Sofistlar ta’limotining eng mashhur vakillari Abder shahridan bo‘lgan Protagor va
Leontinlik Gorgiy edilar. Protagor barcha hodisalar va idrokning nisbiyligi va ularning muqarrar
ravishda sub’ektivligi (bir taraflama ekanligi) haqidagi qoidani oldingi surdi («inson barcha
ashyolarning mezonidir»). Protagor qadimgi davrlardayoq sofizm deb nom olgan og‘zaki bahs
musobaqalariga asos soldiki, unda sofistlar mantiqiy mushkul holatlarni qo‘llar va umum
tomonidan qabul qilingan fikrlardan keskin farq qiladigan nuqtai nazarlarni bayon qilar edilar.
Sofistlar YUnonistonda bilimlarning keng tarqalishiga imkon yaratdilar. Bundan tashqari,
dalillarga asoslangan fan sofistik ishonchsizlik asosiga qurilgan kuchli raqib bilan duch kelib,
uning natijasida mustahkamlandi.
Afinada sofistlarning murosasiz dushmani sifatida Suqrot (er.ol. 470-399yy.) maydonga
chiqdi. U sofistlarga qarshi o‘laroq, baribir haqiqat mavjud va u bahsda topilishi mumkin, degan
fikrda edi. Suqrotning kuchi bahs yuritish sohasida u ishlab chiqqan usulda ediki, unda bir qator
savollar berish yo‘li bilan opponentni o‘z nuqtai nazarini noto‘g‘ri ekanligini tan olishgacha olib
borib, so‘ngra shu usulning o‘zi bilan o‘z qarashlarining adolatliligini isbot qilar edi. Suqrot
ta’limotining asosida donishmandlar tomonidan bilib olinadigan, ob’ektiv ravishda mavjud
bo‘lgan ruh to‘g‘risidagi g‘oya yotar edi. U hayotning har qanday sohasida muvaffaqiyatli
faoliyat yuritish uchun kasbiy bilimlar zarurligini ta’kidlagan edi. Ana shundan siyosiy xulosalar
ham qilinar edi, ya’ni davlatga rahbarlik qilish –bu ham kasb va shuning uchun shu narsa
zarurki, u bilan shunday kasbga ega bo‘lganlar shug‘ullansin.
Aflotun(er.ol. 427-347yy.) Afinadagi aslzodalar urug‘iga mansub edi. «Davlat» va
«Qonunlar» degan risolalarida Aflotun orzudagidek polis (shahar-davlat)namunasini yaratdiki,
unda tabaqalarga bo‘linganlik tizimi o‘zining quyi tabaqalar faoliyati ustidan jamiyat yuqori
tabaqalarining qat’iy nazorati o‘rnatilishi orqali sinchkovlik bilan ishlab chiqilgan edi. Polis
tepasida bilimga ega bo‘lgan kishilar, faylasuflar turishi lozim edi.
Aflotunning falsafiy-axloqiy qarashlari uning savol-javoblar tarzida yozilgan ko‘p sonli
asarlarida berilganki, ulardagi bosh ishtirok etuvchi shaxs uning ustozi Suqrotdir. Aflotun
aqidasicha, bizni o‘rab turgan voqey dunyo-haqiqiy g‘oyalar dunyosining faqat taxminiy
in’ikosidir. G‘oyalar va tushunchalar tabiiy ravishda bizning ongimizga xos bo‘lib, ulardan
ajralmasdir. Siymolar (g‘oyalar), Aflotun fikricha, zamon va makondan tashqarida bo‘lib, ularni
idrok etib bo‘lmaydi, ammo ularni aql mushohada qila oladi. Aql ikki dunyoni, ya’ni u dunyo va
voqey dunyoni bir-biri bilan bog‘laydi.
Arastu(er.ol. 384-322yy.) tarixga ensiklopedik olim sifatida kirdi. Uning merosi eramizdan
oldingi IV asrgacha yunon fani to‘plagan haqiqiy bilimlar majmuasi edi. Ba’zi ma’lumotlarga
qaraganda, uning tomonidan yozilgan asarlarning soni mingtaga yaqinlashadi. O‘z ustozi
Aflotundan farqli o‘laroq, Arastu fikricha, moddiy olam birlamchi bo‘lib, g‘oyalar dunyosi
ikkilamchidir. Bir hodisaning ikki tomoni sifatida shakl va mazmunni bir-biridan ajratib
bo‘lmaydi. Tabiat haqidagi ta’limot uning risolalarida avvalo harakat haqidagi ta’limot sifatida
namoyon bo‘ladiki, bu Arastu tizimining eng qiziq va kuchli tomonidir. U dialektikaning yirik
vakili hisoblanadi. Dialektika uning uchun ehtimoliy va haqiqatga o‘xshash bilimlardan haqiqiy
va ishonchli bilimlar olish usuli edi.
Faylasufning «Organon» deb umumiy nom olgan mantiqiy asarlari haqiqat va tafakkur
qonunlari haqidagi ta’limotdir. O‘rta asrlarda «Organon» eng mashhur va o‘qiladigan asar bo‘lib,
o‘rta asrlardagi barcha sxolastika (borliqni tekshirish va o‘rganishga emas, balki din aqidalariga
suyangan idealistik falsafa) uning asosiga qurilgan edi. Arastu orzudagi (ideal) davlat tuzumi
loyihasining muallifi sifatida shunday xulosaga keldiki, polis insonlar uyushmasining eng yuqori
shakli bo‘lib, unda yashaydigan kishilarning maqsadi farovonlikka erishishdir.
Qadimgi dunyo tarixida eramizdan oldingi IV asrinig oxiridan eramizning I asrining oxirgi
o‘n yilliklarigacha bo‘lgan davrni ellinizm davri deb atash qabul qilingan. Bu davrning falsafiy-
siyosiy qarashlari polis mafkurasidan yiroqlashib ketgan edi.
Ellinistik dunyoda eng mashhur bo‘lgan voqea eramizdan oldingi IV va III asrlar
bo‘sag‘asida paydo bo‘lgan ravoqiylar va epikurchilar ta’limoti edi.
Eramizdan oldingi 302-yilda Afinada Qibrisning Kition shahridan bo‘lgan
Zenon (er.ol 336-264yy.) tomonidan asos solingan ravoqiylar maktabiga Sol
shahridan bo‘lgan Xrasipp (er.ol. III asr), Rodoslik Panetiy (er.ol. II asr) va
boshqa
faylasuflar
mansub
edilar.
Ravoqiylar
insonning
axloqiy
muammolariga alohida diqqat-e’tibor qaratdilar. Ularning maqsadi polis
tuzumining inqirozi, to‘xtovsiz harbiy va ijtimoiy nizolar, alohida shaxsning jamiyat bilan
aloqalari sustlashgan sharoitda axloqiy-falsafiy tayanch topish edi. Agar ushbu sharoitlar
tug‘dirgan ta’sir natijasida adabiyot va san’atda fuqaroning ijtimoiy borlig‘ining qo‘nimsizligini
aks ettirish, har narsaga qodir taqdir ramzida berilgan bo‘lsa, ravoqiylar tomonidan bu holat
barcha mavjudotlarni oqilona boshqaradigan oliy kuch (logos, tabiat, xudo) ga insonning
qaramligi sifatida tasvirlandi..
Asosiy xayri faoliyat sifatida ravoqiylar tushunib yashashni («sharr» (yomonlik) nima
ekanligini bilish, «xayr» (yaxshilik) nima ekanligini idrok etish), ya’ni jasorat, adolatlilik,
sog‘lom fikr va uning boshqa ko‘rinishlari bo‘lgan-ruhiy olijanoblik, nafsni tiyish, tirishqoqlik,
jur’atlilik va rahmdillikni hisoblar edilar. Faqat axloqiy-go‘zal narsagagina yaxshilik va ezgulik
alomati edi. SHu bilan birgalikda yaxshilik qandaydir foyda keltiradigan narsa ham edi.
Ravoqiylarning axloqiy tushunchalari orasida tabiat va jamiyat qonunlariga muvofiq keladigan,
aqliy faoliyat orqali kelib chiqqan «kerakli narsa» to‘g‘risidagi tasavvurni qayd etib o‘tish lozim.
Rimning oxirgi ravoqiychisi imperator Mark Avreliy edi. Uning nuqtai nazariga ko‘ra,
dunyoda biror - bir narsani o‘zgartirib yoki to‘g‘rilab bo‘lmaydi. Uning ta’kidlashicha, barcha
kishilar har doim laganbardor, yolg‘onchi va o‘z manfaatini ko‘zlovchi bo‘lganlar, hozir ham
shunday va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladilar. Bu tartibsizlik orasida nima qoladi?
Faqat o‘z zakovatiga xizmat qilish, o‘zini kamolotga etkazish va ezgulik. Ammo bunday o‘zini
qo‘yarga joy topolmaydigan, hayotda hech qanday maqsadi bo‘lmagan ezgulik insoniyatga
xizmat qilish borasidagi o‘z ma’nosini yo‘qotar edi. Negaki, insoniyat o‘zgarmas va illatlardan
holi bo‘lmaganligi uchun, uni hech qachon ilhomlantirib bo‘lmas edi.
Epikur falsafasi Demokrit moddiyunchiligi taraqqiyotida oldinga
qo‘yilgan qadam edi. Uning atomlar haqidagi ta’limotini qabul qilgan
Epikur atomlarning to‘g‘ri chiziqlik harakatdan ichki ta’sir natijasida chetga og‘ishi haqidagi
taxminni o‘rtaga qo‘ydi. Bu bilan u konuniylik bilan tasodifiylik uyg‘unligi muammosini oldinga
surdi. Uning falsafasida inson markaziy o‘rinda turadi. Epikur o‘z vazifasini insonlarni o‘lim va
taqdir xavfidan ozod qilishda deb bildi. U xudolarning tabiat va inson hayotiga aralashishlarini
rad etdi va ruhning moddiyligini isbot qildi. Xudolarning mavjudligini tan olgan holda, u xudolar
haqida «olomonning yolg‘on uydirmalari» ga qarshi chiqdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |