehrasi chiroyli, juda chiroyli ekanini
birinchi marta payqadim. U nuqul kular, yig‘lab turib kular, hadeb bir gapni qaytarar edi.
— Voy ko‘rdim-a! Aniq-taniq ko‘rdim-a.
...Uch ayol yangitdan choy qo‘yishdi. Acha xolani maqtab-maqtab gangur-gungur
suhbatlashishdi.
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |