www.ziyouz.com
kutubxonasi
45
olishim kerak, o‘rtoq Toship?
— Daraxt kesishga! — Dalavoy shiddat bilan otdan sakrab tushdi. — Qani qog‘ozingiz?
— Qanaqa qog‘oz? — Dadam goh Dalavoyga, goh pocha-po‘stinli mehmonga javdirab
qaray boshladi. — Axir... Axir bu o‘zimning tomorqamdagi daraxt-ku. Mana qarang,
qurib qolgan. — U gapining rostligini isbotlash uchun bilakdek shoxni maxsi-kalishli
oyog‘i bilan bir tepgan edi, qars etib sindi. — Ko‘rdingizmi, qurib qolgan. Kuzda kesib
olmoqchi edimu, vaqt bo‘lmadi. — U boyadan beri burnini tortib turgan akamga
dashnom berdi. — Nega anqayib turibsan? Bor oyingga ayt, choy qo‘ysin, mehmonlar
keldi, degin.
Akam ikkalamiz tizzagacha qorga botib, oldinma-ketin uyga yugurdik. Gurji kuchugim
ham qorda ko‘milgancha ketimizdan chopdi. Oyim hamon isitmalab yotgan kichik
akamning boshida mung‘ayib o‘tirgan ekan.
— Oyi, Dalavoy keldi! — dedi akam hovliqib.
Oyim sakrab o‘rnidan turib ketdi.
— Voy sho‘rim! Ertalabdan buyon o‘ng qovog‘im uchayotgan edi-ya. Bu ko‘rgulik ham
bor ekan.
U birpasda hujradan turshak, jiyda, ikkita zog‘ora olib chiqdi. Sandal ustiga yamoq
dasturxon yozdi.
Zum o‘tmay uyga rangi o‘chgan dadam, ketidan Dalavoy bilan pocha-po‘stinli mehmon
kirib kelishdi. Oyim Dalavoyga peshvoz chiqdi.
— Keling, opovsi, yaxshi yuribsizmi, kelinim yaxshimilar? — dedi ovozi titrab. —
Kiraveringlar. Yo‘q, yo‘q, piymangizni yechmang, uy sovuq.
Dalavoy piymasining qorini qoqqan bo‘ldi-da, kigiz ustidan yurib, sandal chetiga bordi.
— Hozir choy qaynaydi, o‘rgilay! — Onam tashqariga chiqib ketayotgan edi, Dalavoy
to‘xtatdi.
— Ovora bo‘lmang, biz ketamiz, — u akamga yuzlandi. — Siyoh-ruchkang bormi?
Akam tokchadan siyohdon, «qurbaqa» peroli ruchka oldi.
— Nima qilyapsiz, aylanay? — oyimning rangi dokadek oqarib ketdi.
— O‘ynayapman! — Dalavoy piymasining qori bilan sandal chetidagi ko‘rpachaga
cho‘kkaladi. — Ko‘rib turibsiz-ku, nima qilmoqchiligimni! — U ostonada turgancha,
papiros chekib, uy ichini jirkanibroq tomosha qilayotgan pocha-po‘stinli mehmonga
qaradi.— O‘zim yozaveraymi?
Mehmon «ma’qul» degandek bosh irg‘ab qo‘ydi.
Dalavoy charm paltosining ich cho‘ntagidan qog‘oz oldi. Ruchkani siyohdonga botirgan
edi, qirs etgan ovoz chiqdi. U jahl bilan yana botirdi. Peroga siyoh o‘rniga muz ilashib
chiqdi.
— Qanaqa o‘quvchisan, o‘zi? — Dalavoy sarg‘ish qoshini chimirib, akamga qaradi. —
Siyohing muzlab qopti-ku.
To‘satdan oyim yig‘lab yubordi.
— Nima qilaylik, o‘rgilay, — dedi iltijo bilan. — Sovuqni ko‘rmaysizmi? Manavinisi uch
kundan buyon ol ket, ol qo‘y bo‘lib yotibdi. — U sandal chetida yotgan kichik akamga
imo qildi. — Bolaginamdan ayrilib qolaman shekilli.
Dalavoy ruchkani yana muzlagan siyohdonga botirgan edi, onam uning qo‘liga yopishdi.
— Yozmang, jon ukam, yozmang, rahmingiz kelsin.
Dalavoy ijirg‘anib, qo‘lini siltab tortdi. Kulrang ko‘zlari qisilib ketdi.
— Torting qo‘lingizni! — dedi shiddat bilan.
— Ho‘v! — dadamning tahdidli ovozini eshitib, burilib qaradimu qo‘rqib ketdim. Uning
yuzida boyagi yalinchoq ifodadan asar ham qolmagan, ko‘zi g‘azabdan chaqnar edi.
— Ho‘v, olifta! — dedi yana o‘sha tahdidli ohangda. — Tur o‘rningdan! Xudo bo‘lsangam
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |