3.2.4.
Vatanimiz Turkistonda Temiryo‘llar (1914)
Ushbu sana o‘tgan aprel oyidan boshlab Andijonning ko‘b qishloqlarig‘a
temiryo‘llar g‘oyat tezlik bilan ishlanub turmoqdadur.
Chunonchi:
Birinchi. Namangandan kelub, Andijong‘a, Andijondan Hazrat Ayyubga*, hazrat
Ayyubdan cho‘zulub Olmota taraflarig‘a ketadur.
Ikkinchi. Andijondan bir shox chiqub Xo‘qandqishloq, Mosi, Bozorqo‘rg‘on
taraflarg‘a.
Uchinchi. Andijondan O‘sh, Jalolobod, O‘zgand bilan Qitoyning Qashg‘ar
hududig‘acha boradur. (O‘sh, Jalolobod, O‘zgand temiryo‘llari hozir ishlansa ham,
Qashg‘ar hududi temiryo‘li bir necha yillardan keyingina ishlanmoqg‘a boshlansa kerak.)
Bul yo‘llar hammasi O‘rta Osiyo temiryo‘llarig‘a tutashib, g‘oyat mukammal bo‘ladur.
Bul temiryo‘llarning ko‘b ekin joylarni bosub o‘tmog‘i, masjid va xonalarni vayron qilub
o‘tmog‘idek zararlari bo‘lsa ham, foydasi yana ko‘broqdur. Yo‘l bosmachilar va boshqa
o‘sallarning* hujumidan qutulmoqg‘a foydasi tegar, qishloqlar yaqinlashar, obod bo‘lub
ma’murlashar, arzon yerlar qiymat bo‘lur. Faqat gazeta muhiblarimiz va temiryo‘l
bo‘yidag‘i baxtli qarindoshlarimiz «Sadoi Farg‘ona»ning 18-no‘merusidag‘i andijonlik
Ubaydullaxo‘ja Sulaymoniy janoblarining «Turkistondag‘i va bilxossa, Farg‘onadagi
musulmon qarindoshlarimizg‘a xitob» unvonlu maqolasining mazmunig‘a qarab amal
qilmoqlaringiz kerakdur. Temiryo‘lning bormog‘i bilan tanobi 100 so‘mlik yerlar,
albatta, 1000 so‘mgacha chiqar. Faqat, Ubaydulla afandining aytganicha, «bebaqo
minglarga* qiziqmasa kerak», oqcha bitar, qadr ketar, ammo ul yerlarni topib bo‘lmas.
Zamonamiz shundog‘ zamondurki, tirikchilik bilan raqobot qilmoqg‘a, maishat zulmidan
qutulmoqg‘a qo‘lda yer bo‘lmoq kerakdur. Yer sotgan pulg‘a qiziqg‘anlarni maishat,
tirikchilik toshqini va to‘lquni kelub urub, parcha-parcha qilmog‘ida shubha yo‘qdur. 100
so‘mlik yerimiz bora-bora obod bo‘lub, 5 – 10 ming so‘mg‘a ham chiqar, buni yaxshi
o‘ylamoq kerak.
284
Er va tuproq sotgan bola-chaqa va naslini sotgan bilan barobardur. Bir ota yerini
sotdi demoq bola-chaqa va naslini to qiyomat och va yalang‘och qoldurdi demoqdur.
Vatan, tuproq shundog‘ onadurki, buni xo‘r qilduk, o‘zimizning ham xo‘r bo‘lmog‘imiz
ko‘z oldidadur. Yer sotub xonavayron bo‘lganlardan ibrat olayluk! Janob Haq ikki ko‘z
va aql berubdur. Ko‘zlarimiz ila ko‘rub, aqlimiz ilan o‘ylayluk! O‘zimiz dunyog‘a
yalang‘och kuyuncha kelub, onamiz, vatanimiz, tuproqimiz bizni boqar, rizq berar, katta
qilar, dunyoda yashatar, ul onani sotganlar, albatta, ne’matning qadrini bilmagan kufroni
ne’mat qilgan bo‘larlarki, ko‘b yomon gunohg‘a botarlar.
Tuproqdan yaratilduk, demak, tuproq tanimizdur. O‘z tanimizni o‘zimiz sotsak,
beaqllik emasmu? Ajabo!
Vatanimiz avval obod emas edi. Mana, temiryo‘llar kelmog‘i va solinmog‘i bilan
obod bo‘lar, qishloqlarg‘a ham madaniyat kirar.
Ey qarindoshlar! Shaharliklar bo‘lduk! Bo‘lduk! Ammo qishloqlilardan katta
iltimosimiz shuldurki, Ovruponing mo‘dasidan, shishasidan, buzuq axloqidan namuna
olmasdan va bunlarg‘a bul jihatdan taqlid qilmasdan, balki ilm, fan, hunar, sanoatga
o‘xshashlik madaniyatlaridan namuna olub, bul jihatdan taqlid qilmoqingiz lozimdur.
Ovruponing mo‘dasi va buzuq axloqi sizlarni xonavayron, bevatan asir-qul qiladur.
Bundan
saqlaningiz!
Ovruponing maktab, madrasa, ilm, fan, san’at, hunarga o‘xshash madaniyatlari sizlarni
obod, ma’mur olim qilub, johillikdan, asorat-qullikdan qutulduradur. Birodarlar,
ko‘zlaringizni ochub, yaxshi o‘ylanglar!
Mana shul Farg‘ona temiryo‘lida bir suyunadurgan ish bordurki: 700 tanobcha
yerga istansiya vagzal va skalad qilmoq ishini (podratini) Namangandan turub asl
toshkandlik muhtaram mulla Abdulloh afandi Hamidullayev olmishdur. Vagzalni
tomosha qilmoq uchun borganimizda, mulla Abdulloh afandining ukasi Abdulaziz afandi
ila ko‘rushganimizda, Abdulaziz afandi taassuf qilub dediki: Shundog‘ katta
muassasalarning foydasini ovrupolilar ko‘rub, onlarning qo‘llarig‘a o‘tayotganiga
ichimiz achishub, «Namangan» istansiyasini bino qilmoqg‘a ham olgan edik. Endi, mana,
Andijon katta istansiyasini ham oldik», – deydur. «Vagonlab tsement kelub turmoqdadur.
Sementdan xishtlar qo‘yub turadurlar. Birinchi boshlab istansiyalarg‘a armani va ruslar
kelub o‘turmoqdadur. Bechora musulmonlar bo‘lsa yerlarini oylik qilub bermoqdadurlar.
285
Hozirdan ijaraga bersalar, bora-bora oz pul bilan sotub ham qo‘yarlar. Vagzalg‘a yaqin
yerlarda istansiya atrofida endi g‘ayr millat ko‘rinmoqg‘a boshladi», – deydur. Mana
shundog‘
gaplarni
Abdulaziz
afandi
bilan
so‘zlashib
o‘lturdik.
Qarindoshlar, diqqat lozim! So‘ng pushaymon bo‘lmoqdan foyda yo‘qligi hammamizg‘a
ma’lumdur. Hech bo‘lmasa, Abdulla afandidek namuna ko‘rsatg‘uchi fidokor
savdogarlarimizdan ibrat olub vatanimizning boyligini, tijoratimizning foydalarini
chetlar cho‘ntagiga solmasdan va bermasdan o‘z cho‘ntagimizda olub yurmagimiz
kerakdur.
Bizga shundog‘ ishlarg‘a kirushmoqg‘a vaqt!..
Biz ham insonmiz, insondek yashayluk!.. Maishat to‘lquni bilan urushayluk!
Qarindoshlar!.. Vaqt g‘animatdur.
«Sadoi Farg‘ona»: Aholi rizo bo‘lmaganda temir yo‘li masjid va madrasani hech
bir vaqt vayron qilub o‘tmas, rizolik bilan o‘tkanda ham muning uchun katta pullar berub
o‘tar.
Maqola «Sadoi Farg‘ona» gazetasining 1914 yil 6 iyun sonida «Cho‘lpon» imzosi
bilan bosilgan. Keyin «Vatan» gazetasining 1994 yil 5 oktyabr sonida (nashrga
tayyorlovchi Ulug‘bek Sulton), 2000 yili «Turkiston matbuot tarixi (1870 – 1917)»
kitobida qayta nashr qilingan.
«Sadoi Farg‘ona» gazetasi asosida nashrga tayyorlandi.
Hazrat Ayyub nomi bilan atalgan joyning hozirgi nomlanishini aniqlay olmadik.
O‘sal – yaramas.
Bebaqo minglar – bevafo pullar ma’nosida.
Muhib (arab.) – sevuvchi, do‘st tutuvchi; gazeta muhiblarimiz – gazetxonlar
ma’nosida.
Do'stlaringiz bilan baham: |